Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzurida Toshkent xalqaro arbitraj markazini (TIAC) tashkil etish toʻgʻrisida

10:17 06 Noyabr 2018 Hujjatlar
326 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda yuqori darajada qulay investitsiya muhitini shakllantirish maqsadida iqtisodiyotni liberallashtirish, sarmoyadorlar, ayniqsa, xorijiy investorlar faoliyati uchun qulay huquqiy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, xalqaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Oʻzbekistonda biznes subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda nizolarni hakamlik sudlarida hal qilish mexanizmining joriy etilgani alohida ahamiyatga ega. 

Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari, avvalo, xorijiy investorlarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga toʻsqinlik qilayotgan qator tizimli muammolar mavjud. Xususan: 

birinchidan, Oʻzbekiston hududida xalqaro arbitrajlar faoliyatini tartibga soladigan normativ-huquqiy bazaning mavjud emasligi nizolarni hal etish uchun xorijiy davlatlar hududida joylashgan xalqaro arbitrajlarga murojaat qilishga majbur boʻlayotgan xorijiy investorlar va mahalliy tadbirkorlik subyektlari sarf-xarajatlarining oshishiga olib kelmoqda; 

ikkinchidan, amaldagi qonun hujjatlari, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi qonuni tomonlarning investitsiyalar bilan bogʻliq nizolarni xalqaro arbitraj sohasidagi standartlarga muvofiq, xorijiy arbitrlarni jalb etgan hamda xorijiy huquqni qoʻllagan holda koʻrib chiqish imkoniyatlarini cheklamoqda; 

uchinchidan, Oʻzbekistonda xalqaro arbitraj qarorlarini ijro etishning aniq huquqiy mexanizmlari shakllantirilmaganligi xorijiy investorlarning mamlakatimiz sud-huquq tizimiga boʻlgan ishonchiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda, oqibatda respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini pasaytirmoqda; 

toʻrtinchidan, mahalliy arbitrlar va xalqaro arbitraj sohasidagi boshqa mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan. 

Investitsiyalar bilan bogʻliq nizolarni xalqaro arbitraj orqali hal etishning zamonaviy va xalqaro standartlarga asoslangan mexanizmlarini shakllantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi kafolatlarini mustahkamlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida: 

1. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Adliya vazirligining nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Toshkent xalqaro arbitraj markazini tashkil etish (keyingi oʻrinlarda – Markaz) toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin: 

a)turli davlatlarda joylashgan tijorat tashkilotlari, shu jumladan, xorijiy investorlar oʻrtasida yuzaga keladigan shartnomaviy va boshqa fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni, xususan, investitsiyalar, intellektual mulk va blokcheyn texnologiyalari bilan bogʻliq nizolarni xalqaro arbitraj orqali hal etishni tashkil etish; 

b) nizolarni xalqaro arbitraj va nizolarni hal etishning boshqa muqobil usullari orqali hal etish mexanizmlarini rivojlantirish va takomillashtirish; 

v) yetakchi xorijiy arbitrajlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, xalqaro arbitraj orqali nizolarni hal etish sohasida tajriba almashish, shuningdek, Markazda nizolarni hal etishga xorijiy arbitrlarni jalb qilish; 

g) xalqaro arbitraj, shu jumladan, investitsiyalar bilan bogʻliq nizolarni suddan tashqari hal etish sohasida mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda tadqiqotlar oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish; 

d) mahalliy va xorijiy xoʻjalik yurituvchi subyektlar, xususan, xorijiy investorlarga investitsiya bilan bogʻliq, shu jumladan, tomonlardan biri davlat boʻlgan nizolarning vujudga kelishining oldini olish sohasida konsultatsiya xizmatlarini koʻrsatish. 

2. Belgilansinki: 

Markazga arbitr sifatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan mutaxassislar bilan bir qatorda xorijiy davlatlar fuqarosi boʻlgan malakali arbitrlar ham jalb etilishi mumkin; 

tomonlarning kelishuviga koʻra, nizolarni hal etishda Markaz arbitrlari tomonidan boshqa, shu jumladan, xorijiy davlatning huquqi qoʻllanishi mumkin; 

Markaz arbitrlarining qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi hududida hakamlik sudlari qarorlarini ijro etish uchun qonun hujjatlarida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida koʻzda tutilgan tartibda ijro etiladi; 

Markazda yozishmalar va ish yuritish oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi; 

sudlar oʻz vakolatlari doirasida va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda arbitraj ishlari koʻrilishida dalillar olish, toʻplash, Markaz arbitrlari qarorlarining ijrosini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrish borasida Markazga koʻmaklashadi; 

Markazning Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti boʻlgan arbitrlari arbitr funksiyalarini bajargani uchun gonorar sifatida olingan mablagʻlar qismi uchun jismoniy shaxslarning daromadidan olinadigan soliq toʻlashdan ozod etiladi; 

nizolarni xalqaro arbitraj yoʻli bilan hal etishga xorijiy davlatlar fuqarolarini Markaz arbitrlari va ekspertlar sifatida jalb etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma olish talab etilmaydi; 

nizoni xalqaro arbitraj orqali koʻrib chiqish uchun arizalarni qabul qilish, shuningdek, eshituvlar va boshqa protsessual harakatlarni oʻtkazish zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda onlayn tartibda, arbitrlar va tomonlarning ishtirokisiz amalga oshirilishi mumkin; 

Markazda nizolarni xalqaro arbitraj orqali hal etishda ishtirok etayotgan tomonlarning vakillarida arbitraj qarorlari Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli sudlarida qayta koʻrib chiqilganda, shuningdek, Markazda koʻrib chiqilayotgan arbitraj nizolari boʻyicha har qanday masalalar belgilangan tartibda koʻrib chiqilganda advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyaning mavjud boʻlishi talab etilmaydi; 

Markaz qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nizolarni mediatsiya tamoyilini oʻtkazish orqali hal etish va nizolarni hal etishning boshqa muqobil usullarini qoʻllash huquqiga ega; 

yuridik shaxslarning Markazda nizoni koʻrib chiqish bilan bogʻliq arbitraj xarajatlarini toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlari qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladi; 

Markaz oʻz nomi tushirilgan blank va dumaloq muhrga, tijorat banklarida milliy va chet el valyutasidagi bank hisobvaraqlariga ega boʻlishi mumkin. 

3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, YEXHT va BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonalari tomonidan Markaz faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va uni tashkil etishda koʻmaklashishga qiziqish bildirilgan. 

4. Belgilansinki: 

Markaz qoshida uning faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy etishga koʻmaklashish maqsadida arbitraj sohasidagi yetakchi xalqaro va mahalliy mutaxassislardan, shuningdek, jahonning eʼtirof etilgan arbitraj markazlari arbitrlaridan iborat Kuzatuv kengashi tashkil etiladi; 

Markazga Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi tomonidan, qoidaga koʻra, yetakchi xorijiy xalqaro arbitrajlarda arbitr sifatida ishlash tajribasiga ega shaxslar orasidan tayinlanadigan rahbar boshchilik qiladi. 

5. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi belgilangan tartibda: 

ikki hafta muddatda Markaz Kuzatuv kengashi tarkibini shakllantirishni; 

bir oy muddatda Markaz Qoidalari, tuzilmasi hamda asosan yetakchi xorijiy xalqaro arbitrajlarda ishlash tajribasiga ega va Markaz Kuzatuv kengashi tomonidan maʼqullangan arbitrlar roʻyxatini shakllantirish va tasdiqlashni; 

bir oy muddatda yetakchi xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda, ushbu qaror va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasining “Xalqaro savdo arbitraji toʻgʻrisida”gi namunaviy qonuni talablariga muvofiq “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilishini yakunlash va uni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritishni taʼminlasin. 

6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Markazning buyurtmanomalariga koʻra Markaz arbitrlari, Kuzatuv kengashi aʼzolari, ekspertlar, tomonlarning vakillari, Markaz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun jalb etiladigan boshqa xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmagan holda rasmiylashtirilishini taʼminlasin. 

7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Markaz buyurtmanomalariga koʻra Markaz arbitrlari, Kuzatuv kengashi aʼzolari, ekspertlar, tomonlarning vakillari, Markaz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun jalb etiladigan boshqa xorijiy mutaxassislarga va ularning oila aʼzolariga vizalar muddati uzaytirilishini, shuningdek, ular vaqtincha yashaydigan joyda vaqtinchalik roʻyxatga olish va uning muddatini uzaytirishni davlat bojini undirmagan holda belgilangan tartibda taʼminlasin. 

8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Toshkent shahri, Islom Karimov koʻchasi, 11-uy manzilida joylashgan binoning Savdo-sanoat palatasiga Markazni joylashtirish uchun begʻaraz asosda berilishini taʼminlasin. 

9. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markazni belgilangan tartibda imtiyozli asosda zarur aloqa vositalari bilan hamda yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin. 

10. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga Markazning zarur mebel, anjomlar, kompyuter va ofis texnikasi bilan, shuningdek, xonalarning arbitraj eshituvlarini, shu jumladan, onlayn rejimda oʻtkazish uchun jihozlanishiga koʻmaklashish tavsiya etilsin. 

11. Savdo-sanoat palatasi va Markaz 2021-yil 1-oktyabrga qadar Markazni jihozlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, oʻquv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, anjomlar va moddiy-texnik resurslar uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin. 

12. Savdo-sanoat palatasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi arbitrajlari qarorlari ustidan shikoyat qilish va ularni ijro etish tartibini belgilaydigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                             Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 5-noyabr


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?