Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

18:25 13 Dekabr 2018 Hujjatlar
731 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi

Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻtkazilayotgan islohotlar mamlakatimizning mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, barqaror rivojlanishi va xalqimiz tinchligini yanada ishonchli himoyasini taʼminlash imkonini bermoqda.

Milliy armiya jamiyatimizning ajralmas qismiga hamda oʻsib kelayotgan yosh avlod va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning faol hayotiy pozitsiyasini mustahkamlash, mamlakat kelajagi uchun fuqarolik masʼuliyati hissini oshirishga xizmat qiluvchi yetakchi institutga aylanmoqda.

Bugungi kunda Vatanni himoya qilish yoshi, faoliyat sohasi va kasbidan qatʼiy nazar har bir fuqaroning chinakam sharafli burchidir va aynan shu sababli respublikada Vatan himoyachilari kuni bayramini nishonlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini munosib kutib olish va uni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, aholida milliy armiyadan faxrlanish va unga boʻlgan ishonch hissini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishga bagʻishlangan vatanparvarlik oyligini 2018 yil 15 dekabrdan 2019 yil 15 yanvarga qadar oʻtkazish boʻyicha tadbirlar Dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

Vatan himoyachilari kunining keng nishonlanishini taʼminlash davlat va jamoat tashkilotlarining birinchi navbatdagi vazifalaridan biri hamda Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining sharafli burchi deb hisoblansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tadbirlarni tashkillashtirish va oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda – Ishchi guruh) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Ishchi guruh harbiy-maʼmuriy sektorlar bilan hamkorlikda:

Dasturda belgilab berilgan bayram tadbirlarini “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” degan umumiy gʻoya ostida tashkiliy jihatdan yuksak saviyada amalga oshirilishini;

bayram tadbirlariga keng aholi qatlamlarini, ayniqsa yoshlarni jalb qilgan holda uyushqoqlik bilan tayyorgarlik koʻrish va sifatli oʻtkazish masalalarida mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va taʼlim muassasalarining hududlarda joylashgan harbiy qism va muassasalar bilan yaqindan hamkorlik qilinishini;

davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari tomonidan oʻzlari tahsil olgan oliy taʼlim muassasalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablarida “Mardlik va jasorat” mavzusidagi darslar oʻtkazilishini;

yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirish, Vatanimizning gullab-yashnashida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining oʻrnini hamda Vatan himoyachilari kuni bayramining fuqarolarimiz hayotida tutgan ahamiyatini Oʻzbekistonda yashovchi har bir insonga va har bir oilaga yetkazishni taʼminlasin.

4. Harbiy-maʼmuriy sektor rahbarlari:

Dasturda belgilangan tadbirlarni joylarda oʻtkazish boʻyicha vazifalarni ularning zimmasiga yuklagan holda Vatan himoyachilari kuniga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha hududiy tashkiliy qoʻmitalarni tuzsin hamda ularga shaxsan rahbarlik qilsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tantanali yigʻilishlar, konsert dasturlari va boshqa bayram tadbirlarini oʻtkazish grafiklarini ishlab chiqsin hamda oʻtkazilayotgan tadbirlarda aholining barcha qatlamlari vakillari, yoshlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ishtirok etishini taʼminlasin;

davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar, oʻz kasbining ustasi unvoni uchun oʻtkazilgan koʻrik-tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari hamda jangovar-xizmat faoliyatida yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan harbiy xizmatchilarni qutlash boʻyicha tantanali bayram tadbirlarini oʻtkazsin;

Harbiy vatanparvarlik yoʻnalishida eng yaxshi mahalla, eng yaxshi “Jasorat” klubi, eng yaxshi harbiy qismning Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti va eng yaxshi boshlangʻich chaqiruvga qadar tayyorgarlik oʻqituvchisi tanlovlarining oʻtkazilishi va gʻoliblarning ragʻbatlantirilishini taʼminlasin;

koʻchalar, maydonlar va tantanali tadbirlar oʻtkaziladigan joylarning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan plakat va stendlar bilan bayramona bezatilishi, shuningdek, madaniyat va istirohat bogʻlarida mavzuga doir koʻrgazma va ekspozitsiyalar tayyorlanishini tashkillashtirsin;

tegishli vazirlik va idoralar bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoyalashga yoʻnaltirilgan tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi va “Oʻzbekkino” milliy agentligi Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkarda va ajdodlarimizni, shuningdek, qahramonona ishlar qilgan turli ixtisosliklardagi harbiy xizmatchilar va zamondoshlarimizni yuksak vatanparvarlik, fidoyilik va sadoqatliliklarini ochib beradigan, ruhlantiruvchi sheʼrlar va kuylar, kino, teatr va tasviriy sanʼat asarlarini tayyorlash va namoyish etish ishlarini jadallashtirsinlar.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati “Eng ilgʻor serjant”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri”, “Eng ilgʻor batalon komandiri”, “Eng ilgʻor brigada komandiri”, “Eng ilgʻor qoʻshilma”, “Eng ilgʻor oliy harbiy taʼlim muassasasi” va “Eng ilgʻor mudofaa ishlari boshqarmasi” nominatsiyalari boʻyicha oʻz kasbining ustasi unvoniga oʻtkazilgan respublika tanlovi yakunlarini chiqarsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bilan hamkorlikda tantanali tadbirlar oʻtkaziladigan joylardagi jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda oʻtkazilayotgan bayram tadbirlarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini, Qurolli Kuchlarni isloh qilish va rivojlantirish borasida qoʻlga kiritilgan yutuqlar, shuningdek, armiyadagi harbiy xizmatning nufuzini oshirishga qaratilgan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoyalash masalalariga bagʻishlangan maqolalar, turkum telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar tashkil etilishini taʼminlasin.

9. Vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari Dasturni amalga oshirish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni har yili ajratiladigan byudjet mablagʻlari, byudjetdan tashqari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa moliyalashtirish manbalari hisobidan amalga oshirsin.

10. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V. V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti   Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2018 yil 13 dekabr


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?