Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida

08:53 19 Aprel 2019 Hujjatlar
575 0

Oʻzbekiston Respublikasi ­Prezidentining Qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5708-sonli Farmonini ijro etish va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi faoliyatini takomillashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 132 nafardan iborat Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining tuzilmasi, viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 3 va 4-ilovalarga muvofiq;

tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimlarining namunaviy tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 5 va 5a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziriga:

zarur hollarda boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida Vazirlik markaziy apparati, Vazirlik huzuridagi tashkilotlar va muassasalar tuzilmasiga oʻzgartishlar kiritish;

Vazirlikning hududiy boʻlinmalari tuzilmalarini va boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida ularning boshqaruv xodimlari cheklangan sonini tasdiqlash;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchi sifatida jalb qilish;

malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda ish haqi miqdori hamda boshqa toʻlovlarni chet el valyutasida belgilash huquqi berilsin.

3. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda bilim tarqatuvchi mutaxassis va trenerlarni tayyorlash uchun Toshkent davlat agrar universiteti hamda uning Nukus, Andijon va Termiz filiallari huzurida oʻzini oʻzi moliyalashtirish asosida faoliyat koʻrsatadigan agrotexnologiyalar boʻyicha axborot-maslahat markazlari (extension center) tashkil etilishini taʼminlasin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari agrotexnologiyalar boʻyicha axborot-maslahat markazlari (extension center) tashkil etilishini, joylashtirilishini va samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlasin.

4. Vazirlik:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda integratsiyalashgan elektron axborot ayirboshlash tizimi va portali, shuningdek, agrotexnologiyalar boʻyicha axborot-maslahat markazlari (extension center) tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining texnik koʻmagi va grant mablagʻlarini jalb etish masalasini belgilangan tartibda koʻrib chiqsin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda 2020 yil 1 yanvarga qadar respublika hududlarining ishlab chiqarish va investitsiya salohiyati, zaxira yerlari toʻgʻrisidagi axborotlar, statistik va gidrometeorologik maʼlumotlar, infratuzilma obyektlari va kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlanganligi hamda sohaga doir boshqa maʼlumotlardan iborat “invest.gov.uz/agro” Oʻzbekiston investitsiya portalida tegishli axborot bloki va uning mobil ilovasi yaratilishini taʼminlasin.

5. Belgilansinki, 2019 yil 1 maydan:

Vazirlik markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsienti 1,4 baravar oshirgan holda qoʻllaniladi;

hududiy boʻlinmalar xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsienti 1,2 baravar oshirgan holda qoʻllaniladi.

Ushbu bandni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

6. Vazirlik bir oy muddatda:

a) Vazirlikning yangi tashkil etilgan tarkibiy va idoraviy boʻysunuvidagi boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, shuningdek, Vazirlik markaziy apparati xodimlarining lavozim yoʻriqnomalarini tasdiqlasin;

Vazirlikning markaziy apparati va uning hududiy boʻlinmalarini zarur nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarga, Vazirlikka yuklatilgan vazifalarni professional darajada amalga oshirish qobiliyatiga ega boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirsin;

b) xalqaro tashkilotlarning va xorijiy mamlakatlar moliyaviy muassasalarining texnik koʻmagi hamda grant mablagʻlarini jalb qilgan holda hududlarda agrotexnologiyalar boʻyicha axborot-maslahat markazlari (extension center) tarmoqlarini bosqichma-bosqich tashkil etishga doir “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin;

v) aniq koʻrsatkichlar va maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan Vazirlik, uning boʻlinmalari va ular rahbarlarining faoliyatini baholashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan qishloq xoʻjaligini strategik rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash dasturlarini amalga oshirish sifati hamda samaradorligini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlarni koʻrsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.

8. Vazirlik ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z. Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                              Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019 yil 17 aprel


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?