Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiyaning “Renessans Xolding“ kompaniyasi delegatsiyasini qabul qildi

20:39 09 Mart 2020 Siyosat
225 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-mart kuni Turkiyaning yetakchi injiniring va qurilish kompaniyasi — “Renessans Xolding“ prezidenti Erman Ilijak boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ushbu uchrashuv oʻtgan oy Anqarada oʻtgan oliy darajadagi Oʻzbekiston-Turkiya muzokaralarining mantiqiy davomi boʻldi.

Bugungi kunda “Renessans Xolding” kompaniyasi mamlakatimizda umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod boʻlgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

Xususan, Toshkent viloyatining yetakchi metallurgiya korxonalari negizida zamonaviy obyektlar – loyihaviy quvvati yiliga 60 million tonna boʻlgan mis boyitish fabrikasi va quvvati 1 million tonnagacha boʻlgan metall prokati ishlab chiqarish majmuasini barpo etish loyihalari tayyorlanmoqda.

Uchrashuvda ushbu loyihalar doirasidagi amaliy ishlarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Turkiya kompaniyasining Toshkent, Samarqand va Fargʻonada ilgʻor xalqaro tajriba va texnologiyalarni jalb qilgan holda koʻp tarmoqli shifoxonalar tashkil etish borasidagi loyihaviy takliflari taqdimoti oʻtkazildi.

Mazkur loyihalar davlat-xususiy sherikligi asosida amalga oshiriladi, shuningdek, turkiyalik sheriklar shifoxonalarni boshqarish va yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Bundan tashqari, muhim ijtimoiy obyektlarni rekonstruksiya qilishda, injiniring, loyihalashtirish va qurilish sohalarida hamkorlik imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

 

 



Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?