O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

10:03 20 Aprel 2018 Siyosat
392 0

Hurmatli do‘stlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, sizlarni Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi yakunlangani va uning ishga tushirilishi munosabati bilan o‘tkazilayotgan bugungi tantanali marosimda qutlab, ushbu muhim voqea bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.

Birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini kengaytirish va mustahkamlash masalalariga doimo ahamiyat berib, katta e’tibor qaratib kelayotgani uchun minnatdorlik bildiraman.

Ana shunday muhim qo‘llab-quvvatlash tufayli bunday keng ko‘lamli loyiha atigi ikki -yilda amalga oshirildi.

Qandim majmuasining ishga tushirilishi, hech shubhasiz, xalqlarimiz farovonligiga va O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilishini alohida ta’kidlashni istardim.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, Rossiya Federatsiyasi Hukumati va Rossiya Federatsiya-si energetika vaziri janob Aleksandr Valentinovich Novak, “Lukoyl” kompaniyasi boshqaruvi raisi janob Vagit Yusufovich Alekperov, “Xunday Injiniring” kompaniyasi prezidenti janob Song Sang Rok, Rossiya Federatsiyasi va Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchilariga va boshqa hamkorlarimiz, mamlakatimiz hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillariga biz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu tadbirda ishtirok etayotgani uchun o‘zimning tashakkurimni izhor etaman.

Qadrli mehmonlar!

Biz O‘zbekistonda qabul qilgan Harakatlar strategiyasining samarali va keng miqyosda amalga oshirilayotgani sanoatning yetakchi tarmoqlarini jadal rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari oqimi ko‘paymoqda, xorijiy -sheriklar bilan barcha tarmoqlar, jumladan, yoqilg‘i-energetika majmuasi bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorligimiz kengaymoqda.

O‘zbekistonda innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish borasida sifat jihatidan yangi bosqichda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar doirasida biz neft-gaz sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Bugungi kunda tarmoqda amaldagi aktivlar samaradorligini oshirish, yuqori texnologiyalarga asoslangan qudratli ishlab chiqarish bazasini yaratish, uglevodorod xom ashyosini qazib olish hajmini ko‘paytirish, uni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan yangi turdagi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning eksportini tashkil etishga qaratilgan siyosat izchil amalga oshirilmoqda.

Katta hajmdagi investitsiya portfeli va boy xom ashyo bazasi bizga, eng ilg‘or bilimlar va g‘oyat samarali texnologiyalarni joriy etishga alohida ahamiyat qaratgan holda, sohani kompleks rivojlantirishga o‘tish imkonini berdi.

Hurmatli do‘stlar!

Biz O‘zbekistonda o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash, ikki tomon uchun ham foydali va -umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida shakllangan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yuksak baholaymiz va qadrlaymiz. 

Bizning oliy darajadagi uchrashuvlarimiz natijasida erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimizning ko‘p qirrali amaliy hamkorligini yanada rivojlantirish uchun g‘oyat keng imkoniyatlar yaratdi va uni yangi bosqichga ko‘tardi.

Rossiya bizning savdo va investitsiya sohasidagi eng yirik an’anaviy hamkorimizdir. Hozirgi kunda o‘zaro savdo hajmi muttasil ortib bormoqda, birgalikda ustuvor ahamiyatga molik investitsiyaviy dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

Rossiyaning yetakchi energetika kompaniyalari va banklari bilan sheriklikda hamkorligimizning lokomotiviga aylangan neft-gaz sohasida yirik loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. 
Tabiiy gaz va neft yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar muvaffaqiyatli bajarilmoqda, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasida o‘zaro samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Bizning vaqt va hayot sinovidan o‘tgan asosiy, strategik hamkorimiz — energetika sohasida dunyoda yetakchi o‘rin tutadigan “Lukoyl” kompaniyasidir. 

Biz ko‘p yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Qandim guruhiga kiradigan konlar, Havuzak va Shodi, Janubi-g‘arbiy Hisor konlarini qazish va o‘zlashtirish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirganimiz buning yorqin misolidir.

O‘tgan oyda O‘zbekistonda “Lukoyl” kompaniyasining birinchi yoqilg‘i quyish shoxobchasi ishga tushirildi.

Bu bizning sherikligimiz samarasining yaqqol misoli bo‘lib, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning muvaffaqiyatli rivojlanishiga xizmat qilishini alohida ta’kidlamoqchiman.

Bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz, avvalambor, mamlakatimizning tabiiy boyliklaridan oqilona va samarali foydalanishga, yuqori texnologiyalarga asoslangan va -eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari! 

Bundan roppa-rosa ikki yil avval, 19 aprel kuni biz siz bilan ushbu ob’ekt tamal -toshini qo‘yishga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etib, mazkur loyiha qurilishi -boshlanishiga start bergan edik.

Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz va mutaxassislarning yuksak mahorati tufayli -Markaziy Osiyodagi eng yirik inshootlardan biri bo‘lgan mazkur majmua qisqa muddatda qurib bitkazildi.

O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 3 milliard dollardan oshganini alohida qayd -etmoqchiman.

Qurilish “Xunday Injiniring”, “Posko” va “Dji-Es”, “Enter Injiniring” kabi dunyoga mashhur kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Bunda “BASF”, “Yakobs”, “Xanivell” va boshqa ko‘plab xorijiy yetakchi kompaniyalarning ilg‘or texnologiyalari, ilmiy ishlanmalari tatbiq etildi. Mazkur qurilishga yuqori malakali xorijiy mutaxassislar ham jalb qilindi.

Sizlarning barchangizga ushbu keng ko‘lamli loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishga qo‘shgan hissangiz uchun samimiy minnatdorlik bildirmoqchiman.

Bu loyihaning ahamiyati bebaho ekanini ta’kidlash o‘rinlidir.

Majmuaning foydalanishga topshirilishi yiliga 8 milliard kub metrdan ortiq tabiiy gaz qazib olish va uni qayta ishlash, tozalangan tovarbop gaz hamda 130 ming tonnadan ziyod barqaror gaz kondensatini olish imkonini beradi.

Eng muhimi, 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari, zamonaviy ijtimoiy infratuzilma tarmoqlari yaratildi. 

Bu borada majmua qurilishida ishtirok etgan minglab yosh mutaxassislar ilg‘or texnologik yechimlar va yuqori xalqaro sifat standartlari asosida eng yirik ishlab chiqarish ob’ektlarini jadal qurish bo‘yicha zamonaviy usullarni o‘zlashtirgani, bu yerda orttirgan ko‘nikma va tajribasini kelgusida mamlakatimizda yangi loyihalarni amalga oshirishda qo‘llash imkoniga ega bo‘lgani muhim ahamiyat kasb etadi.

Hurmatli mehmonlar va marosim qatnashchilari! 

Fursatdan foydalanib, bizning do‘stlarimiz va hamkorlarimizga, ko‘p sonli mutaxassislar, muhandis va quruvchilarga, o‘zining fidokorona mehnati va kasb mahorati bilan ushbu zamonaviy sanoat majmuasini barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga yana bir bor o‘zimning samimiy minnatdorligimni izhor etaman.

Hech shubhasiz, bugun ishga tushirilayotgan, o‘zining ko‘lami va texnologiyalari bo‘yicha noyob bo‘lgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi bizning tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorligimiz va sherikligimizning yana bir timsoliga aylanadi, mamlakatimizning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladi.

E’tiboringiz uchun rahmat.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?