Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning koʻp tarmoqli “Humo arena” sport kompleksining tantanali ochilish marosimidagi nutqi

02:28 16 Mart 2019 Siyosat
372 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Hurmatli Xalqaro xokkey federatsiyasi prezidenti Rene Fazel janoblari!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, sizlarni Navroʻz bayrami arafasida, goʻzal bahor kunlarida Oʻzbekiston zaminida samimiy qutlayman. Barchangizga chuqur hurmatim va eng ezgu tilaklarimni bildirishdan benihoya mamnunman.

Bugun poytaxtimiz markazida ishga tushirilayotgan zamonaviy sport koshonasi — “Humo arena”ga tashrif buyurib, quvonchimizga sherik boʻlayotganingiz uchun sizlarga katta rahmat!

Ushbu tantanali marosimda ishtirok etayotgan jahon sporti yulduzlari, mashhur madaniyat va sanʼat arboblari, diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari, yetakchi kompaniyalar rahbarlariga qarata aytmoqchiman:

Xush kelibsiz, mehmondoʻst Oʻzbekiston zaminiga!

Aziz doʻstlar!

Bugun biz yurtimizda keng koʻlamli islohotlar va jadal oʻzgarishlarni amalga oshirmoqdamiz. Va bu yoʻlda jismoniy sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish bizning ustuvor vazifamiz va biz buning uchun bor kuch va mablagʻlarimizni safarbar etamiz.

Shu maʼnoda, biz jismoniy tarbiya va sportga alohida eʼtibor bermoqdamiz.

Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida, hatto eng olis tumanlarda ham zamonaviy va foydalanish uchun qulay sport infratuzilmasi barpo etilmoqda. Keyingi ikki yilda mamlakatimizda sport bilan doimiy shugʻullanadiganlar soni ikki barobar koʻpaydi.

Yurtimiz sportchilari turli xalqaro musobaqalarda mingdan ziyod medallarni qoʻlga kiritdi, ulardan 400 dan ortigʻi oltin medallardir. Hozirgi vaqtda boks, dzyudo, erkin kurash, badiiy gimnastika, shaxmat va boshqa sport turlari boʻyicha Oʻzbekistonda shakllangan maktablar butun dunyoda maʼlumu mashhurdir.

Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan nufuzli xalqaro musobaqalar, jumladan, dunyo va qitʼa chempionatlari soni yil sayin ortib bormoqda. Biz 2030 yilda Oʻzbekistonda yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqdik.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Biz sportchilarimiz qishki sport oʻyinlari, jumladan, eng qiziqarli boʻlgan figurali uchish, xokkey, togʻ-changʻi sporti, fristayl, snoubord va boshqa sport turlari boʻyicha Vatanimiz shaʼnini munosib himoya qilishiga intilmoqdamiz.

Oʻtgan asrning yetmishinchi yillaridayoq Toshkentda “Yubileyniy” muz sporti saroyi, “Binokor” xokkey jamoasi, Toshkent viloyatida togʻ-changʻi trassasi mavjud boʻlgan.

Bizning bu borada erishgan yutuqlarimiz orasida fristayl boʻyicha qishki Olimpiya oʻyinlari va jahon chempionatida qoʻlga kiritilgan oltin medallar, figurali uchish boʻyicha Osiyo oʻyinlari va boshqa xalqaro musobaqalarda erishilgan 70 dan ziyod medallar borligini taʼkidlash lozim.

Biz sport sohasidagi ana shunday shonli anʼanalarni davom ettirishni oʻz burchimiz deb bilamiz.

Oʻtgan yili mamlakatimizda toʻrtta xokkey klubi tashkil etildi. Bu yil fevral oyida shaybali xokkey boʻyicha birinchi bor Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi.

Oʻzbekiston sportchilari yaqinda Krasnoyarskda oʻtkazilgan Butunjahon qishki universiadasida ilk bor ishtirok etdi.

Ushbu zamonaviy muz saroyining ishga tushirilishi Oʻzbekiston sporti tarixida yangi bosqichni boshlab beradi, desak, oʻylaymanki, mubolagʻa boʻlmaydi.

Mazkur inshoot oʻzining ilgʻor meʼmoriy va muhandislik-qurilish yechimlari, texnik jihozlanish darajasiga koʻra noyobdir. Biz hamkorlarimiz — yetakchi kompaniyalarning eng soʻnggi ishlanmalarini jalb etishga harakat qildik.

Ishonchim komilki, “Humo arena” yuksak malakali sportchilarni tayyorlash va Oʻzbekistonda yirik xalqaro musobaqalar tashkil etish va eng asosiysi — yoshlarimizni qishki sport turlariga keng jalb etishga xizmat qiladi.

Bunday majmua va markazlarni biz kelgusida yurtimizning boshqa hududlarida ham barpo etamiz.

Shu munosabat bilan bugungi tadbirda ishtirok etayotgan hurmatli mehmonlarimiz — mashhur sportchi va murabbiylar — dunyo sporti yulduzlariga murojaat qilib, aytmoqchiman: biz sizning qoʻllab-quvvatlashingiz, bilim va mahoratingiz, ulkan professional tajribangizga ishonamiz.

Qadrli doʻstlar!

Bizning poytaxtimizga uzukka koʻz qoʻygandek yarashib turgan, sizlarning ishtirokingizda foydalanishga topshirilayotgan bu zamonaviy sport saroyi ushbu yoʻnalishdagi ishlarning dastlabki amaliy natijasidir.

Toʻliq ishonch bilan aytish mumkinki, barcha xalqaro talablarga javob beradigan ushbu noyob kompleks sportni sevadigan xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbidagi orzuning amaliy ifodasi boʻldi.

Ana shu orzuni haqiqatga aylantirgan, qisqa muddatda shunday ulugʻvor majmuani barpo etgan loyihachi, meʼmor, quruvchi va muhandislarga, chet ellik mutaxassislarga, bu ezgu ishga hissa qoʻshgan barcha insonlarga chuqur minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

Hech shubhasiz, bugungi kun milliy sportimiz tarixida yorqin sahifa boʻlib qoladi.

Butun koʻp millatli xalqimizni, ushbu tadbirimizning barcha ishtirokchilari va mehmonlarini bugungi tarixiy voqea — “Humo arena” sport saroyining ochilishi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Barchangizga tinchlik-omonlik, ulkan zafarlar va yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Eʼtiboringiz uchun katta rahmat.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?