Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

22:09 27 Dekabr 2018 Siyosat
555 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, hamkorlikning qator dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Prezidentlar Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining joriy yil oktyabr oyida mamlakatimizga davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, uni aniq amaliy mazmun bilan boyitgani alohida taʼkidlandi.

Barcha darajada jadal va unumli aloqalar yoʻlga qoʻyilgani, Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

Hududlar va biznes tuzilmalari oʻrtasidagi muloqot faollashdi, madaniy-gumanitar aloqalar kengaydi. Joriy yil kuzda Toshkent shahrida oʻzaro munosabatlar tarixida birinchi marta hududlararo hamkorlik va taʼlim forumlari oʻtkazildi.

Oʻzaro savdo hajmi ortmoqda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berishda “yashil yoʻlak” joriy etilgan. Mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida energetika, neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, oziq-ovqat va boshqa koʻplab tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Aprel oyida Qandim gazni qayta ishlash majmuasi ishga tushirildi, oktyabr oyida yana bir muhim loyiha – Oʻzbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasiga start berildi.

Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida, jumladan, mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallarini ochish boʻyicha qoʻshma dasturlar amalga oshirilmoqda.

Muloqot soʻngida davlat rahbarlari mamlakatlarimiz oʻrtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidlab, yangi yilda Oʻzbekiston va Rossiya xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?