Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Malayziyaga boradi

15:19 16 Dekabr 2019 Siyosat
230 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Rustam Qosimov va Bosh vazir oʻrinbosari Elyor Gʻaniyev boshchiligidagi delegatsiya 2019-yil 19-21-dekabr kunlari Malayziyaga tashrif buyuradi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Mamlakatimizning Malayziyadagi Elchixonasi bergan maʼlumotga koʻra tashrif chogʻida Oʻzbekiston delegatsiyasi “Milliy suverenitetni qoʻlga kiritishda taraqqiyotning roli” mavzusidagi Kuala-Lumpur sammitida ishtirok etadi.

Sammit 2014-yildan beri mamlakat yetakchilari, turli davlatlarning jamoatchilik, ishbilarmonlik, akademik va ilmiy doiralari vakillarining musulmon olami oldida turgan tahdidlarni bartaraf etish boʻyicha fikr-mulohaza va ilgʻor tajribalarni almashish hamda islom tamaddunini qayta tiklashning eng yaxshi yoʻllarini izlab topish boʻyicha hamkorlik maydoni sifatida oʻtkazib kelinmoqda.

Malayziya Bosh vaziri Mahathir Mohammad Sammitning raisi hisoblanadi.

Tadbir ishida Osiyo va Yaqin Sharqning davlat va hukumat rahbarlari hamda boshqa mamlakatlar hukumatlarining yuqori mansabdorlari ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

Oʻzbekiston delegatsiyasi tashrifi dasturida Kuala-Lumpur shahrida qator vazirlik va idoralar, Malayziyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida uchrashuvlar oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasining Malayziyaning qator yetakchi islom universitetlari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan amaliy hamkorligi toʻgʻrisida Bitim imzolash ham rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?