Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qoʻmondonligi qoʻmondonini qabul qildi

20:26 20 Fevral 2019 Siyosat
421 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bosh shtablari boshliqlarining konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qoʻmondonligi qoʻmondoni general Jozef Votelni qabul qildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oʻtgan yili may oyida AQSHga rasmiy tashrif davomida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi samarali muzokaralar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi keng koʻlamli strategik sheriklikda yangi davrni boshlab berganini qayd etdi.

Bugungi kunda koʻp qirrali Oʻzbekiston — AQSH munosabatlari izchil mustahkamlanib bormoqda, innovatsiyalar, sanoat, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qoʻshma dasturlar hamda loyihalar amalga oshirilmoqda. 2018 yilda oʻzaro savdo hajmi ikki barobar koʻpaydi.

Prezidentimiz AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qoʻmondonligi tomonidan tashkil etilayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Qurolli kuchlari shtablari boshliqlarining konferensiyasi ilk bor mamlakatimiz poytaxtida oʻtkazilayotgani hamda bugungi davrning eng oʻtkir muammolaridan biri — Afgʻonistondagi qurolli mojaroni muhokama qilish va uni hal etishga yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish uchun maydon ekanini taʼkidladi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik hamda xavfsizlik sohasidagi sheriklik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Jozef Votel davlatimiz rahbariga samimiy qabul va konferensiyani Toshkentda oʻtkazish imkoniyati uchun minnatdorlik bildirdi.

AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qoʻmondonligi qoʻmondoni ushbu tadbir yakunida tomonlar mintaqada tinchlik va farovonlikni taʼminlash yoʻlida konstruktiv sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan strategiyani ishlab chiqishlariga ishonch bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?