Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti AQSH delegatsiyasini qabul qildi

22:35 10 Dekabr 2018 Siyosat
498 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 dekabr kuni AQSHning Afgʻonistondagi yarashish masalalari boʻyicha maxsus vakili Zalmay Halilzod va AQSH Prezidenti yordamchisining oʻrinbosari, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha katta direktori Liza Kyortisni qabul qildi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Davlatimiz rahbari AQSH delegatsiyasini samimiy qutlar ekan, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanayotgani va izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Joriy yil may oyida AQSHga oliy darajadagi tashrif yakunida erishilgan kelishuvlar strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergani taʼkidlandi.

Turli darajadagi aloqalar faollashdi, samarali siyosiy muloqot va parlamentlararo hamkorlik yoʻlga qoʻyildi, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda, madaniy-gumanitar almashuvlar jadallashmoqda.

Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi har tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi. Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan anʼanaviy yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratayotgani, ushbu mamlakatda tez fursatda tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishi, izchil taraqqiyotni taʼminlash tarafdori ekanini qayd etdi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan infratuzilmaga oid qator ahamiyatli loyihalar bu jarayonga muhim hissa boʻlib qoʻshiladi.

Mozori Sharif – Hirot temir yoʻli va Surxon – Puli Humri elektr uzatish liniyasining qurilishi shular jumlasidan.

Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo hajmi va tranzit yuk oqimini oshirishga xizmat qiladigan bojxona terminalini oʻz ichiga olgan “Termiz-Kargo-markaz” xalqaro logistika markazi tashkil etildi.

Bundan tashqari, Termiz shahrida afgʻon yoshlari taʼlim olayotgan va kasb-hunar egallayotgan Taʼlim markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvda Afgʻonistonda tinchlik muzokaralari jarayonini boshlashda afgʻon xalqining bosh va hal qiluvchi rolini nazarda tutgan butun xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini yanada uzviy muvofiqlashtirish, ushbu mamlakatga iqtisodiy koʻmak loyihalarini ilgari surishda amaliy yordam koʻrsatish zarurligi qayd etildi.

Zalmay Halilzod va Liza Kyortis samimiy qabul uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshni mamlakatlar, jumladan, Afgʻonistonga nisbatan tashqi siyosatiga yuksak baho berildi.

Joriy yil mart oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya yakunlari afgʻon masalasini tinch yoʻl bilan hal etish boʻyicha koʻp jihatdan xalqaro choralar yoʻnalishlarini belgilab bergani va bu boradagi qoʻshma harakatlar uchun asos boʻlgani taʼkidlandi.

Tomonlar Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash maqsadida Afgʻonistondagi vaziyatni hal etish masalalarida oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini qayd etdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?