Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida axborot

09:31 26 Avgust 2019 Siyosat
214 0

2019-yil 24-avgust kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi ishi davom ettirildi.

Majlisda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Senatorlar ishni “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi byudjetini shakllantirish va ijro etishning yangi mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilishdan boshladilar.

Qayd etilishicha, Byudjet kodeksiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonunlarga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartishlar kiritilmoqda. Shunday mexanizm joriy etilmoqdaki, unga koʻra Oliy Majlis palatalari xarajatlar smetalari ularning devonlari tomonidan byudjet qoʻmitalari bilan birgalikda parlamentlararo va xalqaro hamkorlikka doir xarajatlar hisobga olingan holda ishlab chiqiladi hamda Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

Senatorlar taʼkidlashicha, ushbu Qonun qabul qilinishi hokimiyatning oliy qonun chiqaruvchi organi moliyaviy mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng Senat aʼzolari “Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar.

Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan va uning normalarini saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari bilan birxillashtirish maqsadida ishlab chiqildi. Tegishli oʻzgartishlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, konstitutsiyaviy qonunlarga, “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga kiritilmoqda.

Jumladan, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni norma bilan toʻldirilib, unga koʻra fuqarolar yigʻini xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining aʼzolari nomzodlari boʻyicha tavsiyalar taqdim etadi, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilish uchun uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar taqdim etadi, shuningdek saylov komissiyasiga oʻz kuzatuvchilarini yuboradi.

Qonunchilik palatasida Ekologik harakat vakillari uchun deputatlar oʻrinlarini kvotalash instituti bekor qilinishi munosabati bilan “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunlariga tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”giOʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar.

“Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunidan kelib chiqadigan normalarni amalga oshirish maqsadida “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi, “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi”, “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi, “Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisida”gi, “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi qonunlarga jamoatchilik nazorati subyektlari kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 22-avgustdagi qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Shunga muvofiq byudjet jarayonida fuqarolar faol ishtiroki etish imkoniyati, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari mahalliy byudjetlarning parametrlarini hamda ularning ijrosi haqidagi hisobotlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan koʻrib chiqish va tasdiqlash jarayonining ommaviy axborot vositalarida yoritilishini taʼminlaydi.

Kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi prognoz yil uchun Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining loyihalari hamda kelgusi ikki yilga oid byudjet moʻljallari, shuningdek Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yuborilishidan oldin ularning jamoatchilik muhokamasini taʼminlaydi.

Bundan tashqari, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimcha kiritilmoqda. Unga koʻra byudjetdan ajratiladigan mablagʻlardan, byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlaridan foydalanilishi, oʻtkazilgan tanlovlar (tenderlar) va olingan tovarlarning yetkazib berilishi toʻgʻrisida vazirliklar, idoralar, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda boshqa byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tomonidan oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladigan tegishli axborot ham davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborot jumlasiga kiradi.

Qonun qabul qilinishi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishga, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari mablagʻlaridan samarali foydalanishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin parlament aʼzolari “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar.

Qayd etilishicha, Qonunning maqsadi xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdir.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati tashkil etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining 12 ta qonuniga hamda 3 ta kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining terrorizmga qarshi kurashish, tezkor-qidiruv faoliyati, huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha vakolatlari nazarda tutiladi.

Harbiy tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirish maqsadida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan. Jumladan, Muddatli harbiy xizmatni ofitserlar tarkibi lavozimlarida oʻtayotgan ofitserlar uchun va muddatli harbiy xizmatni oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibi lavozimlarida oʻtayotgan harbiy xizmatchilar uchun muddatli harbiy xizmatni oʻtashning yagona muddati belgilangan.

Chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari boʻyicha tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining oʻquv muassasalarida emas, balki Mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari boʻyicha tayyorlash markazlarida amalga oshirilishi nazarda tutadigan norma kiritilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra “Moddiy madaniy meros obyektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga, Soliq kodeksiga, shuningdek Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxatiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritiladi.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarda davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilganlik, buzganlik yoki ularga shikast yetkazganlik, nafaqat koʻp miqdorda zarar yetkazgan huquqbuzarlikni qasddan sodir etganlik, balki koʻp va ancha miqdorda zarar yetkazgan huquqbuzarlikni ehtiyotsizlik tufayli sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining qoʻriqlanadigan tegralarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, shu jumladan oʻzining tarixiy-madaniy qimmatiga koʻra Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida moddiy madaniy meros obyektlari hisoblanmagan binolar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni belgilangan tartibda ruxsatnoma olmasdan qurganlik yoki buzganlik, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik, huquqbuzarliklarni nafaqat qasddan sodir etganlik, balki ehtiyotsizlik tufayli sodir etganlik uchun ham javobgarlik kuchaytirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi normalar bilan toʻldirilmoqda. Unga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti va uning hududiy boshqarmalari tegishli ravishda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni koʻzlab qilingan daʼvolar hamda berilgan arizalar yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda, daʼvolar va arizalar boʻyicha iqtisodiy hamda maʼmuriy sudlarda davlat boji toʻlashdan ozod etiladi.

Senatorlar ushbu Qonun qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan va Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan obyektlar va hududlarni, ularning noyobligini, jahon madaniyati va tarixiga qoʻshgan bebaho hissasini saqlashga, shuningdek boʻlajak avlodni tarbiyalashga xizmat qilishiga alohida urgʻu berdilar. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin parlament aʼzolari “Baʼzi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining 12 ta qonuniga va 1 ta kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilganligi taʼkidlandi.

Jumladan, “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari lavozimi bekor qilinishi va jamoat tartibini saqlash boʻyicha profilaktika (katta) inspektori yordamchisi lavozimi joriy etilishi munosabati bilan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi va “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga sudyalarning chinakam mustaqilligini, sudyalik korpusini shakllantirish va nomzodning shaxsi toʻgʻrisida ishonchli maʼlumotlar toʻplash masalasida ochiq-oshkoralikni taʼminlashning qoʻshimcha mexanizmlari joriy etilmoqda. Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoida kiritilmoqda, unga koʻra zaxiraga kiritilgan sudyalik lavozimiga nomzod Sudyalar oliy maktabida oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlaganidan keyin boʻsh sudyalik lavozimlarini toʻldirish uchun tanlovda ishtirok etish toʻgʻrisida bevosita Kengashga ariza berish huquqiga ega boʻladi.

Sudyalar xatolarining oldini olish, sudyalar korpusi yetarli amaliy va hayotiy tajribaga ega yuqori malakali yuristlar orasidan shakllanishini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga sudyalar uchun oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmagan yosh senzini nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritilmoqda.

Yuqori palata aʼzolari “Psixiatriya yordami koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar.

Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-ijroiya kodekslariga oʻzgartishlar kiritilib, ularda nafaqat ruhiy kasalliklar shifoxonasida, balki turar joyidagi ruhiy-asab kasalliklari dispanserida (tuman (shahar) psixiatrining xonasida), yashash joyidagi umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasining umumiy kuzatiladigan boʻlimida, umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasining maxsus reabilitatsiya boʻlimida tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash huquqi nazarda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, Qonun qabul qilinishi ruhiy holati aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda buzilgan shaxslarga nisbatan sud tomonidan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashga, bir vaqtda ularni jazolash imkoniyatini yaratishga, psixiatriya yordamini koʻrsatishning amaldagi tizimi imkoniyatlaridan toʻliq va oqilona foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratishga, shuningdek tibbiyot muassasalarining sudlar, prokuratura organlari, advokatlar va tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllaniladigan shaxslar bilan oʻzaro munosabatlarini tartibga solishga koʻmaklashadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra parlament aʼzolari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama etildi.

Oʻzbekiston Respublikasining 3 ta qonuniga va 5 ta kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, pensiya yoshiga yetgan sudlanganlar va nogironlar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga va “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Ularda bevosita manzil-koloniya joylashgan yerdagi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga ariza berish orqali manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya tayinlash, bunday shaxslarga pensiya toʻlovini manzil-koloniya joylashgan yerdagi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan mahkumlarning shaxsiy hisobvaraqlariga oʻtkazish orqali toʻlash nazarda tutilmoqda.

Ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan boʻyin tovlashining oldini olish, uni bundan keyingi jinoiy faoliyatining oldini olish, hukmning ijro etilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga “Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish” deb nomlangan yangi bob kiritilgan. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish faqat davlatlararo yoki xalqaro qidiruv eʼlon qilingan ayblanuvchiga yoki sudlanuvchi shaxsga nisbatan qoʻllaniladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi norma bilan toʻldirilmoqda. Unga koʻra mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik, voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi talablarni buzganlik, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarini bajarmaganlik, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish nafaqalarini toʻlash boʻyicha majburiyatdan boʻyin tovlaganlik, aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik, mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik, boʻsh ish oʻrinlarini yashirganlik uchun maʼmuriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksiga erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshini oʻn sakkiz yosh etib belgilovchi norma kiritilganligi muhimligi qayd etildi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qator qonunlarni maʼqulladilar. “Xalqaro mehnat tashkilotining sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 81-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1947-yil 11-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “Xalqaro mehnat tashkilotining qishloq xoʻjaligida mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 129-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1969-yil 25-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiyaga (Kishinev, 2002-yil 7-oktyabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni toʻgʻrisida”gi, “Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimni (Parij, 2001-yil 3-aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shundan soʻng parlament aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tarkibiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar. Ushbu masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Soʻngra senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini eshitdilar.

Muhokama chogʻida huquq-tartibot va qonuniylikni taʼminlash jamiyat hayotining alohida ahamiyatga ega boʻlgan sohasi ekanligi qayd etildi. Aynan shu sababli soʻnggi mamlakatimizda jinoyatlarga qarshi kurashish va huquqbuzarliklar oldini olishning mutlaqo yangi mexanizmlarini yaratishga eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinishi bilan bu boradagi ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Uning asosida hududlarni biriktirgan holda jamiyat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish Bosh prokuror, ichki ishlar vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni zimmasiga yuklatildi.

Bu mazkur yoʻnalishda sezilarli natijalarga erishish imkonini berdi. Jumladan, joriy yilning olti oyi natijalari boʻyicha jinoyatlar umumiy soni 32,1 foizga kamaydi, jinoyat-qidiruv yoʻnalishida esa ularning soni 41,7 foizga kamaydi. Respublikadagi 9093 ta mahallaning 5747 tasida yoki 63 foizida birorta ham jinoyat sodir etilmadi.

Ichki ishlar organlari, shu jumladan profilaktika xizmati tizimi tubdan isloh etilishi, bu sohadagi faoliyatni muntazam muvofiqlashtirishning yoʻlga qoʻyilishi, eng asosiysi, jamoatchilik va fuqarolar faol ishtirokining taʼminlanishi bunday yutuqqa erishishda muhim omil boʻlganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, jinoyat statistikasi tahlili qonun ustuvorligini taʼminlash, jinoyatlarni kamaytirish va barvaqt oldini olish uchun oʻz yechimini kutayotgan koʻplab muammolar borligini koʻrsatmoqda.

Jumladan, huquqbuzarliklar umumiy tarkibida ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar ulushi oʻtgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 2,7 foizga koʻpaydi. Surxondaryo viloyatida qayd etilgan jinoyatlarning 38 foizi, Toshkent shahri va Xorazm viloyatida qayd etilgan jinoyatlarning 30 foizi, Navoiy, Namangan va Jizzax viloyatlarida qayd etilgan jinoyatlarning 25 foizi jinoyatlarning aynan shunday toifasiga kiradi.

Shu munosabat bilan soʻzga chiqqanlar qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha ichki ishlar organlari faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligini taʼkidladilar. Muhokama etilgan masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini eshitdilar.

Mamlakatimizning tashqi siyosiy idorasi oʻz faoliyatida asosiy eʼtiborni Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida hamda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarishga qaratayotganligi taʼkidlandi.

Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan vazifalarni hal etishda xalqaro, davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga urgʻu berilganligi qayd etildi. Jumladan, parlament bilan yaqin hamkorlik doirasida yuqori darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga oid “yoʻl xaritalarini” ijro etish yuzasidan eshituvlarni tinglash amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport hajmini va xorijiy turistlar oqimini oshirish Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan yana bir muhim vazifa hisoblanadi. Uni roʻyobga chiqarish maqsadida mamlakatimizning barcha diplomatik vakolatxonalari mamlakatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini mustahkamlash, uning tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va targʻib qilish boʻyicha aniq maqsadga qaratilgan ish olib bormoqda. Xususan, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirish koʻzda tutilgan 5 mlrd. 250 mln. dollarlik 250 dan ortiq investitsiya loyihasi ishlab chiqilganligi taʼkidlandi. Bundan tashqari, hukumatlararo komissiyalarning 800 dan ortiq investitsiya biznes-forumi va majlisi oʻtkazildi. Salohiyatli xorijiy investorlarning Oʻzbekistonga 1600 dan ortiq tashrifi va mamlakatimiz iqtisodiy idoralarining xorijga qariyb 700 ta tashrifi tashkil etildi.

Bundan tashqari, viza rejimini yanada erkinlashtirish maqsadida 2019-yil 5-yanvarda Oʻzbekiston Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. 65 ta davlat fuqarolariga 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi, fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega boʻlgan mamlakatlar roʻyxati 77 taga oshirildi, qoʻshimcha (elektron boʻlmagan) kirish vizalar toifalari joriy etildi (“Vatandosh”, “Student visa”, “Academic visa”, “Medical visa” va “Piligrim visa”) hamda xorijiy mamlakatlar fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasida koʻchmas mulkni sotib olgan taqdirda yashash guvohnomasini olish huquqi taqdim etildi. Joriy yilning may oyida fuqarolari uchun turizm vizalarini rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibi tatbiq etiladigan mamlakatlar soni 77 taga yetdi.

Ilk bor Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari bosh vazirlari oʻrinbosarlari ishtirokida mintaqaviy iqtisodiy forum oʻtkazildi. Unda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston idoralari va ishbilarmon doiralarining 200 dan ziyod vakili qatnashdi. Bu tadbir davlat tashqi siyosatida asosiy ustuvor mintaqa hisoblangan Markaziy Osiyoda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan olib borilayotgan ishlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalariga respublikaning muayyan hududlari biriktirilganligi Namangan viloyati misolida yana bir bor oʻzining samaradorligini koʻrsatdi. Jumladan, Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekistonning xorijdagi 18 ta elchixonasi tomonidan hozirgi vaqtda Namangan viloyati hokimligi bilan yaqin hamkorlikda 1,67 mlrd. dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Shundan joriy yilning birinchi yarim yilligida 122,7 mln. dollar oʻzlashtirildi.

Shunga qaramay, yagona tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy siyosat olib borishda Tashqi ishlar vazirligining muvofiqlashtiruvchi rolini inobatga olib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik hamkorlik masalalari boʻyicha xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik va idoralararo muvofiqlashtirish hanuzgacha tizimli va samarali yoʻlga qoʻyilmaganligi qayd etildi. Yaqin va oʻrtacha istiqbolda oʻzida natijador chora-tadbirlarni mujassamlashtirgan kompleks idoralararo rejani ishlab chiqish masalasi hali ham dolzarbligicha qolmoqda.

Majlisda mamlakatning tashqi siyosiy idorasi faoliyatini yanada takomillashtirish, xalqaro, davlat va nodavlat tashkilotlar bilan vazirlikka yuklatilgan vazifalarni bajarish yuzasidan hamkorlikni rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Muhokama yakunlari boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi. 

Soʻngra senatorlar Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning turizmni rivojlantirish sohasidagi islohotlar amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisidagi axborotini eshitdilar.

Soʻzga chiqqanlar keyingi yillarda Oʻzbekistonda turizm industriyasini rivojlantirish, shu jumladan imkon qadar qulaylik yaratish, tarmoqning raqobatbardoshligini yanada oshirish, koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash va jahon bozorida milliy turistik mahsulotni faol tanitib borish boʻyicha izchil chora-tadbirlar koʻrilganligini qayd etdilar.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan misli koʻrilmagan chora-tadbirlar turizmni rivojlantirishning qonunchilik va institutsional asoslarini takomillashtirishga kuchli turtki berdi. Misol uchun oxirgi ikki yilda 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, ularning 13 tasi joriy yilning 8 oyi davomida qabul qilindi. Asosiy maqsad – turizm industriyasini Oʻzbekiston iqtisodiy taraqqiyotining drayverlaridan biriga aylantirish, qishloq joylarda, togʻli hududlarda va olis tumanlarda aholi bandligini oshirish va yangi daromad manbalarini yaratishdir.

Tizimli ishlar tufayli turistlar oqimini oshirish, infratuzilmani modernizatsiyalash, viza rejimini erkinlashtirish borasida sezilarli natijalarga erishishga muvaffaq boʻlindi. Masalan, eng liberal viza rejimlari reytingida Oʻzbekiston MDH mamlakatlari orasida ikkinchi oʻrinni egalladi. Birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha mamlakatimizda boʻlgan xorijlik turistlar soni 3 milliondan ortiqni kishini tashkil etdi, bu esa 2018-yilning mos davriga nisbatan 31 foizga koʻpdir.

Turistik xizmatlar eksporti ham oshmoqda. Bunday xizmatlar hajmi 2018-yilda 1 mlrd. 40 mln. dollarga yetdi. 2019-yilning birinchi yarim yilligida bu koʻrsatkich 590,5 mln. dollarni tashkil etdi. Bunday tendensiya va miqdoriy natijalar ham turizm infratuzilmasi obyektlari rivojiga taʼsir koʻrsatmoqda. Jumladan, xorijiy turistlar mamlakatimizda uzoqroq vaqtga qolayotganligi tufayli ularni joylashtirish bilan bogʻliq masalalar koʻpaydi, bu esa turizm infratuzilmasi obyektlaridagi bandlikka ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Shu bilan birga, bu sohada ham qator muammolar mavjud. Masalan, bir qator aloqador vazirliklar va idoralarda turizmni rivojlantirish masalalari faqat Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi masʼuliyat doirasiga kiradi degan yanglish tasavvur paydo boʻlganligi taʼkidlandi. Shu sababli idoralararo muvofiqlashtirish zaif ekanligi maʼlum qilinmoqda. Bu qoidalari davlatning turizm sohasidagi siyosatiga koʻpincha mos kelmaydigan ayrim normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilayotganligi va qabul qilinayotganligida aks etmoqda.

Aloqador vazirliklar va idoralar mamlakatimiz turizmi salohiyatini oshirishda faollik koʻrsatmasligi qayd etildi. Misol uchun shu nuqtayi nazardan Madaniyat vazirligi uzoq vaqt mobaynida Oʻzbekiston muzey va teatrlarining turistlar uchun jalb etuvchanligini oshira olmaganligini, muzey faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy eta olmaganligini aytish mumkin.

Transport infratuzilmasidan foydalanish imkoniyati va uning qulayligi hali ham hal etilmay qolmoqda. Aviachiptalarga narx qoʻyish, temir yoʻl transporti xizmatlari narxi va sifati oʻrtasidagi farq, ichki avtotransport yoʻnalishlari tarmogʻining rivojlanmaganligi koʻplab savollar tugʻdirmoqda. Temir yoʻl, avia- va avtotransport chiptalarini onlayn bronlash tizimi hozirgi kunga qadar joriy etilmagan. Bu omillar ichki va tashqi turizm rivojiga jiddiy toʻsqinlik qilayotganligi shubhasiz.

Shu munosabat bilan senatorlar turizm sohasida toʻplanib qolgan muammolarni hal qilish boʻyicha qator takliflar bildirdilar. Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Senatorlar tomonidan Xorazm viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti ham eshitildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-2018-yillarda Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida belgilangan vazifalarni hisobga olgan holda viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish borasida maqsadli vazifalar amalga oshirilmoqda.

2019-yilning yanvar-iyun oylarida yalpi hududiy mahsulot hajmi 7,9 mlrd. soʻmni tashkil qildi va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 106,5 foizga oʻsdi. Ushbu davr mobaynida viloyatda 96,5 mln. dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oʻzlashtirildi va bu rejaga nisbatan 220,7 foizni tashkil etadi. Viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy oʻsish dasturi doirasida 2019-yilda umumiy qiymati 3727, mldr. soʻmlik 946 ta loyihani amalga oshirish va uning hisobiga 11645 ta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan. Hisobot davrida 714,8 mlrd. soʻmlik 412 ta loyiha amalga oshirilgan hamda 3178 ta ish oʻrni tashkil etilgan.

Xususan, joriy yilning 1-iyulida roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari soni 35901 tani tashkil etdi va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3346 nafarga oshdi. Biroq ularning 3422 nafari u yoki bu toʻsiqlarga uchragani sababli oʻz faoliyatini toʻxtatib qoʻydi.

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi viloyat shaharlarida, tuman markazlarida yillar davomida saqlanab qolayotgan kommunal sohaga oid muammolarni hal etishga kompleks yondashmayotganligi aholining jiddiy eʼtiroziga sabab boʻldi.

Jumladan, Xorazm viloyati namunasida ichimlik suvi tizimining suv taqsimlash inshootlaridan keyingi aholi punktlariga suv tarqatish qismi boshqaruvini investitsiya kiritish sharti bilan 2019-yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida tadbirkorlarga berishni yoʻlga qoʻyish vazifasi ham toʻla ijro etilmagan. Natijada viloyat aholisining 56,5 foizigina ichimlik suvi bilan taʼminlangan.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning sessiyalarida va doimiy komissiyalar majlislarida turli darajadagi masʼul rahbar xodimlarning 624 ta hisoboti eshitildi. Bunday amaliyot har bir tashkilot yoki idora ishining natijasiga boʻlgan masʼuliyatni yanada oshishiga sabab boʻladi.

Shu bilan bir qatorda senatorlarning taʼkidlashicha, Xorazm viloyatida hududlarni rivojlantirish va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyat samaradorligini oshirishga salbiy taʼsir etayotgan qator muammo va kamchiliklar mavjud. Bunda mavjud salohiyatdan toʻliq ravishda foydalanilmayapti.

Muhokama yakuni boʻyicha hududlarni rivojlantirish masalalarini hal etish yuzasidan vazirlik va idoralar, shuningdek ijro etuvchi hokimiyat organlarining masʼuliyatini oshirishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.

Shundan soʻng parlament aʼzolari Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlari yuborish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqdilar.

Senatorlar boʻsh turgan, qurilishi tugallanmagan obyektlardan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanishni taʼminlash borasida qonun hujjatlarini ijro etish holatini oʻrganish natijalari boʻyicha parlament soʻrovi yuborilishini qoʻllab-quvvatladilar.

Shuningdek senatorlar bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari holati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida qaror ham qabul qildilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan oʻz vakolatlariga kiradigan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.

Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 26ta masala, shu jumladan 16 ta qonun koʻrib chiqildi.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.

Oʻzbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining 
Axborot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?