Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi ishi yakunlandi

15:15 12 Oktyabr 2019 Siyosat
235 0

Oliy Majlis Senati aʼzolari yigirma uchinchi yalpi majlis kun tartibi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining akademik litseylarida qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini muhokama qildilar.

Oliy Majlis Senatining joriy yil 21-iyundagi tegishli qarori bilan bu parlament soʻrovi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborildi. Soʻrovga 2019-yil 20-avgustda berilgan batafsil javobda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy choralar koʻrilganligi qayd etilmoqda. Jumladan, tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda akademik litseylarda ilgʻor pedagogika texnologiyalari asosida oʻqitishni tashkil etish, bitiruvchilar bandligini taʼminlash, mazkur taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlandi. Ushbu hujjatda belgilangan maqsadli vazifalarda Oʻzbekiston Respublikasining bitta Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining bir nechta qarorlari hamda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli oʻzgartishlar kiritish nazarda tutilgan.

Soʻngra senatorlar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini taʼminlash masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisidagi masalani muhokama qildilar.

Oliy Majlis Senatining joriy yil 4-maydagi tegishli qarori bilan ushbu parlament soʻrovi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborildi.

2019-yil 3-avgustda berilgan batafsil javobda mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar qayd etildi. Xususan, parlament soʻrovida bayon etilgan talablarni bajarish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar rejasi, shu jumladan aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishining, yuqumli va parazitar kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishining oldini olish tadbirlari tasdiqlandi. Ularning oʻz vaqtida ijro etilishi nazorat ostiga olindi. Muhokama yakunlari boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi sudyalarining maxsus kiyimi tavsifi va namunasini koʻrib chiqdilar hamda tasdiqladilar.

Soʻngra Oliy Majlis Senati aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar, uning yakunlari boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi chogʻida 31 ta masala, shu jumladan 19 ta qonun, Vazirlar Mahkamasiga oid ta parlament soʻrovi koʻrib chiqildi.

Yigirma uchinchi yalpi majlis faoliyati birinchi marta onlayn rejimda Oliy Majlis Senatining rasmiy sayti orqali va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida translyatsiya qilindi. Yalpi majlisni yoritish uchun Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati tomonidan mamlakatimiz va xorij ommaviy axborot vositalarining 130 nafardan ziyod vakili akkreditatsiya qilindi.

Senatorlar tomonidan maʼqullangan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari demokratik islohotlar va yangilanishlarni izchil amalga oshirishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga, shuningdek xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilganligi taʼkidlandi. Oliy Majlis Senati tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan parlament, deputatlar va jamoachililik nazorati yanada kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?