Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida axborot

22:09 11 Sentyabr 2020 Siyosat
290 0

2020-yil 11-sentyabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan yalpi majlisda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib borgan ushbu yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda «Uzreport» telekanali orqali toʻgʻridan-toʻgʻri jonli efirda namoyish etildi.

Parlament yuqori palatasi aʼzolari tomonidan 16 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun koʻrib chiqildi.

Dastlab Senat aʼzolari tomonidan “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 700 mingdan ortiq nogironligi boʻlgan shaxslar, shu jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar istiqomat qilmoqda.

BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyasining xalqaro standartlari va talablarini, shuningdek, “nogiron” soʻzi oʻrniga “nogironligi boʻlgan shaxs” atamasidan foydalanishni nazarda tutuvchi “Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun mamlakatimizning yuqoridagi toifaga mansub vakillarining huquq va manfaatlarini ifodalashga xizmat qiladi.

“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi hozirda amalda boʻlgan qonun hujjatlariga solishtirganda bu toifa hamyurtlarimizga qator yangi imtiyozlardan foydalanish imkonini yaratmoqda.

Qonun kuchga kirishi bilan tibbiy tekshiruv komissiyalari faoliyati takomillashadi, murojaat qiluvchi 10 kalendar kunida xulosani oladi. Tibbiy tekshiruvlar bepul amalga oshiriladi. Nogironligi boʻlgan shaxslar ambulator va statsionar rejimida imtiyozli davolanadi. Protez-ortopediya anjomlariga boʻlgan ehtiyojlari qondiriladi.

Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun binolarga kirib-chiqish uchun maxsus yoʻlakchalar, panduslar, jamoat transportida maxsus oʻrindiqlar, tushib-chiqish uchun bekatlarda ularga sharoitlar yaratiladi. Ular uchun taʼlim olishning barcha bosqichlarida qulayliklar koʻzda tutiladi. Kasb-hunarga oʻrgatish, kollej va texnikumlarda taʼlim olishlari davlat hisobidan taʼminlanadi. Oliy taʼlimda jami kontingentning 2 foizi miqdorida davlat grantlari ajratiladi.

Mahalliy hokimliklar nogironligi boʻlgan shaxslar uy-joy sharoitini yaxshilashga masʼul boʻladi. Nikoh tuzish va oila qurish, bolalarni farzandlikka olish, bolalarni tarbiyalashga doir majburiyatlarni bajarishi chogʻida yordam olish, xususan, uyida va yashash joyida xizmatlar koʻrsatilishi huquqi taʼminlanadi.

Davlat nogironligi boʻlgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi hamda ularni qoʻllab-quvvatlaydi.

Ushbu Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Hozirgi zamonda iqtisodiyotning globallashuvi tez chuqurlashayotgan, xoʻjaliklararo aloqalar rivojlanayotgan hamda xalqaro darajalarda qonunchilik birxillashtirilayotgan sharoitlarda milliy va xalqaro darajalarda bozor munosabatlarining asosiy omillaridan biri hisoblangan xalqaro arbitraj tijorat nizolarini hal etishning muqobil va sud mahkamasidan tashqari shakli sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.

Muhokamada aks etganidek, Oʻzbekistonda xalqaro tijorat arbitraj sudlarining faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibini huquqiy tartibga solish, xalqaro tijorat arbitraj sudi faoliyatining asosiy prinsiplarini belgilash, shuningdek, xorijiy investorlar, milliy kompaniyalarni chet ellik hamkorlar bilan oʻzaro munosabatlarida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash zaruriyati tugʻildi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishidan koʻzlanayotgan asosiy maqsad – nizolarni koʻrishda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning sarf xarajatlarini qisqartirish, arbitraj hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro etish mexanizmlarini belgilash hamda shu asosda xalqaro shartnomalarning nizoli masalalarini hal qilishda mamlakatning mintaqadagi obroʻsini oshirish kabi masalalar ekanligi taʼkidlandi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi Oʻzbekiston nizolarni muqobil hal qilish usuli hisoblangan fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida arbitraj muhokamasi institutini rivojlantirishga, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zaruriy huquqiy shart-sharoitlar yaratishga, tashqi iqtisodiy shartnomalardan kelib chiqadigan nizolarni koʻrishda muddatlar va xarajatlarni qisqartirishni taʼminlashga imkon yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra Senat aʼzolari «Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdi.

Qonun, avvalo, ijtimoiy hayotimizda baʼzan uchrab turadigan, tabiatimizga yot boʻlgan, yoshlarimizning sogʻlom voyaga yetishlariga nojoʻya taʼsir koʻrsatadigan ichkilikbozlik, giyohvandlik yoki zaharvandlik kabi inson xulq-atvoriga zid illatlarni bartaraf etishga yoʻnaltirilganligi bilan ahamiyatga molik.

Qonunda birinchi navbatda psixoaktiv moddalarning tarqalishiga va notibbiy isteʼmol qilinishiga, shu jumladan, alkogolni suiisteʼmol qilish sabablari hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy, maʼrifiy hamda tibbiy-psixologik tadbirlar kompleksini amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari narkologik kasalliklarga chalingan, shu jumladan, gʻayriijtimoiy xulq-atvorga moyil shaxslarni profilaktik hisobga olishni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlariga koʻmaklashishi belgilangan.

Qonunda narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi qaror uning yashash joyidagi yoki narkologiya muassasasi joylashgan yerdagi sud tomonidan yigirma kunlik muddatda, ushbu shaxs hozirligida qabul qilinishi koʻrsatib qoʻyildi.

Mahalliy davlat hokimiyati, mehnat organlari davolanib chiqqanlarni ishga joylashtirish hamda maishiy turmushga moslashishida koʻmaklashish huquqiy mustahkamlandi.

Qonunga koʻra, davlat ambulatoriya va statsionar sharoitlarda bunday bemorlarga maslahat berish-tashxis qoʻyilishini, davolashni, psixoprofilaktik, reabilitatsiyaviy, ijtimoiy yordam koʻrsatilishini kafolatlaydi.

Narkologiya dispanserlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek, mamlakatning yirik shaharlarida respublika, viloyat, shahar yoki tumanlararo darajada mustaqil davolash-profilaktika muassasalari sifatida tashkil etilishi, qolaversa, ambulatoriya sharoitlaridagi narkologik yordam tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari tuzilmasida tashkil etilgan narkologiya kabinetlari tomonidan koʻrsatilishi belgilangan.

Senatorlar mazkur Qonunni maʼqullash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Soʻngra Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisida axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020-yil birinchi yarim yillik ijrosi “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan byudjet parametrlari doirasida hamda Prezidentimizning koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish, global inqiroz oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan qabul qilingan farmon va qarorlari, qolaversa, Hukumat va Inqirozga qarshi kurashish komissiyasining qarorlari ijrosini taʼminlashga qaratilgan.

Dunyo miqyosida kechayotgan global oʻsish surʼatlari pasayishi jarayonining mamlakat iqtisodiyotga ham taʼsir etishi natijasida 2020-yil birinchi yarim yili yakuniga koʻra, yalpi ichki mahsulot hajmi joriy narxlarda 255,3 trln. soʻmni, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,2 % ni tashkil etgan.

Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjet 2020-yil birinchi yarim yili daromadlari 71,6 trln. soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 28,8 foiz, xarajatlari esa 80,5 trln. soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 32,4 foizni tashkil etgan.

Mamlakatda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Davlat byudjetining 2020-yil 6 oylik daromadlari 58,2 trln. soʻmga yoki tasdiqlangan yillik parametrlarga nisbatan 45,3 foizga ijro etilgan. Hisobot davrida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga koʻp mablagʻ tushirilishiga erishilgan.

Davlat byudjetining 2020-yil birinchi yarim yilligi xarajatlari 64,9 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobarga oshgan. Natijada 23,1 trln. soʻm miqdoridagi ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar hamda 5,0 trln, soʻm miqdoridagi ish haqiga nisbatan ajratmalar toʻliq va muddatida moliyalashtirilgan.

Qolaversa, oʻtgan 6 oy davomida iqtisodiyot xarajatlariga Davlat byudjetidan 9,0 trln. soʻm yoki jami xarajatlarning 13,9 foizi, investitsiya xarajatlariga esa 6,0 trln, soʻm yoki jami xarajatlarning 9,2 foizi sarflangan.

Hisobot davrida sogʻliqni saqlash, nafaqa va moddiy yordam toʻlovlari, iqtisodiyot va investitsiya xarajatlarining oʻsishi yuqori boʻlishiga mamlakatda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va pandemiya sharoitida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tadbirlari boʻyicha amalga oshirilgan xarajatlar asosiy omil boʻlgan.

Xususan, 2020-yilning 1-iyul holatiga Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 5,6 trln. soʻmlik koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, tadbirkorlikni va aholi bandligini koʻllab-quvvatlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash boʻyicha tadbirlar moliyalashtirilgan.

Bundan tashqari, hisobot davrida mahalliy byudjet mablagʻlarini mustaqil boshqarishni mustahkamlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini kafolatlangan moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlash, mahalliy hokimliklarni mahalliy byudjetlarni shakllantirishda va mablagʻlardan samarali foydalanishda masʼuliyati va javobgarligini oshirish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilida mahalliy byudjetlarning daromadlar prognozi jami 10,2 trln. soʻm etib belgilangan va reja amalda 12,9 trln. soʻmga ijro etilgan. Bunda asosan hududlarda yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish, kam quvvatli korxonalarning ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi va qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish va legallashtirish, soliq qarzini qisqartirish, kameral oʻrganishlar oʻtkazish orqali belgilangan prognoz rejalar ijrosi taʼminlangan.

Majlisda mahalliy byudjetlarning hududlar boʻyicha umumiy daromadlar prognozi bajarilgan boʻlsada, ammo ayrim soliq turlari boʻyicha belgilangan reja-topshiriqlari bajarilmagani taʼkidlandi. Jumladan, joriy yilning 1-iyul holatiga mahalliy byudjetlarga soliqlardan qarzdorlik 2,9 trln. soʻmni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 112 mlrd. soʻmga oshgan. Mahalliy byudjetlarning Davlat byudjeti daromadlaridagi ulushi 22,1 foizni, uning jami xarajatlardagi ulushi 31,1 foizni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasining tarqalishi, karantin choralarining qoʻllanilishi natijasida mahalliy byudjetlar xarajatlariga ham bir qator oʻzgartirishlar kiritilgani taʼkidlandi.

Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va mahalliy byudjetlar xarajatlaridan qariyb 1 trln. soʻmga maqbullashtirilgan. 2020-yilning
27-28-aprel kunlari kuchli shamol oqibatida Buxoro viloyatida zarar koʻrgan aholi va iqtisodiy-infratuzilma obyektlariga 164 mlrd. soʻm hamda 1-may kuni “Sardoba suv ombori” toʻgʻonida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida jabrlangan aholini qoʻllab-quvvatlash va infratuzilmani tiklash xarajatlariga joriy yilning yarim yilida 500 mlrd. soʻm qoʻshimcha mablagʻlar yoʻnaltirilgan.

Qolaversa, 2020-yil 1-apreldan boshlab 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni 10 foizga oshirilgan. Ushbu tadbirlar natijasida, joriy yil yakuniga qadar ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam oluvchilar soni 657,8 ming (+ 60,3 ming) ta oilani tashkil etib, ularga qoʻshimcha nafaqalarni toʻlash uchun Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 211,8 mlrd. soʻm mablagʻ nazarda tutilgan boʻlib, shundan 91,3 mlrd. soʻm moliyalashtirib berilgan.

Shuningdek, hisobot davrida aniqlangan kamchiliklarga eʼtibor qaratildi. Jumladan, aniqlangan qoʻshimcha daromadlarga nisbatan 51,7 mlrd. soʻmlik mablagʻlarning byudjetga undirilishi taʼminlanmagan.

Shu bilan birga, pandemiya sharoitida mahalliy byudjetlar daromadlarining oʻz muddatida tushmaganligi natijasida yuzaga kelgan vaqtinchalik kassa uzilishining oldini olish hamda belgilangan xarajatlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish maqsadida hisobot davrida mahalliy byudjetlarga respublika byudjetidan 626 mlrd. soʻm byudjet transfertlari ajratilgan.

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilgan choralar natijasida 7 669 ta mikrofirma, kichik korxona va YATTlarning mol-mulk, yer va suv soligʻini 2020-yil 1-oktyabrga qadar kechiktirib toʻlash uchun 132,7 mlrd. soʻm imtiyozlar berilgan.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi. 

Shundan keyin “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama markazida boʻldi.

Taʼkidlanishicha, soʻngi yillarda Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib, hokim, uning oʻrinbosari, prokuratura, adliya, ichki ishlar va sogʻliqni saqlash idoralari rahbarlarining tegishli Kengashlar oldida hisobdorligi qonunlarda belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, amalda kutilgan natijalarni bermayapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, eksperiment tariqasida tashkil etilgan xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashi kotibiyatlari samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Mazkur Qonun bilan “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga kiritilayotgan oʻzgartishga koʻra, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy-texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat koʻrsatish vazifasi hokimliklar apparatidan tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati zimmasiga oʻtkazilmoqda.

Bunda Kotibiyatlar yuridik shaxs hisoblanishi va uning faoliyati tegishli mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtirilishi, Kotibiyat tuzilmasi, shtatlar, xodimlarning mehnat haqi miqdori va moddiy-texnika taʼminoti, shuningdek ularning ishlashi uchun zarur xarajatlarni tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, majlisda qayd etilganidek, ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi bilan xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi tomonidan davlat organlarining faoliyati ustidan taʼsirchan deputatlik nazorati taʼminlanishiga erishiladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, vakillik hokimiyati ijro hokimiyatidan ajragan holda faoliyat koʻrsatishi gʻoyasini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Senatning yettinchi yalpi majlisi kun tartibidagi “Qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlardan va oʻrmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga, Yer kodeksiga, shuningdek “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Yaylovlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Mamlakatimizda mavjud yer resurslaridan oqilona foydalanish, unumdor hududlar va oʻrmon fondini muhofaza qilish nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki ekologik nuqtai-nazardan muhim va dolzarb hisoblanadi. Shu jihatdan mazkur Qonun ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarning samarasini taʼminlash, sohaning meʼyoriy-huquqiy negizini zamon talablari asosida takomillashtirishga qaratilgan.

Xususan, unda investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan sugʻoriladigan yerlar, shuningdek, lalmi yerlar va oʻrmon fondining foydalanilmayotgan yerlarini ijaraga berishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda.

Yana bir jihat. Qonunda yerni ijaraga berish shartnomasi muddatidan ilgari bekor qilinsa, ijarachi shartnomada nazarda tutilgan muddat yakuniga qadar yerdan foydalanish huquqiga ega boʻlishi mustahkamlanmoqda.

Qonun, avvalo, odamlarda yerga boʻlgan munosabatning oʻzgarishi, qoraversa, oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanish borasidagi dolzarb vazifalarning amalga oshirilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra Senat aʼzolari “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdi.

Qonun bilan 17 ta qonunga, xususan, 8 ta kodeks va 9 ta qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi, Mehnat kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Oila kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Bojxona kodeksi va Soliq kodeksi shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, mazkur Qonun bilan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi, “Qurol toʻgʻrisida”gi va boshqa qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan himoya orderi taʼsis etilgan edi. Lekin ushbu himoya orderida nazarda tutilgan cheklovlarni bajarmaganlik uchun qonun hujjatlarida javobgarlik masalasi ochiq qolgan. Shu bois tazyiq oʻtkazishga va (yoki) zoʻravonlik sodir etishga moyil boʻlgan yoki ularni sodir etgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi va bu cheklovlarning bajarilishini yana bir bor kafolatladi.

Oʻz oʻrnida “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun yangi band bilan toʻldirilib, unga koʻra tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga yetkazilgan maʼnaviy va moddiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan daʼvogar fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda davlat bojini toʻlashdan ozod qilindi.

Shuningdek, kiritilayotgan oʻzgartirishlarga koʻra Jinoyat kodeksining “Mehnat qilish huquqini buzish” uchun javobgarlik belgilovchi moddaning tegishli qismi yangi tahrirda bayon etilib, unga koʻra jabrlanuvchi taraf nafaqat yosh bolaning onasi, balki parvarish qilayotgan unga yaqin boshqa shaxs ham boʻlishi mumkinligi koʻrsatildi.

Xalqaro shartnomalarda boshqacha shartlar kelishilmagan boʻlsa, xorijiy tashuvchilarga tegishli boʻlgan avtotransport vositalarida yuk va yoʻlovchilarni respublikamiz hududida joylashgan punktlar oʻrtasida tashish (kabotaj) taqiqlangan. Shu sababli Oʻzbekiston Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi boshqa davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan yuklarni va (yoki) yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanish uchun javobgarlik belgilangan yangi modda bilan toʻldirilmoqda.

Davlat ekologiya qoʻmitasi inspektorlarining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish, ularning koʻrsatmalarini bajarmaslik va boshqa noqonuniy holatlarning koʻplab uchrayotganligini hisobga olib, javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi tegishli yangi modda bilan toʻldirilmoqda.

Yuqorida kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashga, aholini qiynayotgan muammolarni hal etishga, ularning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga va oʻz navbatida davlat organlarining ham bu boradagi masʼuliyatini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng kun tartibidagi navbatdagi masala – “Byurokratik toʻsiqlar yana-da qisqartirilishi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillari joriy qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Byurokratik toʻsiqlarni yana-da qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ning ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan.

Prezidentning ushbu qaroriga ayrim qonun hujjatlarini muvofiqlashtirish maqsadida jami 6 ta qonun va 3 ta kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning 42, 98 va 103-moddalariga kiritilayotgan oʻzgartishlarga koʻra, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan texnologik, oʻrmon-melioratsiya, agrotexnik, gidrotexnik, sanitariya-texnik tadbirlarni kelishishni nazarda tutadigan funksiya va vakolatlar chiqarib tashlanmoqda. Natijada suv va suv obyektlaridan foydalanish sohasida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini erkin olib borish uchun ortiqcha byurokratik toʻsiq olib tashlanadi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 6 va 291-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Jumladan, Kodeksning 6-moddasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish borasida mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari chiqarib tashlanmoqda.

Yaʼni jamoat tartibini saqlash masalalari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi bilan tartibga solinmagan boʻlsa, shuningdek, tabiiy ofat va epidemiyalar bilan kurashish masalalari boʻyicha qarorlar qabul qilishni nazarda tutuvchi funksiya va vakolatlari chiqarib tashlanmoqda. Oqibatda mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatida korrupsiyaviy holatni keltirib chiqaruvchi diskretsion vakolatga chek qoʻyiladi.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 291-moddasiga, transport vositalarini ushlab turish va koʻrikdan oʻtkazish asoslari va tartibiga oʻzgartish kiritilmoqda.

Endilikda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi yonida boʻlmagan haydovchilar transport vositalarini boshqarganda ularning avtotransport vositalarini ushlab turish tartibi bekor qilinadi. Bu bilan fuqarolar mulk huquqlarining kafolatlari kuchaytiriladi. Bu esa fuqarolarga nisbatan jazo bazasini qisqartirgan holda korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Mehnat kodeksining tegishli moddalariga ham oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Xususan, Kodeksning 80-moddasidan ishga kirayotgan shaxsdan talab qilinadigan hujjatlar roʻyxatidan turar joydan maʼlumotnoma chiqarib tashlanmoqda. Natijada fuqarolar tomonidan mehnat shartnomalarini tuzishda ortiqcha byurokratik toʻsiqlar olib tashlanib, sansalorliklarga chek qoʻyiladi.

“Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 13-moddasiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyat organlarining atmosfera havosini ifloslantirishning turgʻun manbalari tomonidan atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish boʻyicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasida nazarda tutilgan shartlar va talablar buzilishi bilan bogʻliq faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va tugatish masalasida qaror qabul qilish nazarda tutuvchi funksiya va vakolatlar chiqarib tashlanmoqda. Oqibatda mahalliy davlat hokimiyat organlarining oʻziga xos boʻlmagan funksiya va vakolatlari bekor boʻladi va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat ekologik nazoratini toʻlaqonli tashkil etilishi taʼminlanadi.

“Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning 34 va 45-moddalarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarni chorvachilik ehtiyojlari uchun tayyorlash uchun ruxsatnoma berish boʻyicha funksiya va vazifalari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boʻlinmalariga oʻtkazilmoqda. Natijada yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarni chorvachilik ehtiyojlari uchun tayyorlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar faoliyatiga mahalliy davlat hokimiyati organlarining aralashuvi qisqartiriladi.

Qolaversa, Uy-joy Kodeksining 111-moddasida mulkdor, ijaraga oluvchi, uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosining turar joyni almashtirish toʻgʻrisidagi arizasiga ilova qilishi lozim boʻlgan hujjatlardan turar joyda yashayotgan shaxslar koʻrsatilgan holda yashash joyidan maʼlumotnoma talab qilish bekor qilinmoqda.

Shuningdek, ushbu Kodeksning 117-moddasidan fuqarolar tomonidan saqlash guvohnomasi (bron) berish toʻgʻrisidagi arizaga ilova qilinishi lozim boʻlgan hujjatlar tasnifidan ham yashash joyidan maʼlumotnoma chiqarib tashlanmoqda. Natijada turar joylarni almashtirish va saqlash guvohnomasi (bron) berishda fuqarolardan yashash joyidan maʼlumotnoma talab etilmaydi.

“Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Qonunning 15-moddasida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan atmosfera havosini ifloslantirishning oʻrmonlarning holatiga zarar yetkazilgan hollarda tashkilotlar faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish va tugatish boʻyicha qaror qabul qilishni nazarda tutuvchi funksiya va vakolatlari chiqarib tashlanmoqda. Buning oqibatida tadbirkorlarning faoliyatiga davlat hokimiyati organlari tomonidan aralashuvi qisqartiriladi.

“Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunning 23-moddasida dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxs tomonidan arizasiga ilova qilinadigan hujjatlardan yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organidan olinadigan maʼlumotnoma chiqarib tashlanmoqda. Buning natijasida vasiy va homiy boʻlish istagini bildirgan fuqarolarga qulaylik yaratiladi.

“Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasi ikkinchi qismidan nazorat ostidagi shaxsning qayerdaligi aniqlanmagan taqdirda ichki ishlar organi nazorat ostidagi shaxsning turar joyi va yetib kelmaslik sabablarini aniqlash boʻyicha koʻrilgan choralar haqidagi hujjatlardan fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan beriladigan maʼlumotnoma bekor qilinmoqda. Natijada ichki ishlar organlarining ish yurituvini soddalashtirishga imkon yaratiladi.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng senatorlar tomonidan “Byurokratik toʻsiqlar yana-da qisqartirilishi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillari joriy qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni maʼqullandi.

Shundan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 69, 78-moddalariga hamda “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi Qonunining 18, 23 va 25-moddalariga muvofiq, “Toshkent viloyati Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyoʻl va Oʻrtachirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini oʻzgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish toʻgʻrisida”giOliy Majlis Senatining Qarori tasdiqlandi.

Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil may oyida Zangiota va Sergeli tumanlariga tashrifi davomida jamoatchilik vakillari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklif Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan edi. Ushbu taklif joriy yil iyul oyida Toshkent viloyati va Toshkent shahri aholisi tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish masalasi xalq deputatlari Toshkent shahar hamda Toshkent viloyati Kengashlari tomonidan maʼqullangan.

Yangidan barpo etilayotgan Yangihayot tumaniga Toshkent shahridan 2 131,2 gektar hamda Toshkent viloyatidan 2 288,4 gektar, jami 4 419,6 gektar yer maydoni ajratilib, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari muvofiqlashtirilmoqda.

Bu bilan Yangihayot tumanida 115 ta sanoat korxonasi, 277 ta xizmat koʻrsatish korxonasi, 1 148,8 gektar qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlar va 388,8 gektar aholi tomorqa yerlari nazarda tutilgan.

Qayd etish joizki, yangi tashkil etilayotgan tuman Toshkent shahar boʻysunuvidagi tumanlar toifasiga kiritilib, aholisi 147 ming nafarni tashkil etib, shahar aholisining 5,8%ni qamrab oladi. Shuningdek, 47 ta shtat birligidan iborat tuman hokimligi, vazirlik va idoralarning tuman boʻlimlari tashkil etilishi natijasida boshqaruv samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, aholi bandligini taʼminlash va turmush sharoitini yaxshilash maqsadida tumanni kompleks rivojlantirish va kelgusida istiqbolini belgilash boʻyicha alohida Dastur ishlab chiqilishi belgilangan.

Shuningdek, majlisda “Namangan viloyatining Namangan shahar tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Oliy Majlis Senati Qarori ham tasdiqlandi.

Taʼkidlash lozimki, Davlatobod tumaniga 1977-yil 29-avgustda asos solingan, uning hududi 1 125 gektarni tashkil qilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2003-yil 12-dekabrdagi qaroriga asosan tuman tugatilgan va 2004-yil 1-yanvardan Namangan shahri tarkibiga qoʻshib yuborilgan edi.

Muhokama qilingan Senat Qaroriga koʻra, Namangan shahri hududining 4 686 gektar (26%) yer maydonida Davlatobod tumani tashkil etilib, ilgari 2004-yilgacha faoliyat koʻrsatgan Davlatobod tumani hududiga nisbatan qariyb 4,2 barobarga kengaytirilmoqda.

Shu bilan birga, Davlatobod tumani shahar tarkibidagi tuman toifasiga kiritilib, 21 ta shtat birligidan iborat tuman hokimligi, vazirlik va idoralarning barcha tuman boʻlimlari tashkil etilishi belgilanmoqda.

Yangidan tashkil etiladigan tuman hududida 25 ta mahalla fuqarolari yigʻini, 33 850 ta xonadon, 421 ta koʻp qavatli uy, 3 ta kasb-hunar kolleji, 18 ta umumtaʼlim maktabi, 24 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 5 ta tibbiyot muassasasi, 1 280 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari, 698 ta xizmat koʻrsatish obyekti, 429 ta sanoat korxonasi hamda 2 ta madaniy meros obyekti mavjud. Mazkur tuman aholisi 149,6 ming nafarni tashkil etib, Namangan shahar aholisining 23,8 foizini qamrab oladi va istiqbolda zamonaviy koʻp qavatli uylar qurilishi hisobiga urbanizatsiya jarayoni jadallashishiga, shuningdek, yangi infratuzilma obyektlari barpo etilishi va aholiga xizmat koʻrsatish tizimi yana-da rivojlanishiga xizmat qiladi.

Taʼkidlash lozimki, Toshkent viloyati Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyoʻl va Oʻrtachirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini oʻzgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish va Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oliy Majlis Senati Qarorlarining maʼqullanishi kelgusida mazkur hududlarning yana-da taraqqiy etishiga dasturilamal boʻladi.

Soʻngra senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun koʻrilayotgan choralar holati haqida parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masalani ham koʻrib chiqdi.

Taʼkidlanganidek, 2017-2019-yillar mobaynida respublikada ilm-fan faoliyatini tartibga solish, qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 1 ta Qonun, Prezidentimizning 27 ta qaror va farmonlari hamda hukumatning 40 dan ortiq qarorlari qabul qilindi.

Mamlakatimizda ilm-fan rivojiga berilayotgan eʼtibor oʻzining samaralarini bermoqda. Ayni paytda geologiya, matematika, kimyo va biologiya sohalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Biroq olib borilayotgan saʼy-harakatlarga qaramasdan qator muammolar ham saqlanib qolmoqda.

Oʻrganish va tahlillarga koʻra, innovatsion rivojlanish strategiyasida 2021-yilgacha ilm-fanga ajratiladigan mablagʻlar yalpi ichki mahsulotning 0,8 foizgacha oshirilishi belgilangan boʻlsada, bu koʻrsatkich 2018-2020-yillarda turgʻun darajada 0,15 foiz miqdorida qolmoqda.

Ilm-fan sohasiga ajratilgan moliyalashtirish bugungi kunda YAIM ga nisbatan 0,2 foizni tashkil etadi, xolos.

Oliy taʼlim muassasalari koʻpaygani holda joylarda yangi moddiy texnik bazani shakllantirish, taʼlim muassasalarida ilmiy darajali professor-oʻqituvchilarning salmogʻi yetarli emas, ilmiy salohiyat koʻrsatkichi past.

Oʻtkazilgan tahlillarga koʻra, soʻnggi uch yilda tayanch doktorantura va doktorantura bitiruvchilarining dissertatsiya ishi himoyasi 54,7 foizni tashkil etgan.

Magistrlar ilmiy faoliyatni davom ettirishi boʻyicha yetarlicha shart-sharoitlar yaratish muammosi toʻlaqonli yechim topmagan.

Mamlakat mintaqalaridagi taʼlim muassasalarida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish past darajada qolmoqda. Aksariyat dissertatsiya himoyalari, yaʼni 66 foizi Toshkent shahriga, qolgan 34 foizigina viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi hissasiga toʻgʻri kelgan.

Ilmiy faoliyat rivojlanishiga xalal berayotgan yuqoridagi kabi holatdan kelib chiqib Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasiga tushuntirish berish talabini qoʻymoqda.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida parlament soʻrovi yuborish haqidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan 2020-yil 13-18-iyul kunlari Oʻzbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishda yuzaga kelayotgan muammolar va bu sohadagi qonun hujjatlariga rioya etish masalalari Toshkent shahri va Toshkent viloyati misolida oʻrganildi.

Xususan, 2019-2020-yillarda oʻz ish faoliyatini toʻxtatgan tadbirkor ayollar soni tadbirkorlik faoliyatini tashkil etgan ayollar sonidan oshgan boʻlsa-da, bu yoʻnalishda tizimli tahlil oʻtkazilmaganligi aniqlandi. Mazkur muammolar chuqur oʻrganilmagan va ularni bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan.

Jumladan, 2019-2020-yillarda xotin-qizlar tomonidan jami yakka tartibdagi 108 782 ta tadbirkorlik subyekti tashkil qilingan. Biroq mazkur davr mobaynida 115 920 nafar ayol tadbirkor oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Bu kabi holatlar esa ayollar uchun ishsizlik, boqimandalik va boshqa muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Qolaversa, koʻplab ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar mavjud boʻlib, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash ishlari yetarli darajada olib borilmagan. Ushbu oilalar aʼzolari boʻlgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka yoʻnaltirish, oʻqitishga jalb qilish, oʻz ishini yoʻlga qoʻyish borasida mavjud imkoniyatlar toʻgʻrisida xabardorlikni oshirish yuzasidan targʻibot-tashviqot ishlari samarali tashkil etilmagan.

Oʻrganish natijalari mutasaddi idoralar tomonidan mehnat bozoridagi holat yetarli darajada tahlil qilinmaganligi, mavjud boʻsh ish oʻrinlari haqidagi maʼlumotlar tegishli hisobotlarda toʻliq aks ettirilmaganligi maʼlum boʻldi. Buning oqibatida haqiqatda ishga joylashishga muhtoj hotin-qizlar hamda yoshlar qatlamini aniqlash, shuningdek, ularning bandligini taʼminlash yuzasidan manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmagan.

Ishsiz va ijtimoiy faol boʻlmagan xotin-qizlar bilan yakka tartibda ish olib borish amaliyoti yaxshi yoʻlga qoʻyilmaganligi oqibatida ogʻir turmush sharoitida boʻlgan ishsiz xotin-qizlar soni kamaymayapti.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Oliy Majlis Senati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida parlament soʻrovi yuborish haqida qaror qabul qildi.

Shundan keyin arzon uy‑joylar qurish jarayonidagi muammolar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama markazida boʻldi.

Taʼkidlanganidek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qurilish vaziri boshchiligida tegishli vazirlik va idoralar rahbar xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi Farmoni bilan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi joriy etilgan. Unga muvofiq, amaldagi qurilish pudrat tashkilotlariga qurilish materiallarini arzonlashtirilgan holda yetkazib berish va belgilangan soliq imtiyozlari oʻrniga kam taʼminlangan aholi qatlami uchun manzilli imtiyozlar belgilangan.

Jumladan, daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarga dastlabki badal yoki kredit foizi toʻlovlarining bir qismini qoplash tartibida subsidiya berilishi nazarda tutilgan.

Bunga qoʻshimcha ravishda Soliq kodeksiga asosan qiymati 300 mln. soʻmdan ortiq boʻlmagan uy-joy egalari uchun har yili 15 mln. soʻmlik jismoniy shaxslarning daromad soligʻidan imtiyoz belgilangan.

Shuningdek, qurilish tashkilotlarining onlayn tizimda ishlovchi yagona elektron maʼlumotlar bazasining yaratilishi, tanlov savdolarini oʻtkazish va sohada “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida davlat qurilishi nazoratini amalga oshirish choralarining qoʻllanishi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, majlisda qurilish sohasi aholi hayotida muhim oʻrin tutishi tufayli ajratilayotgan mablagʻlar, jalb etilayotgan investitsiyalardan samarali foydalanishda shaffoflikni taʼminlash, sohani modernizatsiyalash, jadal va innovatsion rivojlantirish, qurilish sifati va nazoratini ilgʻor tajribalar asosida mukammal taʼminlab borish, joriy etilayotgan yangi tartibni samarali qoʻllash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, qurilish sohasidagi normativ-huquqiy meʼyorlarni ilgʻor xorijiy tajribalar darajasiga olib chiqish, qurilish sohasining barcha jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, xorijiy tajriba asosida amalga oshirilayotgan qurilish narxini arzonlashtirish choralarini koʻrish, isteʼmolchi huquqlari boʻyicha shartnoma shartlarini buzgan quruvchi tashkilotlar javobgarligini kuchaytirish borasida chora-tadbirlarni yana-da takomillashtirish muhimligi taʼkidlandi. Qolaversa, arzon ipoteka kreditlari bilan taʼminlashni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiqligi bildirildi.

Shuningdek, majlisda uy-joyga muhtoj fuqarolar uchun uy-joy olishi maqsadida subsidiya berish tartibini va qoʻllanilayotgan kredit siyosatini soddalashtirish, qurilish materiallarini markazlashtirilgan tartibda yetkazib berish amaliyotida bozor iqtisodiyoti talablariga rioya etilishini taʼminlash, qurilish sohasida shaffoflikni taʼminlash boʻyicha elektron (onlayn) tizimni joriy etish, uy-joylar boʻyicha ochiq maʼlumotlar bazasini yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi. 

Soʻngra aholini tabiiy gaz bilan taʼminlashdagi muammolar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, aholini tabiiy gaz bilan taʼminlash, tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish borasidagi vazifalar asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz tarmogʻini moliyaviy sogʻlomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan amalga oshirib kelinayotir.

Qolaversa, davlatimiz rahbarining ushbu qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga asosan uglevodorod xomashyosini qazib olish hajmlarini koʻpaytirish, gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish, tabiiy gazni qazib olish, qayta ishlash, yetkazib berish va sotishni hisob-kitob va nazorat qilish ishlarini takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu bilan birga, investitsiya loyihalarini tanqidiy oʻrganish va maqbullashtirish, ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish va neft-gaz tarmogʻi korxonalarida moliyaviy intizomni mustahkamlash va kabi qator vazifalar amalga oshirilmoqda.

Majlisda bu borada uchrayotgan muammo va kamchiliklarga urgʻu berildi. Xususan, aholi va tadbirkorlik subyektlarini tabiiy gaz bilan taʼminlashda qator kamchiliklarning mavjudligi saqlanib qolayotganligi, tabiiy gaz yetkazib berish shartnomalarini tuzishda gaz taʼminoti korxonalari tomonidan tabiiy gazni transport qilish va yetkazib berishning haqiqatda mavjud imkoniyatlari inobatga olinmayotganligi, hududlarda tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlanmagan xonadonlarni xatlovdan oʻtkazish ishlari sifatli tashkil etilmayotganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, aholini gaz bilan taʼminlash borasidagi kamchiliklar va muammolarni aniqlash maqsadida amaldagi qonun va qonun osti hujjatlarining isteʼmolchilar huquqlarini taʼminlash talablariga javob berishi boʻyicha qayta koʻrib chiqish ishlarning sust tashkil etilganligi, aholining tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanishga boʻlgan huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarni talab darajasida taʼminlash maqsadida tegishli qonun va qonunosti hujjatlarining talab darajasida qayta koʻrib chiqilmayotganligi kabi muammolar boʻyicha amaliy choralar koʻrilishi zarurligi taʼkidlandi.

Mazkur masala maʼlumot uchun qabul qilindi. Lekin hududlarda ushbu yoʻnalishda mansabdor shaxslar tomonidan ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani hamda fuqarolar murojaatlaridan kelib chiqqan holda Senatning navbatdagi yalpi majlisida Energetika vazirligining axborotini eshitish taklifi bildirildi.

Shundan soʻng hokimlar tomonidan qarorlar qabul qilinishida qonun hujjatlariga rioya etilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Senat Qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, ijroga yoʻnaltirilgan.

Belgilangan chora-tadbirlarda hokimlarning qarorlar qabul qilish jarayonini avtomatlashtirish, tadbirkorlikka oid qarorlarini Hukumat tomonidan monitoring qilib borish, qolaversa, belgilangan indikatorlar va maqsadli parametrlarning ijrosi boʻyicha hokimlar oʻz hududlaridagi ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikka muntazam axborot berib borish tizimini yoʻlga qoʻyish, ular faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini rivojlantirish kabi bir qator masalalar aks ettirilgan.

Shu bilan birga, majlisda bu borada qoʻshimcha choralar koʻrilishi lozim boʻlgan ishlarga urgʻu berildi. Jumladan, yuborilgan Parlament soʻrovida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati va ular tomonidan fuqarolar va tadbirkorlik faoliyatiga taalluqli qarorlar qabul qilish jarayonining shaffofligini taʼminlash borasida hozirgi kunda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida axborot berish soʻralgan edi.

Biroq Hukumatning amaliy chora-tadbirlar rejasida hokimlarning faqat tadbirkorlikka oid qarorlarini monitoring qilib borish va uning natijalari yuzasidan tegishli choralarni koʻrish mexanizmlarini ishlab chiqish belgilangan. Qolaversa, hokimlar tomonidan fuqarolar huquqlariga taalluqli qarorlarni (yer ajratish, uy-joyini buzish va h.k.) monitoring qilib borish masalasi ochiq qolgan.

Bundan tashqari, qonun buzilishlarining oldini olish maqsadida tuman (shahar) hokimlarining normativ-huquqiy boʻlmagan boshqa qarorlari (yer ajratish, uy-joyini buzish va h.k.) adliya boʻlimlari xulosalari asosida qabul qilinishi lozimligi yoki lozim emasligi toʻgʻrisida asoslantirilgan maʼlumot keltirilmagan.

Yana bir jihat, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan qarorlar qabul qilish holati va bu bilan bogʻliq jarayonning shaffofligini kuchaytirishga qaratilgan deputatlik nazoratini amalga oshirish maqsadida xalq deputatlari Kengashlariga muntazam ravishda axborot taqdim etishi masalalariga eʼtibor qaratilmagan.

Senatorlar parlament soʻrovida keltirilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan davom ettirish zarurligini taʼkidladi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi. 

Shuningdek, majlisda Oliy Majlis Senati Kengashining qarori ham tasdiqlandi.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.

Oʻzbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining 

Axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?