Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi toʻgʻrisida AXBOROT

18:03 19 Fevral 2020 Siyosat
166 0

2020-yil 19-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Kengash majlisini ochar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan dolzarb vazifalarning, shuningdek parlament yuqori palatasi zimmasiga yuklangan vakolatlarning amalga oshirilishi borasida Senat aʼzolarining masʼuliyati haqida toʻxtalib oʻtdi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisini joriy yil 28-fevral kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Yalpi majlisda Senat aʼzolari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq sohalaridagi islohotlarni izchil davom ettirish, mahalla va oila institutini mustahkamlash, bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari hamda muhim masalalar muhokama qilish nazarda tutilmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi, “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi, “Metrologiya toʻgʻrisida”gi, “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidan.

Shuningdek, senatorlar bola huquqlarining qoʻshimcha kafolatlari belgilanishi, sud ish yurituviga axborot texnologiyalarini joriy etish davom ettirilishi va nizolarni sudgacha hal qilish muddatlari maqbullashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadigan qonunlarni koʻrib chiqadilar.

Yalpi majlisda “Xalqaro xususiy huquq boʻyicha Gaaga konfrensiyasi Ustavini (Gaaga, 1951-yil 31-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama etiladi.
 

Senatorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-madaniy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonini tasdiqlash haqidagi masala ham koʻrib chiqiladi.

Senat aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2019-yilda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati toʻgʻrisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha faoliyati haqidagi axborotlarini eshitadi.

Yalpi majlis ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va nogironlikni aniqlash masalalari yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadilar.

Shuningdek, yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga avval yuborilgan parlament soʻrovlari natijalarini ham muhokama qilish nazarda tutilmoqda.

Oliy Majlis Senati qoʻmitalari va devonining ikkinchi yalpi majlisga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida ishchi guruh tuzildi.

Kengash tomonidan Senat qoʻmitalariga yalpi majlisda muhokama uchun masalalarni tayyorlashda hududlar manfaatlarini hisobga olish, aholini tashvishga solayotgan muammolarni ochib berish va hal etish boʻyicha ijro hokimiyati organlari uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqish topshirigʻi berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?