Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining bayonoti

09:24 26 Dekabr 2019 Siyosat
354 0

Joriy yilning 22-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy kengashlariga boʻlib oʻtgan saylovlarning natijalari boʻyicha qator xalqaro tashkilotlarning missiyalari va xorijiy mamlakatlarning delegatsiyalari kuzatuvlarining dastlabki xulosalariga doir bayonotlar bilan chiqdi.

Markaziy saylov komissiyasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, YEXHTning Parlament Assambleyasi Missiyasiga, SHHT, MDH, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi missiyalariga va barcha xalqaro kuzatuvchilarga Oʻzbekiston Respublikasiga saylovlarni adolatli, halol va shaffof, umumeʼtirof etilgan standartlar va eng maqbul amaliyotlar, mamlakatimizning saylovlar sohasidagi majburiyatlariga binoan oʻtkazishda koʻrsatgan gʻoyat ulkan yordami uchun samimiy minnatdorlik bildiradi.

Oʻzbekiston Respublikasidagi saylovlarga birinchi marta misli koʻrilmagan darajada koʻp xalqaro kuzatuvchilar va xorijiy davlatlarning kuzatuvchilari, chet mamlakatlarning ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif etildi. Saylovlarda jami 50dan ortiq xorijiy davlatlardan va 10ta xalqaro tashkilotlardan 800dan ziyod kuzatuvchilar, shuningdek, chet mamlakatlarning 130dan ortiq ommaviy axborot vositalari vakillari monitoring va yoritish ishlarini olib bordi.

Bularning barchasi Oʻzbekiston Respublikasining saylovlarni chinakam demokratik tamoyillar asosida oʻtkazishga, fuqarolarning oʻz xohish-irodasini erkin bildirishi uchun barcha sharoitlarni taʼminlashga qatʼiy amal qilayotganining yorqin dalilidir.

Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchilarga va xorijiy davlatlarning kuzatuvchilariga Oʻzbekistonda demokratik-huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini mustahkamlash yoʻlida muhim bosqich boʻlgan parlament saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida mamlakatimiz tomonidan amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlarni xolis eʼtirof etganlari uchun chuqur minnatdorlik izhor etadi.

Saylovlarning Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yili boshlangan va Oʻzbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotini bosqichma-bosqich oʻzgartirish va yuksaltirishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida oʻtkazilgani xalqaro kuzatuvchilarning missiyalari va delegatsiyalarining bayonotlarida haqli ravishda alohida taʼkidlangan. Ayni paytda “Oliy Majlisga “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida boʻlib oʻtgan saylovlar ortga qaytmas xarakter kasb etgan modernizatsiya va demokratlashtirish jarayonlaridagi muhim bosqich ekani” haqli ravishda alohida taʼkidlangan.

Markaziy saylov komissiyasining va boshqa tashkilotlarning mamlakatimiz saylov qonunchiligini yangilash, saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini joriy etish, saylovoldi tashviqotini yangi formatda tashkil qilish va oʻtkazish, koʻp sonli xalqaro va mahalliy kuzatuvchilarning, jumladan, siyosiy partiyalar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari kuzatuvchilarining, ommaviy axborot vositalari vakillarining saylovlarda toʻsqinliklarsiz ishtirok etishini taʼminlash, saylov jarayoni ishtirokchilarining saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazish borasidagi bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash kabi yoʻnalishlarda amalga oshirgan ishlariga yuqori baho berilgan.

Shuni bilan birga, xalqaro kuzatuvchilarning missiyalari va delegatsiyalari tomonidan saylov qonunchiligini va saylov amaliyotini yanada takomillashtirish, saylovlarni chinakam demokratik saylovlar boʻyicha xalqaro standartlar va eng maqbul amaliyotlar asosida oʻtkazish borasida qator tavsiyalar taqdim etildi.

Jumladan, YEXHT Parlament Assambleyasi va YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining saylovlarni kuzatish boʻyicha xalqaro missiyasining dastlabki natijalar va xulosalarga oid bayonotida shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz ovoz berish, “bir kishining butun oila uchun ovoz berishi”, ovozlarni sanab chiqishdagi ayrim qoidabuzarliklar, xotin-qizlarning mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotidagi ishtirokini yana kengaytirish zarurati, deputatlikka mustaqil nomzodlarning yoʻqligi va fuqarolik jamiyati institutlariga saylovlarni kuzatib borish imkoniyati berilmaganligi borasida aniqlangan ayrim holatlar ham koʻrsatib oʻtilgan.

Markaziy saylov komissiyasi toʻla masʼuliyat bilan maʼlum qiladiki, xalqaro kuzatuvchilarning xulosalari va tavsiyalari Oʻzbekistonda saylov qonunchiligini va saylov amaliyotini yanada takomillashtirish boʻyicha amalga oshiriladigan rejali va izchil ishlarning asosidan joy oladi, shuningdek, ushbu sohada barcha manfaatdor tomonlar bilan amaliy muloqotni davom ettirishga tayyor.

Ayni paytda Markaziy saylov komissiyasi boʻlib oʻtgan saylovlarning natijalarini, shuningdek, xalqaro va xorijlik kuzatuvchilarning bayonotlarini saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish, bayon etilgan xulosalar va tavsiyalarni amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish uchun sinchiklab oʻrganishga va ularning chuqur tahlilini oʻtkazishga kirishdi.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi boʻlib oʻtgan saylovlarning yakunlari boʻyicha fikr almashish, eng muhim tavsiyalarni va ularni amalga oshirish yoʻllarini koʻrib chiqish uchun 2020-yilning ikkinchi choragida milliy va xalqaro darajadagi barcha manfaatdor tashkilotlar ishtirokida xalqaro konferensiya oʻtkazishga qaror qabul qildi.

Pirovardida Markaziy saylov komissiyasi milliy qonunchilikni va qonunlarni qoʻllash amaliyotini yagona maqsad – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining oʻz xohish-irodasini erkin va haqiqatda bildirishini taʼminlashga qaratilgan xalqaro saylov huquqlariga muvofiqlashtirishga doir ishlarni davom ettirishga oʻzining qatʼiy tayyorligini taʼkidlab, saylovlar sohasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan amaliy ishlarni va oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirishga umid bildiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi.

2019-yil 25-dekabr.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?