Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rasmiy bayonoti

11:33 01 Avgust 2020 Jamiyat
194 0

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vatandoshlarimizni va yurtimiz mehmonlarini muqaddas Qurbon hayiti bilan muborakbod etadi.

Maʼlumki, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda eʼtiqod erkinligini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor berilmoqda. Respublika Hukumatining diniy bagʻrikenglikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan saʼy-harakatlari mamlakatimizda tinchlik, konfessiyalararo totuvlik va millatlararo hamjihatlikni mustahkamlanishida muhim omil sifatida xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ham moʻmin-musulmonlar ibodatlarini ado etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Jumladan, respublikamiz hududidagi masjidlarda fuqarolar tomonidan jamoa namozlari oʻqilishi jarayonida xavfsizlikni taʼminlash, masjidlar yonida va ularga tutash avtoturargohlarda mashinalarning tartibli harakatlanishini tashkil etishda ichki ishlar organlari xodimlari oʻz vakolatlari doirasida xizmat qilib kelmoqdalar.

Albatta, dunyo miqyosida kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi sharoitida Oʻzbekistonda ham boshqa davlatlardagi kabi namozlarni masjidlarda jamoa bilan oʻqishda cheklovlar joriy qilindi. Bu cheklovlarning barchasi vaqtincha oʻrnatilgan boʻlib, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining xavfi kamayishi bilan ularni bosqichma-bosqich yechish koʻzda tutilgan.

Jumladan, karantin choralari bekor qilinganidan soʻng Oʻzbekistondagi barcha masjidlarda fuqarolarning hech qanday cheklovlarsiz namozlarini jamoa bilan ado etishlari uchun zarur shart-sharoitlar taʼminlanadi.

Shu oʻrinda, Ichki ishlar vazirligi masjidlarga voyaga yetmagan fuqarolar va bolalarning oʻz ota, aka-uka va yaqin qarindoshlari hamrohligida namoz oʻqish uchun erkin kelib-ketishlari mumkinligini eslatib, bunga qonunchiligimizda hech qanday taqiqlar mavjud emasligini alohida taʼkidlaydi.

Vazirlik vatandoshlarimizning din erkinligi sohasidagi huquqlarini himoya qilishda hamda ushbu yoʻnalishda biror bir qonunga zid toʻsiqlar va sunʼiy cheklovlar oʻrnatilishiga qarshi kurashishda davom etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yana bir bor barcha yurtdoshlarimizni muborak Qurbon hayiti bilan tabriklab, xonadonlariga tinchlik, xotirjamlik va fayzu baraka tilab qoladi.

IIV Axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?