Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

00:02 14 Dekabr 2018 Hujjatlar
312 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda maʼmuriy tartibotlardan oʻtishni soddalashtirish, aholi turmushi sifatini oshirish, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan elektron hukumatni, shu jumladan, davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirish borasida izchil choralar koʻrilmoqda.

Shu bilan birga, raqamlashtirishni taʼminlashga va raqamli iqtisodiyotga oʻtishga toʻsqinlik qilayotgan qator hal qilinmagan muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

Xususan, davlat axborot tizimlarini rivojlantirishning yagona prinsiplari ishlab chiqilmagan, ushbu sohadagi tadbirlar esa oʻzaro va boshqa axborot tizimlari bilan uzviy bogʻlanmagan holda amalga oshirilmoqda.

“Elektron hukumat” tizimi infratuzilmasi lozim darajada rivojlanmayapti, bu davlat xizmatlarini koʻrsatishda va idoralararo elektron hamkorlik qilishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllashga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda.

“Elektron hukumat” tizimini joriy etishda taʼsirchan muvofiqlashtiruv va yagona texnologik yondashuvning mavjud emasligi resurslarning nooqilona foydalanilishiga olib kelmoqda hamda tadbirlarning samaradorligini pasaytirmoqda.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimining joriy etilishini taʼminlash, aholi, biznes va davlat oʻrtasida samarali oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun qoʻshimcha shart-sharoit yaratish maqsadida, shuningdek, 2017-2021yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018 yil 3 iyuldagi PQ–3832-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish sohasida vakolatli organ etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

“Elektron hukumat” tizimini joriy etish raqamli iqtisodiyotning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi;

Agentlik elektron hukumat sohasidagi hamda davlat boshqaruvida axborot tizimlarini joriy etishda vakolatli organ hisoblanadi, ushbu sohada yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish uchun masʼuldir;

Agentlikning elektron hukumat sohasida, shuningdek, davlat boshqaruvida axborot tizimlarini joriy etish boʻyicha oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari ijrosini taʼminlash respublikaning barcha vazirliklari, idoralari va tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi;

davlat boshqaruvida axborot tizimlari, resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish boʻyicha loyihalar, shuningdek, bunday loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Agentlikda ekspertizadan oʻtkazilishi shart;

Agentlik raqamli iqtisodiyotni joriy etish boʻyicha vazifalarni amalga oshirish doirasida xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari bilan bevosita oʻzaro hamkorlik qilish huquqiga ega.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda:

hozirgi kunda “Elektron hukumat” tizimi doirasida amalga oshirilayotgan idoralararo va idoraviy axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish loyihalarining hamda axborot-kommunikatsiya sohasidagi boshqa loyihalarning (keyingi oʻrinlarda – loyihalar) amalga oshirilishi va moliyalashtirilishini toʻxtatib qoʻysin;

bir oy muddatda loyihalarni toʻliq xatlovdan oʻtkazsin va yakuniy natijalari boʻyicha Agentlikka axborot kiritsin.

4. Agentlik:

a) 2019 yil 1 aprelga qadar amalga oshirilayotgan loyihalarning tanqidiy koʻrib chiqilishini hamda maqsadga muvofiq, dolzarb, respublikada raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsad va vazifalariga mos keladigan loyihalarning davom ettirilishini taʼminlasin;

b) 2019 yil 1 mayga qadar quyidagilarni nazarda tutadigan“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish konsepsiyasiloyihasining ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini taʼminlasin:

elektron hukumatning davlat, aholi va biznesning samarali oʻzaro hamkorligini, shuningdek, jahonning raqamli makoniga integratsiyalashuvini taʼminlash boʻyicha yagona milliy tizim sifatidagi maqsadli ahamiyatini belgilash;

“Elektron hukumat” tizimining tarkibi va tuzilmasini, uni yaratish shartlari va arxitekturasining konseptual asoslarini, jumladan, tashkiliy, funksional, texnik tuzilmasini, shuningdek, asosiy raqamli aktivlar roʻyxatini aniq belgilash;

elektron hukumatni yaratishning asosiy prinsiplari va funksional vazifalarini, elektron hukumat imkoniyatlaridan foydalangan holda raqamli transformatsiyaga erishishning aniq koʻrsatkich va indikatorlarini belgilash;

elektron hukumatni yaratishning huquqiy va tashkiliy-texnik choralarini, jumladan, raqamli transformatsiya jarayonlarini tadqiq etish metodologiyasiga, ularning oʻzaro muvofiqligiga, axborot sohasida birgalikdagi hamkorlik, maʼlumotlar almashish protokollari va formatining oʻzaro mosligiga doir talablarni belgilash;

shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha talablarni hisobga olgan holda axborotni yigʻish, qayta ishlash, toʻplash, saqlash va uzatishda axborot xavfsizligini taʼminlash;

“Elektron hukumat” tizimini yaratish va joriy etish boʻyicha loyihani amalga oshirish mexanizmlari va bosqichlarini nazarda tutish;

“Elektron hukumat” tizimini joriy etishda uning samaradorligi va shaffofligini oshirishni taʼminlaydigan, jumladan, loyihalar boʻyicha yagona milliy distribyutorni tashkil etish orqali yaxlit jarayonni (ishlab chiqish, loyihalashtirish, kelishish, loyihalar boʻyicha tovarlar, ishlar, xizmatlar xarid qilish, shuningdek, ularni foydalanishga topshirishning yagona tizimini) barpo etish;

Agentlik negizida boshlangʻich loyiha sifatida elektron raqamli imzo infratuzilmasining namunaviy elementini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish.

5. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida raqamli infratuzilmani yanada modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018 yil 21 noyabrdagi PQ–4022-son qaroriga muvofiq Agentlik tomonidan “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi bilan birgalikda barcha davlat xizmatlari faqatgina operatorning maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari orqali koʻrsatilishini taʼminlashni nazarda tutadigan 2019-2021yillarda “Universal Mobile Systems” MCHJni rivojlantirish Konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.

Agentlik manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019 yilning 1 mayiga qadar maʼlumotlarga ishlov berish markazlariga boʻlgan ehtiyoj va ularning joylashuvi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Innovatsion loyihalarni amalga oshirish va idoraviy axborot tizimlarini jadal integratsiyalashuvining tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018 yil 18 apreldagi PQ–3673-son qaroriga muvofiq Agentlik tomonidan aloqaning, shu jumladan, xorijda boʻlish vaqtida, maxfiyligi, tezkorligi, xavfsizligi va telekommunikatsiya xizmatlariga sarflanadigan byudjet mablagʻlarining tejalishini taʼminlaydigan hukumat mobil aloqasi tizimini (keyingi oʻrinlarda – tizim) ishga tushirish, sinash va undan tajriba tariqasida foydalanish ishlari bajarildi.

Belgilab qoʻyilsinki, 2019 yil 1 apreldan boshlab ushbu tizim davlat organlari, tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari uchun oʻz xizmat vazifalarini bajarishda foydalanilishi majburiy hisoblanadi.

7. Agentlik Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat organlari, tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining oʻz xizmat vazifalarini bajarishda tizimdan foydalanishi majburiy boʻlgan xodimlari roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

8. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017 yil 24 iyuldagi PF–5120-son Farmoniga muvofiq yaratiladigan Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha ushbu tizimning barcha ishtirokchilari tomonidan foydalanilishi majburiy hisoblanadi.

Roʻyxatga kiritilgan vazirlik va idoralar huquq egalarining tegishli litsenziyalarisiz dasturiy mahsulotlardan foydalanishga yoʻl qoʻymasdan, maʼlumotlarning belgilangan protokol boʻyicha platforma formatida taqdim etilishi va tizimga kiritilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining aloqa bilan taʼminlashga 2018 yilgi va 2019 yilga moʻljallangan xarajatlari toʻgʻrisida vazirlik va idoralar kesimidagi axborotni Agentlikka taqdim etsin;

ushbu Farmondan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining xalqaro aloqa uchun 2019 yilga moʻljallangan xarajatlarining qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin;

har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida ushbu Farmonni amalga oshirish doirasidagi tadbirlarni moliyalashtirishga mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.

10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlik bilan birgalikda:

bir hafta muddatda – “Elektron hukumat” tizimidan foydalanish maqsadida foydalanuvchilarning majburiy tartibda identifikatsiya qilinishini nazarda tutgan holda Internet tarmogʻidan simsiz foydalanish boʻyicha ommaviy nuqtalar toʻgʻrisidagi nizom loyihasini;

bir oy muddatda – ushbu Farmon talablarini hisobga olgan holda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining elektron hukumat sohasidagi vakolatlarini, shuningdek, uning tuzilmasini qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi ikki oy muddatda “Elektron hukumat” tizimini joriy etish doirasida tovarlar kiritish uchun alohida bojxona ombori tashkil etilishini taʼminlasin.

12. Agentlik Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O. B. Murodov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B. M. Mavlonov va Agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari D. R. Li zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 13 dekabr


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?