Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi bilan uchrashdi

09:46 13 Avgust 2019 Siyosat
215 0

Birinchi Kaspiy iqtisodiy forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi, deb xabar berdi OʻzA.

Uchrashuvda ikki davlat Prezidentlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuv va muloqotlarida erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik, koʻp qirrali amaliy hamkorlik munosabatlarini izchil rivojlantirishda muhim omil boʻlayotgani taʼkidlandi.

Urganch shahrida joriy yil 30-may kuni boʻlib oʻtgan hukumat rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiyaning ilk majlisi oʻzaro manfaatli hamkorlik koʻlamini istiqbolli loyihalar asosida kengaytirish, oliy darajadagi muloqotlar chogʻida erishilgan kelishuvlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, axborot kommunikatsiyalari texnologiyalari, energetika va qishloq xoʻjaligi sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda mavjud salohiyatdan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Hukumat rahbarlari birinchi Kaspiy iqtisodiy forumi mamlakatlarimiz uchun foydali muloqotlarga boy boʻlayotganini, uning doirasida bildirilayotgan takliflar ikki va koʻp tomonlama muloqotni faollashtirishga xizmat qilishini taʼkidlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?