Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi munosabatlari alohida strategik sheriklik maqomiga koʻtarildi

15:33 19 Aprel 2019 Siyosat
308 0

Samarali muzokaralardan soʻng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Mun Chje In Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasida alohida strategik sheriklik toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiyani imzoladi.

Hukumat va vazirliklar oʻrtasida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish, tinch maqsadda fazoni tadqiq etish, fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida hamkorlik, sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Koreya markazini tashkil etishga oid va boshqa hujjatlar imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari uchun oʻtkazilgan brifingda Prezidentlar anʼanaviy doʻstlik, ochiqlik va oʻzaro anglashuv ruhida kechgan muzokaralar natijalaridan mamnunligini alohida taʼkidladi.

– Muloqotlarimiz Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreyaning siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligi xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga toʻla mosligini, xalqaro va mintaqaviy muammolar, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash masalalari boʻyicha pozitsiyalarimiz yaqin ekanini namoyish etdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bugun imzolangan Alohida strategik sheriklik toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilganini koʻrsatadi.

– Dunyoning diqqat markazida boʻlib kelayotgan Oʻzbekiston Prezidentiga chuqur hurmatimni bildiraman. Shavkat Mirziyoyev hamma sohalardagi – siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy hayotga doir islohotlari bilan Oʻzbekistonni yangi taraqqiyot bosqichi sari yetaklamoqda. Bugun mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni alohida strategik sheriklik darajasiga koʻtardik. Uni hayotga tatbiq etish mexanizmlari, oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishning yangi yoʻnalishlarini muhokama qilib, istiqbolli kelishuvlarga erishdik, – dedi Mun Chje In.

Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohalarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish boʻyicha bitimlar imzolangani alohida taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?