Oʻzbekiston Quyonchilik xoʻjaliklari assotsiatsiyasi hozirgi pandemiya davrida aholiga qanday xizmat qilmoqda?

09:06 17 Aprel 2020 Iqtisodiyot
696 0

Bugungi sharoit shu yurt farzandi boʻlgan har bir insonni yana-da masʼuliyatli boʻlishga undamoqda. Hech kimning jim qarab turishga haqqi yoʻq. Agar qoʻlidan kelsa, imkoniyati boʻlsa, pandemiyaga qarshi kurashish uchun yordam bersa nur ustiga nur. Zero, bugun oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo miqyosida dolzarb vazifaga aylanmoqda.

Eʼtiborlisi shundaki, Oʻzbekiston bu borada keng imkoniyatlarga ega. Yurtimiz zamini saxovatli. Xalqimiz tadbirkor va mehnatkash. Qolaversa, ushbu masala hukumatning, davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida. Joriy yilning 14-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini yana-da rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ham ushbu masalalar muhokama qilindi. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish boʻyicha koʻplab vazifalar, xususan, meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini 2 barobarga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Aytish joizki, keyingi yillarda mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini shu tarmoqqa ixtisoslashtirish boʻyicha alohida qarorlar qabul qilingani, umuman, tarmoqda ilgari boʻlmagan ragʻbatlantirish mexanizmi yoʻlga qoʻyilgani, naslli mollar uchun 2 million soʻmgacha, naslli qoʻy va echkiga 400 ming soʻmdan subsidiya ajratish mexanizmi joriy etilgani fikrimiz tasdigʻidir. Bundan tashqari, joylarda yirik zamonaviy chorva komplekslari ishga tushirilmoqda. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida tashkil etilayotgan Quyonchilik klasteri loyihasi ham aynan chorvachilik sohasida olib borilayotgan islohotlarga yorqin misol boʻla oladi. Binobarin, ushbu loyiha natijasida viloyatda istiqomat qilayotgan 7500 kishi oʻz tomorqasida quyonchilik bilan shugʻullanib, yiliga 20 million soʻmdan 25 million soʻmgacha sof daromad olish imkoniyatiga ega boʻladi. Klaster doirasida aholiga quyon, uning yem-ozuqasi, kerakli anjomlar yetkazib berish hamda veterinariya xizmatlari taʼminotchi-integrator kompaniyalar tomonidan amalga oshiriladi. Yetilgan quyonlarni esa aholidan markazlashgan kushxonalar orqali qabul qilib olish mexanizmi ishlab chiqilgan. Bu bilan biz ekologik toza va parhezbop hisoblangan quyon goʻshtini aholiga sifatli qilib yetkazish beramiz. Shu bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga ham oʻz hissamizni qoʻshamiz.

Umuman olganda, assotsiatsiyamiz bu borada faol boʻlishga harakat qilmoqda. Shu maqsadda videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlarga binoan, aholi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan muhim choralar koʻryapti. Yaʼni endilikda Toshkent shahridagi bozorlar va doʻkonlarda parhezbop va ekologik toza quyon goʻshtini imtiyozli narxlarda xarid qilish imkoniyatini yaratmoqda.

Shuningdek, assotsiatsiyamiz tomonidan quyon goʻshti kam taʼminlangan va moliyaviy koʻmakka muhtoj oilalarga bepul yetkazib berilyapti. Bu orqali xalqimizning boshiga kelgan bu sinovli musibatlarni birga sabr va matonat bilan yengib oʻtishga harakat qilyapmiz.

Yana bir yangilik: Oʻzbekiston quyonchilik xoʻjaliklari assotsiatsiyasi xayriya aksiyasiga ham qoʻl urdi. U orqali urush va mehnat faxriylari hamda pansionatlarni ham quyon goʻshti bilan taʼminlashga kirishmoqda. Zero, jamoamiz bu sinovni faqatgina ahillik va birdamlik bilan yenga olishimizga ishonadi.

Abdurazzoq IBRAGIMOV,

Oʻzbekiston Quyonchilik xoʻjaliklari assotsiatsiyasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?