Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari “Markaz-2019” strategik qoʻmondonlik-shtab oʻquvlarida ishtirok etadi

09:58 22 Avgust 2019 Jamiyat
149 0

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 16-21-sentyabr kunlari “Markaz-2019” yirik masshtabdagi strategik qoʻmondonlik-shtab oʻquvlarida ishtirok etadi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Mazkur oʻquvlar davomida Markaziy Osiyo hududida xalqaro terrorizmga qarshi kurashish kabi topshiriqlarni hamkorlikda bajarishda mamlakatlar qoʻshinlarining guruh (kuchl)larini samarali qoʻllash kabi vazifalar ishlab chiqiladi hamda Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari qurolli kuchlarining milliy manfaatlarini himoya qilishga boʻlgan shayligi namoyish etiladi.

Strategik qoʻmondonlik-shtab oʻquvlarida yetti mamlakat – Rossiya, Qozogʻiston, Hitoy, Pokiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning harbiy kontingenti qantnashadi.

Oʻquvlarning birinchi bosqichida Oʻzbekiston va Tojikiston qurolli kuchlarining shtab ofitserlari hamkorlikda oʻz davlat chegaralarining janubiy sarhadlarida uyushtirilgan shartli harbiy-siyosiy vaziyatda tuzilgan qoʻshin guruhlarining kelishilgan harakatlarini rejalashtirish va tashkil etish kabi vazifalarni bajarishadi.

“Markaz-2019” qoʻmondonlik-shtab oʻquvlarining ikkinchi bosqichida esa Oʻzbekiston va Tojikiston qurolli kuchlari harbiy kontingentining hamkorlikdagi harakatlarini Rossiya Federatsiyasining Orenburg viloyatida joylashgan “Donguz” poligonida amalda qoʻllash rejalashtirilmoqda. Oʻzbekiston va Tojikiston qoʻshinlari “Donguz” poligonida mazkur oʻquvlarning turli taktik harakatlarini hamkorlikda bajarish davomida shartli ravishda ularni oʻz milliy hududlarida ham amalga oshiradi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston harbiy xizmatchilarining ushbu yirik masshtabdagi oʻquvlarda ishtiroki xalqaro harbiy hamkorlikni kelgusida rivojlantirish hamda qoʻshni mamlakatlar bilan jangovar hamdoʻstlikni mustahkamlash, jangovar tayyorgarlik masalalarida tajriba almashish, Markaziy Osiyo hududida vaziyatning keskinlashishining oldini olish borasida boshqaruv organlari ish mexanizmining yagona algoritmini ishlab chiqish va hamkorlikda operatsiyalarni bajarishda boʻlinmalarning harakatlanish tartibini puxta rejalashtirishga xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?