Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi 

21:41 01 Mart 2019 Jamiyat
486 0

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

1 mart kuni Oʻzbekiston mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Pavel Ergashev Rossiya Federatsiyasi Markaziy harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni general-polkovnik Aleksandr Lapin boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Mudofaa vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda tomonlar ikki davlat mudofaa idoralarining hamkorligi hamda uni rivojlantirish istiqbollari, harbiy-taʼlim yoʻnalishida oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdi.

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi Pavel Ergashev davlatlarimiz rahbarlari hamda mudofaa vazirlarimiz darajasida muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgan uchrashuvlar strategik hamkorlik va mamlakatlarimiz oʻrtasida ittifoqdosh munosabatlarni mustahkamlashga, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni taʼminlashga qoʻshimcha turtki boʻlishini taʼkidladi.

General-mayor P. Ergashev Rossiya Markaziy harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoniga Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining jangovar tayyorgarligini oshirish masalalarida koʻrsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.

2017 yilning oktyabrida “Forish” togʻ poligonida (Jizzax viloyati) ikki mamlakat oʻrtasida harbiy hamkorlik hamda Rossiya — Oʻzbekiston qoʻshma harbiy mashgʻulotlari oʻtkazilgan, unga Rossiya Markaziy harbiy okrugiga qarashli togʻ-oʻqchi boʻlinmalari ham jalb etilgandi.

Uchrashuvda 2016 yildan qayta tiklangan Oʻzbekiston harbiy xizmatchilarini Rossiya muassasalarida oʻqitish amaliyoti ham naqadar ahamiyatli ekanligi alohida aytib oʻtildi.

Aleksandr Lapin Oʻzbekiston Rossiyaning strategik hamkori hamda Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikning kafolati ekanligini bildirdi.

Uchrashuvdan soʻng Rossiya Qurolli Kuchlari delegatsiyasi Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurib, oliy harbiy taʼlim muassasasi tarixi va faoliyati, shuningdek, qoʻmondonlik va shtab boʻgʻinida harbiy kadrlarni tayyorlash sohasidagi yangicha yondashuvlar bilan tanishdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Rossiya Federatsiyasining harbiy delegatsiyasi ertaga Samarqand shahriga tashrif buyurib, shaharning tarixiy va madaniy obidalari bilan yaqindan tanishadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?