Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Axloqiy-ruhiy taʼminot konsepsiyasi tasdiqlandi

19:57 17 Fevral 2019 Jamiyat
568 0

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qoʻshinlarida axloqiy-ruhiy taʼminot ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida qoʻshinlarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini yuksaltirish, mamlakat tinchligi hamda osoyishtaligini taʼminlashga, halol harbiy xizmatchilarni tarbiyalashga qaratilgan Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Axloqiy-ruhiy taʼminot konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qoʻshma qaror imzolandi. Bu haqda Mudofaa vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu Konsepsiya Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi toʻgʻrisida”gi Qonun hamda boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasining harbiy tashkiloti faoliyatining amaldagi qonunchilik hamda meʼyoriy-huquqiy bazasi asosida Qurolli Kuchlarning harbiy harakatlarini axloqiy-ruhiy taʼminlash sohasidagi qarashlar, asosiy tushunchalar, maqsad va vazifalar, qonuniyat hamda tamoyillar, yoʻnalishlar, shakl va usullar tizimini oʻzida aks ettiradi.

Konsepsiyada Markaziy Osiyo mamlakatlarida inqirozli vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan ichki siyosiy barqarorlikka tahdidlar, axborot-kommunikatsiya makonida Oʻzbekiston Respublikasining suverenitetiga, mustaqilligiga, hududiy yaxlitligiga qarshi qaratilgan hamda aholining tinch hayotiga tahdid soluvchi ehtimoliy mafkuraviy va psixologik harakatlarga qarshi kurashish yoʻllari keltirib oʻtilgan.

Axloqiy-ruhiy taʼminot, bu — Qurolli Kuchlar boshqaruv organlari, qoʻmondonlar, shtablar, tarbiyaviy hamda mafkuraviy ishlar organlari, boshqa boshqaruv organlari va mansabdor shaxslar tomonidan shaxsiy tarkibning har qanday vaziyatlarda qoʻyilgan vazifalarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlaydigan yuqori axloqiy-ruhiy holati va boshqa sifatlarini shakllantirish, saqlab turish hamda tiklash boʻyicha maqsadlari, vazifalari, joyi, vaqti, ketma-ketligi, jalb qilinadigan kuch va vositalari boʻyicha muvofiqlashtirilgan harakatlar majmuidir.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?