Oʻzbekiston – Qozogʻiston oʻrtasida xalqaro ahamiyatga molik yoʻl ochildi

14:19 17 Iyul 2019 Siyosat
390 0

Bugun, 17-iyul kuni “Beyneu – Akjigit – Oʻzbekiston chegarasi” xalqaro avtomagistralining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Qoraqalpogʻiston axborot agentligi xabar tarqatdi.

“Beyneu – Akjigit – Oʻzbekiston chegarasi” xalqaro avtomagistralini qayta taʼmirlash masalasi ikki davlat rahbarlari tomonidan 2017-yil 23-mart kuni Nur-Sulton shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qoʻshnichilikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiyadan oʻrin olgan edi.

Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin joriy yil 21-iyun kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya majlisi doirasida mamlakatimiz rahbariyatiga murojaat qilib, “Beyneu – Akjigit – Oʻzbekiston chegarasi” xalqaro avtomagistralining tantanali ochilish marosimida hukumat delegatsiyasining ishtirok etishi taklifini bildirgandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya “Beyneu – Akjigit – Oʻzbekiston chegarasi” xalqaro avtomagistralining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Ikki mamlakat hukumatlari rahbarlari boshchiligidagi delegatsiya, quruvchi-mutaxassislar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashgan tadbirda mazkur xalqaro ahamiyatga molik yoʻlning qayta taʼmirlanib, foydalanishga topshirilishi mamlakatlarimizning qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat ekani taʼkidlandi.

Avtomobil yoʻlining uzunligi 84 kilometrni tashkil etadi. Mazkur yoʻlni rekonstruksiya qilish va uni Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ustyurt platosi orqali oʻtuvchi xalqaro avtomobil yoʻl bilan tutashtirish uchun 108 million AQSH dollarilik mablagʻ yoʻnaltirildi.

“Beyneu – Akjigit – Oʻzbekiston chegarasi” avtomagistrali mamlakatlarimizning iqtisodiyoti yuksalishi va oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining ortishiga xizmat qiladi. Oʻzbekistonning Qozogʻiston orqali Shimoliy va shimoli-gʻarbiy yoʻnalishlar – Boltiqboʻyi va Yevropa mamlakatlariga chiqishida, shuningdek, dengiz boʻyi mamlakatlari bilan bogʻlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?