Oʻzbekiston – Qozogʻiston forumi doirasida 16 ta hujjat imzolandi

17:45 26 Fevral 2020 Siyosat
166 0

Foto: UzA

Xorazm viloyatida oʻtayotgan Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ikkinchi hududlararo hamkorlik forumi doirasida ikki mamlakat hukumat rahbarlari ishtirokidagi hukumatlar delegatsiyalari uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va kommunikatsiya, qishloq xoʻjaligi, sayyohlik, taʼlim sohalaridagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, hududlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, hududlararo va chegaraviy hamkorlik, bojxona, energetika, suvdan foydalanish, kabi yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro aloqalarni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Transport-tranzit yoʻnalishida manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida idoralararo, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi oʻzaro anglashuv memorandumlari, Protokol, Bitim, shuningdek mavjud kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha Chora-tadbirlar rejasi koʻrinishidagi 15 dan ziyod hujjat qabul qilindi.

Muzokaralar natijasida Oʻzbekistondan Iqtisodiyot va sanoat, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, “Oʻzavtosanoat” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Xorazm, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari hokimliklari, Qozogʻistondan Savdo va integratsiya, Milliy iqtisodiyot vazirliklari, Mangistau, Qizil Oʻrda, Oqtoʻbe, Kustanay, Turkiston viloyatlari, Chimkent shahri hokimiyatlari vakillari tomonidan hamkorlik toʻgʻrisidagi tegishli hujjatlar imzolandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida II hududlararo hamkorlik forumining yakuniy deklaratsiyasini imzoladilar.
OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?