Oʻzbekiston — Qozogʻiston: Abadiy doʻst, strategik va ishonchli hamkor

11:30 12 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
364 0

“Xalq soʻzi” yoʻllanmasi bilan

Tili, dini bir, tarixi tutash, madaniyati mushtarak boʻlgan oʻzbek va qozoq xalqlari doʻstligi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Oʻzaro aloqalar, ayniqsa, keyingi yillarda yanada mustahamlandi. 2018 yilda Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili nishonlanayotgani bunga yorqin misoldir. Shu mnosabat bilan oʻtkazilayotgan madaniy-gumanitar va ishbilarmonlik tadbirlari xalqlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar rishtalarni mustahamlab, aloqalarga yangicha mazmun bagʻishlayapti, desak, ayni haqiqat.

Yana bir quvonchli mujda, shu yil Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanganiga 20 yil toʻldi. Qutlugʻ sana munosabati bilan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyevga tabrik maktubi yoʻlladi.

Unda qayd etilganidek, mazkur hujjatda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari mustahkamligi belgilab qoʻyilgan. Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma hamda Strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qoʻshnichilikni mustahkamlash toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiyaning imzolanishi oʻzaro hamkorlikni izchil rivojlantirishda yangi bosqich boʻldi.

Sahro bagʻridagi javohir
Toshkentdan koʻtarilgan samolyot mazilga tobora yaqinlashib, pastlay boshlagan chogʻda Ostona allaqachon qorongʻulikka choʻmgandi. 1 soatu 40 daqiqa parvoz qilgan yoʻlovchilar bort komandirining eʼlonidan soʻng xavfsizlik kamarlarini taqib, tungi shaharni tomosha qila boshlashdi.

Illyuminatordan boqar ekansiz, chiroqlar yogʻdusidagi ajib manzaradan diqqatingizni tortadi. Sababi, nafaqat koʻchalar, balki ulkan imoratlar ham shunday tartib bilan joylashtirilganki, ular oʻzaro uygʻunlashib, bamisoli geometrik shakllarni hosil qiladi. Osmonoʻpar binolarning meʼmoriy qiyofasiga monand oʻrnatilgan lampochkalardan taralayotgan zarrin nur yanada ulugʻvorlik baxsh etadi. Samolyotning yeldek tezligi tufayli bu goʻzallikka boqib toʻymay qolasan, kishi...

Ostona dunyodagi eng yosh poytaxt shahar sanaladi. Ushbu novqiron kent Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan bunyod boʻlgan.

Gap shundaki, bundan atigi 20 yil muqaddam uning oʻrnida qumliklar yastanib yotar, qishning izgʻirin, yozning garmsel shamollari ularni toʻzgʻitib, baland-past barxanlar hosil qilardi. Hademay, qum uyumlari oʻrnida mahobatli imoratlar qad rostlashiga, ochigʻi, mahalliy aholi vakillari ham ishonishmasdi. Lekin oradan koʻp oʻtmay, Ishim daryosining soʻl sohilida tamomila zamonaviy shahar vujudga keldi.

Aytishlaricha, Ostonani loyihalashtirish uchun eʼlon qilingan xalqaro tanlovda dunyodagi eng dongdor 40 nafardan ziyod meʼmorlar ishtirok etgan. Ular orasidan AQSH, Xitoy, Rossiya, Germaniya, Yaponiya singari davlatlarning yuqori salohiyatli mutaxassislari jalb etiladi. Natijada juda qisqa fursatda odamlar koʻz oʻngida yangi shahar paydo boʻladi.

Zamonaviy shaharsozlik anʼanalari, qurilish industriyasining soʻnggi yutuqlaridan mohirona foydalangan holda, tiklangan Ostona bugun mamlakat brendi, oʻziga xos ramziga aylangan. Bu yerga oʻqish, ishlash, yashash ilinjida kelayotgan aholi soni yil sayin ortmoqda. Aytaylik, unga poytaxt maqomiga berilgunga qadar eski shahar qismida atigi 275 ming nafar kishi istimoqat qilgan boʻlsa, bugungi kunda ushbu koʻrsatkich bir million nafardan oshdi.

Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi taklifi asosida biz, bir guruh ekolog, suv xoʻjaligi mutaxassislari va jurnalistlar “Suv xoʻjaligida “yashil” texnologiyalarni tatbiq qilish boʻyicha Qozogʻiston tajribasini ommalashtirish” mavzuidagi xalqaro konferensiyaga tashrifimiz davomida Ostona shahri bilan yaqindan tanishishga muyassar boʻldik.

Bu yerga kelganlar zamonaviy Qozogʻistonning tashrif qogʻoziga aylanib ulgurgan “Ostona-Bayterek” monumentini koʻrishga oshiqadilar. Bu bejiz emas, albatta. Chunki yangi shaharning qoq markazida qad koʻtargan ushbu minora nainki oʻziga xos meʼmoriy yechimi, balki qozoq xalqining koʻp yillik orzu-intilishlari, kelgusi rejalarini oʻzida ifoda etgani bilan ahamiyatli.

Inshootning tilla tusli, shar shaklidagi tepa qismiga koʻtarilamiz. Zamonaviy lift 97 metr balandlikka bir zumda eltib qoʻyadi. Modern usulda jihozlagan zalning oynavand devorlaridan atrofni kuzatamiz. Koʻz oʻngimizda shahar boʻy-basti bilan kaftdek namoyon boʻladi. Hech kim hayratini yashira olmaydi. Beixtiyor shunday taʼrifni qoʻllagimiz keldi:

Sahro bagʻridagi javohir!

Shaharsozlikda kam uchraydigan tajriba
Majuaning old qismida Prezidentning Oqoʻrda saroyi, oʻng tomonda esa Hazrat Sulton masjidi savlat toʻkib turibdi. Sharq meʼmorlik uslubida qurilgan mazkur masjid 2012 yilda foydalanishga topshirilgan. Uning muhobatli gumbazi, toʻrt burchagidagi minoralari olis-olisdan ham koʻzga yaqqol tashlanib turadi. Axir, ularning balandligi 77 metr. Muazzin aytayotgan azon tovushi esa osmonoʻpar inshootlardan osha shaharning eski qismigacha eshitilib, aks sado berib turadi. Umumiy maydoni 11 gektarni egallagan bu muqaddas maskanda hayit namozlarini 10 ming kishi ado etishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

Eʼtiborimizni maydon markazidagi “Quyosh-Favvora”ning har ikki tomonidagi ulkan imoratlar tortadi. Rivojlangan davlatlardagi mashhur inshootlarni esga soladigan 33, 37 hamda 42 qavatli “Shimol yogʻdusi” aholi yashash majmualari, shuningdek, boshqa inshootlar oʻzaro uygʻunlikda tugal meʼmoriy ansambl hosil qilgan. Shahar bosh loyihasida koʻzda tutilgan ishlar hali tugallanmagan shekilli, bu magʻrur imortalarga basma-bas yangi-yangi binolar qad koʻtarmoqda.

“Ostona-Bayterek” monumentining qarama-qarshi tomonida esa ulkan chodir tikilgan. Ekskursavodning aytishicha, bu — “Xan Shatir” savdo-koʻngilochar markazi. Zamonaviy shaharsozlikda kam uchraydigan ushbu majmuani koʻrishga oshiqamiz.

Hamrohim, “Davsuvxoʻjaliknazorat” inspeksiyasi masʼul xodimi Sharofiddin Ismoilov hayratini yashirolmay “Xonning chodriyam zamonaga mos ekan-a?!” deydi.

Chindan ham, tashqi qiyofasi bahaybat chodirni esga soladigan majuaning ichi butkul oʻzgacha.

“Xan Shatir” deganlari aylana shakldagi koʻp qavatli inshoot boʻlib, uning oʻrta sahni ochiq. Unga shaffof tomyopqichdan quyosh nuri mudom tushib turadi. Shuning uchun boʻlsa kerak, maxsus gultuvaklarda pakana daraxtlaru anvoyi gullar barq urib oʻsmoqda.

Bu yerda kichik tamaddixonalardan tortib, shohona taomlar tayyorlanadigan hashamdor restoranlar, savdo majmulari, koʻngilochar attraksionlar, bolalar maydonchalari, hatto dendropark ham oʻrin olgan. Binoning oxirgi qavatida esa pilyaj kurorti yil — oʻn ikki davomida faoliyat yuritadi.

Darvoqe, majmuadan kitob doʻkoni ham joy olgan. Unda Markaziy Osiyo xalqlari adabiyotlaridan tashqari, jahon klassikasining durdonalari ham topiladi. Tagʻin, ularning tarjimasi bilan birga, asli ham javonlarga terib qoʻyilganiga nima deysiz?!

Shahardagihar qaysi obyekt boʻlmasin, kirgan zahotingiz tashqaridagi sovuq havo, izgʻirinli shamolni unutasiz. Majmua maʼmuriyatidan bu haqda soʻraganimizda, ular hudud tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqib, moʻtadil haroratni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilishini aytadi. Shuning uchun hamma binolarning kirish qismida garderob mavjud. Bu yerga keluvchilar ustki kiyimi va qoʻl yukini qoldirib bemalol sayr qilishlari mumkin.

Vatanimning bir parchasi
Ostonda boʻylab sayr qilib, Oʻzbekistonimni topib oldim. Ajablanmang, shunday. U “Astana park”ning markaziy kirish joyida ekan.

Gap shundaki, ushbu yerdagi ulkan soat atrofida dunyo xalqlarining oʻzaro birdamligi, doʻstligining ramzi sifatida davlatlarning xaritasi yer sharida alohida-alohida tasvirlangan. Oʻzbekistonimiz xaritasi old qatorda joylashtirilganidan bir quvonsam, bolakay koʻlida tutib turgan shardagi davlatimiz xaritasi Registon maydoni fonida, bayrogʻimiz tasvirida bitilganini koʻrib, oʻndan chandon sevindim.

Ochigʻi, bu monument men uchun kutilmagan sovgʻa boʻldi!

Eʼtiborimizni tortgan yana bir jihat haqida toʻxtalsak, shahar koʻchalari keng va ravonligiga qaramay, yoʻllar kechayu kunduz tirband. Shunday boʻlsa-da, jamoat transporti uchun moʻljallangan birinchi polosa doimo ochiq. Haydovchilar bosiqligi, hatto tezlik soatiga 40 kilometrgacha cheklangan joylarda ham oʻzi ham, oʻzgalarni ham shoshirmasligi diqqatga sazovor.

Oʻz navbatida, yoʻlovchilarning madaniyatiga qoyil qolmay iloj yoʻq. Chunki faqat piyodalar oʻtish joyidangina harakatlanish odat tusiga kirgan. Buning uchun barcha chorrahalarda piyodalar uchun taymerli svetaforlar oʻrnatilgan. Uning yashil chirogʻi katta chorrahalardan 45, kichikroqlarida esa 25 soniya davomida yonib turadi.

Har bir bekat yonida sogʻlom turmush tarzi tarafdorlari uchun velosipedlar ijarasi yoʻlga qoʻyilgan. Qizigʻi, ushbu ulovlarni olish, toʻlov qilish, yana joyiga qoʻyishda inson ishtiroki yoʻq. Xohlagan kishi oʻzi mustaqil ravishda plastik kartochka orqali toʻlovni amalga oshirib, velosipedni minib ketaveradi.

Ostonada Toshkentdagi singari igna bargli, sersoya, manzarali daraxtlarni uchratmaysiz. Yoʻl atrofilarida ham hudud iqlimi, tuproq sharoitidan kelib chiqib, asosan, qayragʻoch daraxtidan “yashil devorlar” hosil qilingan.

Bogʻ va xiyobon, yashil maydonlarda ham sovuq va issiqqa bardoshli, suvsizlikka chidamli boʻlgan tol, terak, jiyda, qayragʻoch, doʻlana, naʼmatak, oq qayin kabi daraxtlar oʻstirilgan.

Aholining aytishicha, keskin kontinentlar ob-havo sharoitida bir tup nihol oʻstirish oson emas. Shaharda ana shunday mashaqqatli mehnat evaziga yashil maydonlar yaratilmoqda. Bundan 20 yil muqaddam ekilgan koʻchatlar endi qaddini rostlab, soya tashlab qolgan. Ularga boqib, inson moʻjizalar yaratishga, chin dildan harakat qilsa, sahroni chekintirishga ham qodirligiga ishonging keladi.

Davr talab etayotgan texnologiya
Xalqaro konferensiya mavzusi ham bevosita shu dolzrab masalaga daxldorligi bilan koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi. “Suv xoʻjaligida “yashil” texnologiyalarni tatbiq qilish boʻyicha Qozogʻiston tajribasini ommalashtirish” mavzuidagi mazkur forumda Qozogʻiston vakillari bilan birga, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston davlatlaridan tegishli tashkilot va idoralar masʼul xodimlari ishtirok etdilar.

“Yashil iqtisodiyot” modeliga oʻtish, ayniqsa, suv xoʻjaligida shunday texnologyailarni qoʻllashni muhokama etish emas, balki zudlik bilan amaliyotga tatbiq qilish kerak. Anjuman ishtirokchilarining yakdil fikrlari shunday boʻldi. Chunki suv tanqisligi sayyoramizdagi global muammolardan biriga aylangan. Uning asoratlari qurchoqchilikka moyil Markaziy Osiyo davlatlarida koʻzga yaqqol tashlanmoqda. Yevropa ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi hamkoriligida amalga oshirilayotgan “Yashil iqtisodiyot” modeliga oʻtishda Qozogʻistonni qoʻllab-quvvatlash” loyihasidan koʻzlangan asosiy maqsad esa vaziyatni yumshatish, iqlim oʻzgarishlariga moslashishdir.

Ushbu loyiha menejeri Guljamol Isayevaning taʼkidlashicha, suv xoʻjaligida “yashil” texnologiyalarni ommalashtirishda bejizga Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi bilan hamkorlik qilinayotani yoʻq. Chunki mintaqa davlatlari bilan bevosita ishlaydigan mazkur tuzilma salohiyatli ekspertlar hamda mustahkam moddiy-texnika bazaga ega.

Qozogʻistonda loyiha doirasida birgina suv xoʻjaligida 18 ta texnologiya sinovdan oʻtkazilib, eng maqbullari tanlab olindi. Buning natijasida Qiziloʻrda viloyatida dehqonchilikning anʼanaviy usulidan tashqari, organik usuli ham rivojlanishi barobarida, shoʻrlangan maydonlarda bogʻlar barpo etishning ustidan chiqildi. Shuningdek, Ostona shahri va uning atrofida issiqxona xoʻjaligining yangi maktabiga asos solinayotgan boʻlsa, Oqtoʻba suv ombori boshqaruvi tizimini avtomatlashtirish orqali obihayot behuda yoʻqotilishiga chek qoʻyildi.

Loyiha menejeri Murat Yakubovning izoh berishicha, undan koʻzlangan maqsad Yevropada yuqori samara berayotgan “yashil” texnologiya va ishlanmalarni mintaqada kengroq tatbiq etishdir.

Konferensiyada ayni shu yoʻnalishda Oʻzbekistonda olib borilayotgan ishlar olqishlandi. Bu yerda toʻplangan tajribadan foydalanish maqsadga muvofiqligi aytildi.

Insoniyat taqdiri, aholining turmush farovonligi ona-tabiat bilan chambarchas bogʻliq. Shunday ekan, uning neʼmatlaridan tejab-tergab foydalanish, ushbu yoʻldagi har qanday tajribani ommalashtirish zarur. Buning uchun esa Markaziy Osiyo davlatlari ekologiya va atrof-muhit sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlashi maqsadga muvofiqdir. Zotan, “yashil iqtisodiyot” modeli tamoyillarini amaliyotga jadal tatbiq qilish davrimizning eng dolzarb vazifasiga aylangan.
Said RAHMONOV,
“Xalq soʻzi” maxsus muxbiri.

Toshkent — Ostona — Toshkent


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?