Oʻzbekiston Qozogʻiston bilan hamkorlikda elektromobil ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishi mumkin

12:00 12 Avgust 2019 Jamiyat
104 0

Innovatsion rivojlanish vazirligida “E-Line Kazakhstan” kompaniyasi bilan hamkorlikda elektromobillarni ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida vazir oʻrinbosari Oybek Norinboyev va kompaniya bosh direktori R.Dyusenov bilan uchrashuv oʻtkazildi. Bunda elektromobillarni ishlab chiqarish borasida oʻzaro hamkorlikda ishlarni olib borishga kelishib olindi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur loyiha mamlakatimizda avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish bilan birga, atrof-muhit ifloslanishining oldini olishga hamda muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Jahon bozorida elektromobillar savdosi 2017-yilda 2012-yilga nisbatan 10-martaga oshgan boʻlib, “Thomson Reuters” tahlilchilarining prognozlariga koʻra 2040-yilga borib elektromobillar transport vositalarining yarmidan koʻpini tashkil qiladi.

Elektromobillar quyidagi bir qancha afzalliklarga ega:

elektromobillar dvigateli atrof muhitga zararli gazlarni chiqarmasligi hisobiga atrof-muhit ifloslanishining kamayishiga olib keladi;

elektromobil dvigateli elektr energiyasidan (muqobil energiyalar hisobiga) quvvat olishi sababli anʼanaviy yoqilgʻi sarfini kamaytiradi;

elektromobillar bilan toʻqnashuv sodir etilganda toʻqnashuv sensori tomonidan batareyalar oʻchirilishi bilan elektromobilning avtomatik tarzda toʻxtashi va boshqa afzalliklarga egaligi sababli Tesla Model-S elektromobili 2013-yilda AQSHda sinovdan oʻtgan barcha avtomobillar orasida eng yuqori xavfsizlik reytingiga sazovor boʻlgan;

ehtiyot qismlarining soni kamroq boʻlganligi elektromobilning ishonchliligini oshiradi va natijada taʼmirlash hamda texnik xizmat koʻrsatish xarajatlari kamayadi;

uzoq muddatli foydalanish paytida dvigatelning nisbatan ishonchliligi va chidamliligi hamda oddiy avtoulovlarning dvigatellariga nisbatan yuqori samaradorlik koeffitsiyenti;

batareyalarni standart elektr tarmogʻidan quvvat olish imkoniyatining mavjudligi xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi;

avtomashina oʻt oldirilgan hamda harakatlanayotgan vaqtda kamroq shovqin paydo boʻladi;

elektr dvigatelning elektromagnit tormoz rejimida boʻlishi favqulodda tormozlanish imkoniyatini beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?