Oʻzbekiston prokuratura organlari tizimidagi uchta boshqarma, qator lavozimlar tugatiladi

13:48 16 Mart 2019 Siyosat
1095 0

Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Prezident Farmoni (PF-5690, 15.03.2019 y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Farmonga koʻra 2019 yil 1 apreldan:

- tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va qonuniyligi ustidan nazorat qilish Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan amalga oshiriladi;

- Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarga oid qarorlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimi Bosh prokuratura tasarrufidan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tasarrufiga oʻtkazildi.

Oʻzbekiston prokuratura organlari tizimida quyidagilar tugatildi:

- Bosh prokuror oʻrinbosari lavozimlarining ikkita shtat birligi;

- Bosh prokuraturaning Tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi;

- Bosh prokuraturaning Prezident qarorlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlimlari;

- Bosh prokuraturaning Soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlimlari;

- soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilishga masʼul Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining oʻrinbosarlari, tumanlar (shaharlar) prokurorlarining oʻrinbosarlari va yordamchilari lavozimlari;

- tumanlar (shaharlar) prokurorlarining tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga masʼul oʻrinbosarlari hamda katta yordamchilari lavozimlari;

- Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tadbirkorlikni himoya qilish va tashqi iqtisodiy faoliyatdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish boʻlimi.

Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta tashkil etildi.

Prokuratura organlarining qisqartirilayotgan 1 198 ta shtat birliklaridan:

87 tasi – Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoniga;

470 tasi – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi boʻlinmalariga yoʻnaltiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?