Oʻzbekiston Prezidentining Yaponiyaga tashrifi chogʻida qiymati 6,5 mlrd dollarlik 48 ta kelishuv va shartnomalar imzolanadi

16:06 16 Dekabr 2019 Iqtisodiyot
661 0


16-dekabr kuni Tokio shahrida Oʻzbekiston-Yaponiya biznes-forumi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston tomonidan vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari, Yaponiyadan esa ishbilarmon doiralar vakillari – yirik xoldinglar, moliyaviy tashkilotlar va koʻp tarmoqli sanoat korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, forumda Yaponiya Bosh vazirining oʻrinbosari, moliya vaziri T.Aso, Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO), Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi, Yaponiya Biznes Federatsiyasi (KEYDANREN) rahbarlari ham qatnashdi. Umuman olganda, mazkur tadbirda Yaponiyaning 500 dan ortiq kompaniyalari va tashkilotlari vakillari tashrif buyurdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov tadbirni ochish marosimida, Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasidagi munosabatlar tizimli, koʻp qirrali tus olganini taʼkidlab, Yaponiya investitsiya va savdo-iqtisodiy sohalarda respublikaning strategik sheriklaridan biri ekanini qayd etdi. Shuningdek, u erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarni toʻlaqonli va oʻz vaqtida amalga oshirishga izchil yondashuv bilan bir qatorda, Oʻzbekistonda xorijiy kapital uchun yaratilgan qulay sharoitlar – oʻzaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlik uchun asos boʻlib xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi.

Forum dasturi oʻz ichiga Yalpi majlis hamda iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlari – neft-gaz va neft-kimyo tarmoqlari, avtomobilsozlik, mashinasozlik va elektrotexnika, oziq-ovqat, toʻqimachilik va ipak sanoati, charm kiyim-kechak va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqarish, infratuzilma qurilishi va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish salohiyatini yoritishga bagʻishlangan qator shoʻba sessiyalarini qamrab oldi. 
Forum ishtirokchilari Oʻzbekistonda investitsiya va tashqi savdo faoliyatini olib borish uchun muayyan sektorda yaratilgan shart-sharoitlar bilan batafsil tanishish, hamkorlikning oʻzaro manfaatlari va istiqbollarini muhokama qilish hamda kelgusida birgalikda ishlab chiqish maqsadida, aniq loyiha takliflarini koʻrib chiqish imkoniga ega boʻldilar.

Forum yakunida qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish borasida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Xususan, idoralararo darajada Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligining Savdo siyosati byurosi oʻrtasida iqtisodiy va sanoat hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum imzolandi. Shuningdek, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va Yaponiya iqtisodiyot va energetika instituti oʻrtasida oʻzaro munosabatlar yoʻlga qoʻyiladi – Issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish dasturi va Oʻzbekiston taraqqiyotining bosh rejasi birgalikda ishlab chiqiladi.

Navoiy viloyatida Yaponiya neft, gaz va metallar milliy korporatsiyasi (JOGMEC) ishtirokida geologik izlanishlar olib boriladi, Yaponiya tibbiy uskunalar sohasida tashqi texnik yordam koʻrsatish tashkiloti (OMETA) esa Toshkentda Yaponiya-Oʻzbekiston tibbiyot axborot markazini tashkil etishni reja qilmoqda. 
Yaponiyaning Isuzu Motors va Itochu Corporation kompaniyalarining “Oʻzavtosanoat“ AJ bilan hamkorligi orqali avtomobilsozlik sohasiga yirik investitsiyalar jalb qilinadi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston tijorat banklari MUFG Bank va Sumitomo Mitsui Banking bilan kichik va oʻrta biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha qator hujjatlarni imzoladilar.

Forumning Yalpi va seksion yigʻilishlari yakuni bilan energetika, togʻ-kon sanoati va kimyo tarmoqlari, avtomobilsozlik, yengil sanoat, oziq-ovqat, farmatsevtika, sogʻliqni saqlash va inftratuzilma qurilishi sohalarida investitsiya kelishuvlari va savdo shartnomalari imzolandi.

Umuman, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga tashrifi doirasida qiymati 6,5 mlrd dollarga teng boʻlgan 48 ta kelishuv va shartnomalar imzolanadi.

Biznes-forum Oʻzbekiston va Yaponiya ishbilarmon doiralarining keng koʻlamli yoʻnalishlardagi ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini yoritish uchun samarali maydon boʻlib, yangi investitsiya tashabbuslari va savdo bitimlarini amalga oshirish orqali erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash va sheriklik koʻlamini kengaytirish uchun tegishli sharoit yaratish imkonini berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?