Oʻzbekiston Prezidentining tashabbuslari Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatishda muhim rol oʻynamoqda

20:21 04 Mart 2020 Siyosat
192 0

Xabaringiz bor, yaqinda Qatar poytaxti Doha shahrida AQSH va “Tolibon” guruhi oʻrtasida uzoq kutilgan tinchlik bitimini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Mazkur jarayon afgʻonlararo umummilliy yarashuvga poydevor oʻrnatgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Rasmiy Toshkent Afgʻonistonni mintaqaning ajralmas qismi deb biladi. Binobarin, ushbu mamlakatda tinchlik oʻrnatish boʻyicha saʼy-harakatlar juda dolzarbdir. Markaziy Osiyoning mustahkam rivojlanishi Afgʻonistondagi vaziyat barqarorlashuvi bilan bevosita bogʻliq. Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha bor taʼkidlab oʻtganidek, afgʻon muammosini hal etmay turib, tinch va yuksak darajada taraqqiy etgan Markaziy Osiyo haqida gapirib boʻlmaydi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2018-yil mart oyida Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi xalqaro konferensiya Oʻzbekistonning afgʻonlararo tinchlik jarayonini faollashtirishga qoʻshgan hal qiluvchi hissasi boʻldi. Tadbirda Oʻzbekiston va Afgʻoniston Prezidentlari, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzolari boʻlgan mamlakatlar, mintaqaning yetakchi davlatlari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Toshkent konferensiyasida chiqish qilar ekan, Afgʻonistondagi mojaroni hal qilish yoʻllarining aniq strategik yondashuvlarini koʻrsatib, “Rasmiy Toshkentning afgʻon siyosati”ga doir ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi. Bular esa Afgʻoniston Islom Respublikasida tinchlikni oʻrnatish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarni faollashtirish asosiga aylandi.

Toshkent deklaratsiyasining yakdillik bilan qabul qilinishi forumning muhim mantiqiy yakuniga aylandi. Zero, unda Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni oʻrnatishning asosiy prinsiplariga nisbatan mintaqaviy hamda global darajada toʻliq murosa oʻz ifodasini topdi.

Oʻzbekiston Afgʻonistonda tinchlik jarayonini ilgari surish boʻyicha qanday rol oʻynagani haqida Qatarda boʻlib oʻtgan tadbir ishtirokchilari quyidagi fikrlarni bildirdi.

Zalmay XALILZOD,

AQSH Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili:

— Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan oʻtkazilgan Toshkent konferensiyasi bugungi amaliy natijalarga erishish uchun muhim poydevor vazifasini oʻtadi. Mazkur anjumandan soʻng AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Bundan tashqari, imzolangan kelishuvga muvofiq, bundan buyon Afgʻoniston hududida xalqaro terrorchilik guruhlari yashirilmaydi. Oʻz navbatida, shartnomani imzolagan tomonlar mazkur masalani, albatta, kuzatib borishadi. Asosiy maqsad esa Afgʻonistonda yaxlit tinchlik va barqarorlikni oʻrnatishdir. Yana bir bor alohida taʼkidlashni istardimki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bugungi kunda favqulodda muhim rol oʻynamoqda.

Uzoq kutilgan tinchlik jarayoni mintaqa uchun ham, butun dunyo uchun ham katta imkoniyatlar ochyapti. Mintaqada yangi ish oʻrinlari paydo boʻladi, sanoat, transport-logistika sohalari rivojlanadi.

Markus POTSEL,

Gyermaniya Federativ Respublikasining

Afgʻoniston va Pokiston masalalari boʻyicha maxsus vakili:

 Afgʻoniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismidir. Germaniya Afgʻoniston masalasi boʻyicha uzoq yillardan beri Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilib keladi. Hamkorlik doirasida afgʻon yoshlarining taʼlim olishlari uchun grantlar ajratilmoqda. Besh tomonlama yondashuvni ham bu boradagi oʻzaro aloqalarning yorqin misoli sifatida koʻrsatib oʻtish mumkin. Buning doirasida Qatar, Norvegiya, Indoneziya, Oʻzbekiston va Germaniya saʼy-harakatlari bilan Afgʻonistondagi turli kuchlar hamda guruhlar oʻrtasida muloqot yoʻlga qoʻyilyapti.

Germaniya Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishda Oʻzbekiston muhim rol oʻynamoqda, deb hisoblaydi. Aynan Oʻzbekiston Prezidenti ushbu mamlakatda tinchlikni oʻrnatishga qaratilgan xalqaro konferensiyani oʻtkazish tashabbusini koʻrsatdi. Qolaversa, GFR Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning 2019-yil may oyida Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida afgʻon masalasi chuqur tahlil qilindi.

Abdul Salom XANAFIY,

“Tolibon” harakatining Qatardagi

siyosiy vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari:

— Biz Oʻzbekiston Prezidenti saʼy-harakatlarini yuksak baholaymiz. U mamlakatimizning tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik borasidagi manfaatlari boʻyicha tashabbuslarni ilgari surdi. Biz buni qadrlaymiz. Oʻzbekiston va Afgʻoniston xalqlarini tarixiy ildizlar bogʻlab turadi. Bu mintaqada yashayotgan barcha insonlar yakdildir. Yaratganning irodasi bilan kelajakda ham biz tinch-totuv va yaxshi qoʻshnichilikda yashaymiz. Afgʻoniston xavfsizligi — bu Oʻzbekiston xavfsizligidir. Hamkorlik qilishdan umidvormiz.

Qori Din MUHAMMAD,

“Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy

vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari:

— Qariyb 40 yildan buyon Afgʻonistonda urush davom etyapti. Janglarni toʻxtatish, tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish biz va qoʻshnilarimiz uchun juda muhimdir. Oʻzbekiston Prezidenti Afgʻonistonda tinchlikni oʻrnatish boʻyicha muhim tashabbuslarni ilgari surganini yaxshi bilamiz va biz ushbu tarixiy natijaga erishamiz. Afgʻoniston va Oʻzbekiston umumiy chegaralar, madaniyatga ega. Ikki mamlakat xalqlari bir daryoning ikki tomonida yashaydi. Taqdirlarimiz ham bir-birlari bilan uzoq tarixdan boshlab bogʻlangan. Tinchlikni taʼminlash, qurilish, taʼlim va boshqa sohalardagi koʻmagingiz uzoq davlatlarning yordamidan koʻra ancha samaraliroqdir.

Tadamichi YAMAMOTO,

BMT Bosh kotibining Afgʻonistondagi maxsus vakili,

BMTning Afgʻonistonga koʻmak berish missiyasi (UNAMA) rahbari:

— Shuni alohida qayd etish kerakki, Dohada boʻlib oʻtgan ushbu tarixiy tadbir butun dunyo hamjamiyatining eʼtiborida turdi. Afgʻoniston kelajagi bu global miqyosda strategik ahamiyatga molik voqeadir. Biz Oʻzbekistonni Afgʻonistonning nafaqat yaqin qoʻshnisi, balki Markaziy Osiyo mintaqasida oʻz oʻrni, oʻz soʻzi, mavqei va boy tajribaga ega davlat sifatida bilamiz.

2018-yil mart oyida Toshkentda Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Afgʻoniston muammosi boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro anjuman bugungi tinchlik kelishuvi imzolanishiga juda katta hissa qoʻshdi. Muhim poydevor yaratdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shu asnoda, Oʻzbekiston rahbariyatiga bu jarayonda asosiy ishtirokchi sifatida xizmat qilgani uchun xalqaro hamjamiyat va BMT nomidan alohida tashakkur bildiramiz.

Oʻzbekiston biz uchun Afgʻonistonda tinchlik va tiklanish jarayonida muhim rol oʻynaydigan davlat sifatida qadrlidir. BMT kelgusida ham afgʻon muammosini toʻla hal qilishda Oʻzbekistonga suyanadi.

Abdulaziz KAMILOV,

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri:

 AQSH va “Tolibon” afgʻon harakati oʻrtasida juda muhim kelishuv imzolandi. Tomonlar Afgʻonistonda oʻt ochishni toʻxtatish va tinchlik muzokaralarini boshlash boʻyicha bir toʻxtamga kelishgani uning asosiy shartiga aylandi. Ushbu yoʻl oxirgi qirq yil ichida birinchi marta ochilishidir. Aytish lozim, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtkazilgan Toshkent konferensiyasidan keyingi oxirgi ikki yilda juda koʻplab ishlar qilindi. Boz ustiga bular Oʻzbekiston tomonidan juda murakkab sharoitlarda amalga oshirildi. Chunki yirik davlatlarda Oʻzbekiston bunday muammolarni hal etishga qodirligi boʻyicha toʻliq ishonch yoʻq edi, shunga yarasha koʻplab muhokamalar va munozaralar boʻldi. Biroq Prezidentimizning qatʼiyligi, pragmatizmi, vaziyatni real baholay olganligi sharofati bilan biz katta muvaffaqiyatlarga erishdik.

Biz Afgʻonistondagi qirq yillik urush davrida bosib oʻtilmagan Toshkentdan Dohagacha boʻlgan katta yoʻlni deyarli oxirgi ikki yilda bosib oʻtdik. Oʻzbekiston atrofida farovonlik va xavfsizlik halqasi shakllanyapti. Respublikamiz xavfsizligini mustahkamlash mamlakat yetakchisi tomonidan afgʻon yoʻnalishi boʻyicha qabul qilinayotgan barcha saʼy-harakatning aniq natijalaridir. Dohadagi “Tolibon” harakati rahbariyati bilan uchrashuvda ushbu harakat rahbariyati vakillari ular oʻz tomonidan Afgʻoniston hududidan mamlakatimiz xavfsizligiga nisbatan qandaydir tahdid paydo boʻlmasligini tasdiqlashdi. Men buni ertaga “Tolibon” harakati Oʻrta Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston tomon harakatlanishi va vaziyat yana izdan chiqishi haqidagi “sharhlar” va taxminlar haligacha tarqatilayotgani uchun aytyapman. Bunday “sharhlar” va kuzatuvchilar tegishli xulosalarni chiqarib olishlari shart.

Biz uchun janubiy qoʻshnilarimizga mahsulotlarimizni eksport qilish, ular bilan savdo, kommunikatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha ulkan imkoniyatlar ochilmoqda. Bular Pokiston, Eron, Hindiston va tabiiyki, Afgʻoniston kabi mamlakatlardan iborat katta bozordir.

Ismatilla ERGASHEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili:

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev afgʻon muammosiga yechim topishda har bir jihatni puxta oʻylab, tahlil qilib chiqdi. Yaʼni bu jarayondagi keyingi qadamlar qanday boʻladi? Toshkent konferensiyasidan keyin nima ishlar amalga oshirilishi kerak?

Eng avvalo, Prezidentimiz topshiriqlari boʻyicha global miqyosda konsensusga erishishda biz dunyoning eng yirik mamlakatlari, yaʼni AQSH, Rossiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston namoyandalari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻydik. Boʻlib oʻtgan muzokaralarda Oʻzbekiston tomoni xalqaro hamjamiyatni global darajada afgʻon muammosiga eʼtiborini qaratdi. Bundan keyingi vazifalarimizda biz mintaqaviy darajada konsensusga erishdik. Mintaqaning koʻzga koʻringan va afgʻon muammosini hal etishda katta salohiyatga ega boʻlgan eng asosiy aktorlar — Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar davlatlari vakillari bilan muzokaralarni olib bordik. Shu bilan birga, biz eng muhim boʻlgan masala — tinchlik jarayoniga erishish uchun muzokaralarni afgʻonlarning oʻzi tashkil etishi va ularning oʻzi rahbarlik qilishi kerak, degan tamoyilni ilgari surdik Buning uchun Afgʻoniston ichki siyosiy kuchlarining eng asosiy namoyandalari bilan uchrashuvlarini oʻtkazdik. Juda qisqa muddatlar ichida biz “Tolibon” harakati bilan Doha shahridagi siyosiy mahkamasi rahbariyati bilan ham munosabatlarni oʻrnatdik. Ular Oʻzbekistonni mintaqada olib borayotgan yaxshi qoʻshnichilik siyosatini rivojlantirishga va Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻonistonga koʻrsatayotgan har tomonlama yordami uchun cheksiz minnatdorlik bildirdi.

Muloqotlarimiz doimiy tus oldi. Natijada “Tolibon” harakati va Afgʻonistonning barcha ichki siyosiy kuchlari rahbarlari bir fikrga keldilarki, dunyodagi eng samimiy munosabat koʻrsatayotgan va Afgʻonistonda, haqiqatan ham, tinchlik oʻrnatilishini xohlayotgan yagona davlat Oʻzbekiston va uning Prezidenti janob Shavkat Mirziyoyev deb eʼtirof etdilar.

Eldor ARIPOV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori:

 AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasida tinchlik bitimining imzolanishi, haqiqatan ham, tarixiy voqeadir. 40 yillik urush davomida birinchi marta zoʻravonlik, tinch aholi orasida sanoqsiz qurbonlar berishga chek qoʻyish uchun imkoniyat paydo boʻldi. Ushbu davr ichida qariyb ikki million inson halok boʻldi, toʻrt million nafar afgʻon majburiy qochoqlar sifatida oʻz yurtlarini tark etdi. Tinchlik istiqbollari shundan darak bermoqdaki, yaqin vaqtlar ichida mazkur mamlakatning millionlab fuqarolari osoyishta, tinch hayot boshlash imkoniyatiga ega boʻladilar.

Shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev Afgʻonistonda tinchlikka erishish,ushbu tinchlik bitimini imzolash jarayoniga ulkan hissa qoʻshdi. Aynan uning tashabbusi bilan mazkur tinchlik jarayoniga start berildi. Gap, eng avvalo, Afgʻoniston boʻyicha Toshkent konferensiyasi haqida ketyapti. Oʻshanda dunyoning yetakchi davlatlari va qoʻshni mamlakatlar oʻrtasida afgʻon mojarosini tartibga solish boʻyicha umumiy prinsiplar hamda yondashuvlarda murosani shakllantirishning uddasidan chiqilgan edi. Amalda bunday qilish mumkinligiga, istiqbolda Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishiga koʻpchilik ishonmagandi. Biroq Oʻzbekistonning izchil va pragmatik siyosati sharofati bilan bu roʻyobga chiqdi.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?