National Review: Diplomatiya osmonida porlab borayotgan yulduz boʻlsa, bu Oʻzbekistondir

15:37 14 Dekabr 2018 Siyosat
1204 0

Arxiv foto

2018 yilning 12 dekabrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yalpi majlisida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur hujjat BMTning barcha aʼzo davlatlari tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi.

Ushbu muhim voqea dunyo ommaviy axborot vositalari, nufuzli ekspertlar tomonidan keng eʼtirof etilyapti. Xususan, xorijiy OAVda yangrayotgan fikrlarga koʻra, yangilanish davriga oʻtgan Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori izchil ortib bormoqda.

Chikagoda chop qilinadigan “National Review” tahliliy jurnalida qayd etilishicha, Oʻzbekiston 1992 yili BMTga aʼzo boʻlib, 1993 yildan buyon Toshkentda ushbu global tuzilmaning vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda. Eʼtiborlisi, soʻnggi ikki yil Oʻzbekiston BMT doirasida jadal va proaktiv ishtirok etgan davr boʻldi. Shavkat Mirziyoyevning davlat boshqaruviga kelishi oʻzbek diplomatiyasining koʻp tomonlama tuzilmalar bilan hamkorligi mutlaqo yangicha tus va ruhda rivojlanishi uchun sharoit yaratdi.

Oʻzbekiston Prezidenti 2017 yilning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida barchani hayratda qoldirgan nutq soʻzlagan edi, deya yozadi amerikalik jurnalistlar. 2018 yil may oyida esa Shavkat Mirziyoyev Vashingtonga rasmiy tashrif bilan keldi va Prezident Donald Tramp hamda AQSH boshqaruv doiralari bilan muzokaralar oʻtkazdi. “Diplomatiya osmonida porlab borayotgan yulduz boʻlsa, bu Oʻzbekistondir”, deyiladi jurnalda.

Yaponiyaning “Asahi Shimbun” gazetasida ushbu mavzu yuzasidan chop etilgan maqolada Oʻzbekiston tashabbusi va oʻzbek diplomatiyasining faol chora-tadbirlari natijasida qabul qilingan rezolyutsiya BMT doirasida qabul qilingan qator muhim hujjatlar, shu jumladan, BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, 2030 yilgacha moʻljallangan Barqaror taraqqiyot maqsadlariga toʻla mos keladi.

Janubiy Koreyaning “The Korea Times” gazetasi muxbirlari Oʻzbekiston yetakchisining global tashabbuslari munosib kutib olinayotganini eʼtirof etadi. Bu borada, jumladan, Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkilotining Sindao shahridagi sammitida ilgari surgan taklifi natijasi oʻlaroq, SHHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qoʻshma murojaati qabul qilingani ham eslatib oʻtiladi. Qolaversa, joriy yilning iyun oyida BMT Bosh Assambleyasi “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi. Mazkur hujjat ham Oʻzbekiston rahbari ilgari surgan tashabbusning amaliy roʻyobi boʻldi.

Koreyalik sharhlovchilarning maʼlum qilishicha, umumbashariy tuzilmaga aʼzo barcha davlatlar Shavkat Mirziyoyevning “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyani ishlab chiqish haqidagi taklifini qoʻllab-quvvatladi. Shu oʻrinda, “The Korea Times”da BMTning avvalgi Bosh kotibi Pan Gi Mun ham, hozir mazkur lavozimni egallab turgan Antoniu Guterrish ham Oʻzbekistonga iliq munosabat bildirishi alohida taʼkidlanadi.

“Oʻzbekistonda ekstremizm gʻoyalari taʼsiriga adashib tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, sogʻlom hayotga qaytarishda insonparvarlik, kechirimlilik va bagʻrikenglik tamoyillari asosida ish tutish boʻyicha toʻplangan tajriba jahon boʻylab qanot yozmoqda, deb yoziladi Hindistonning “Times of Central Asia” jurnalida. Taniqli yozuvchilardan biri oʻz asarida “dunyoni goʻzallik qutqaradi”, deb yozgan ekan. Ammo zamon shuni koʻrsatmoqdaki, dunyoni maʼrifat qutqaradi. Oʻzbekiston buni yaxshi anglagan holda, nafaqat mamlakatda, balki butun jahonda yuksak maʼrifat gʻoyasini ilgari surmoqda”.

Ozarbayjonning “Report” axborot agentligi tarqatgan xabarda qabul qilingan hujjat dunyoda diniy bagʻrikenglik va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, diniy erkinliklarni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqlarini himoyalashga xizmat qilishi haqida fikr bildiriladi. Rezolyutsiya taʼlim-tarbiyani rivojlantirish, xalqaro hamkorlik va tinchlikparvarlik faoliyatini kuchaytirish, ilm-fan hamda tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash kabi chorlovlarni ham oʻz ichiga olgan. Bu borada muayyan taklif va tashabbuslar ilgari surilgan.

Anvar MIRZAYEV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?