Oʻzbekiston Prezidentining Rossiyaga tashrifiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy vazifalar belgilab olindi

11:55 05 Sentyabr 2019 Jamiyat
102 0

Joriy yilning 4-sentyabr kuni investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov boshchiligida investitsiya, savdo va iqtisodiy sohalardagi xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishga bagʻishlangan bir qator yigʻilishlar boʻlib oʻtdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Bolgariya, Oʻzbekiston-Chexiya va Oʻzbekiston-Polsha hukumatlararo komissiyalarining 2019-yil sentyabr oyida boʻlib oʻtadigan navbatdagi yigʻilishlariga tayyorgarlik koʻrish masalalari birinchi navbatda koʻrib chiqildi. Muhokamada ushbu komissiyalar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida kutilayotgan tadbirlar doirasida imzolash uchun tayyorlanayotgan investitsiya loyihalari va savdo bitimlarining joriy holati muhokama qilindi. Bundan tashqari, konstruktiv muhokamalar va fikrlar almashinuvi natijasida yuqorida koʻrsatilgan davlatlar iqtisodiyotining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda investitsion hamkorlikni kengaytirish va eksportni koʻpaytirish boʻyicha yangi takliflar ishlab chiqilib, tegishli idoralar rahbarlariga manzilli koʻrsatmalar berildi.

Soʻngra Rossiya Federatsiyasi va Hindiston Respublikasi bilan yuqori darajadagi tashriflar natijasi boʻyicha erishilgan kelishuvlarning bajarilish holati, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi bilan iqtisodiy aloqalarning rivojlanish dinamikasi koʻrib chiqildi. Shu nuqtayi nazardan, xorijiy hamkorlar bilan ushbu mamlakatlar va mamlakatimiz vazirliklari, idoralari va kompaniyalari oʻrtasida yaqin hamda uzluksiz aloqa tizimini yaratish orqali ishlarni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Bu oʻz navbatida mavjud kelishuvlarni amalga oshirishni faollashtirish va hamkorlik uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni izlash imkonini beradi.

Shu yoʻsinda qoʻshma loyihalarini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston-Hindiston qoʻmitasining birinchi yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish ishlari tahlil qilindi va yangi investitsiya tashabbuslari majmuini shakllantirishning ustuvor yoʻnalishlari koʻrsatib oʻtildi. Shuningdek tegishli idoralar va vazirliklar rahbarlari Rossiya Federatsiyasiga yuqori darajadagi tashrifga tayyorgarlik koʻrish borasidagi, xususan, yuqori rentabellik va milliy iqtisodiyotning kompleks rivojlanishi uchun ahamiyatli yangi loyihaviy takliflarni tayyorlash maqsadini ilgari surgan holda asosiy vazifalarni belgilab oldilar.

Oʻzbekistonda xalqaro koʻrgazma tadbirlarini tashkil qilish va oʻtkazish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning chet elda shu kabi forumlarda qatnashish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, har yili oʻtkaziladigan “Made in Uzbekistan” xalqaro mahsulotlar milliy koʻrgazmasi potensial mijozlar va xaridorlarni jalb qilishda katta imkoniyatdir. Binobarin, uni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq barcha savollar - ishtirokchilar roʻyxatidan tortib koʻrgazma stendlari dizaynigacha koʻrib chiqildi. Oʻtkazilayotgan koʻrgazmalarning samaradorligini taʼminlash uchun koʻproq potensial xaridorlarni jalb qiladigan va pirovardida aniq eksport shartnomalari hamda shartnomalarini tuzish orqali yuqori iqtisodiy koʻrsatkichlarga erishish ehtimolini oshiradigan reklama va PR sohasiga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Bu borada muhim ahamiyatga ega boʻlgan “Shanghai-expo” xalqaro koʻrgazmasi boʻlib, unda qatnashish oʻzbekistonlik eksport qiluvchilarga Xitoyning koʻp millionli bozoriga kirish uchun katta imkoniyatlarni ochib beradi.

Xabar qilinishicha, bu yil Oʻzbekiston ushbu koʻrgazmada “asosiy mehmon“ maqomini oladi. Shu munosabat bilan tarmoq vazirliklari va idoralariga har bir tarmoqning yetakchi ishlab chiqaruvchilarining ushbu tadbirda ishtirok etishini taʼminlash hamda mahalliy mahsulotlarni sifatli namoyish qilish choralarini koʻrish vazifasi topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?