O‘zbekiston Prezidentining Rossiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkiya Prezidentlari bilan telefon orqali muloqoti to‘g‘risida

20:55 24 Iyul 2018 Siyosat
275 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qildi.

Xorijiy davlatlar rahbarlari O‘zbekiston Prezidentini tug‘ilgan kuni bilan samimiy tabriklab, ko‘p millatli xalqimizga tinchlik, taraqqqiyot va farovonlik tiladilar.

Muloqotlar chog‘ida mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, ijtimoiy sohani isloh etish va iqtisodiyotni liberallashtirish, qonun ustuvorligini, xavfsizlik va millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida sifat jihatidan yangi bosqichda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar O‘zbekistonning har tomonlama va jadal rivojlanishiga, aholi turmush darajasi va sifatining muttasil oshib borishiga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yuritayotgan vazmin va konstruktiv tashqi siyosatga, davlatimiz rahbarining xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashga, shuningdek, mintaqamiz va global miqyosda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy tashabbuslariga yuksak baho berildi.

Joriy yil 22 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyoda mintaqaviy va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhitini shakllantirish hamda mustahkamlashga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilib, keng qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat berishi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari va xalqaro siyosatga oid masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan muloqotda O‘zbekiston – Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yirik investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentini futbol bo‘yicha 2018 yilgi Jahon chempionati yuksak darajada o‘tkazilgani va unda Rossiya terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etgani bilan samimiy tabrikladi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqotda oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng ko‘lamda amalga oshirish muhim ekani qayd etildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va tranzit, energetika sohalaridagi aniq loyihalarni amalga oshirish hamda madaniy-gumanitar almashuvni kengaytirish borasida tomonlarning intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.

Mazkur yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlikning aniq jihatlari shu kunning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Esenmirat Orazgeldiyev bilan uchrashuvida muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan muloqotda qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlashga, strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zaro savdo hajmining jadal ortib borayotgani, qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, transport qatnovi kengayib, mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari va hududlari o‘rtasida faol aloqalar rivojlanayotgani, Qozog‘istonda O‘zbekiston yili ma daniy-gumanitar va ishbilarmonlik tadbirlariga boy o‘tayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan muloqotda Tojikiston rahbarining O‘zbekistonga ilk davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish hamda bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar dasturini aniq mazmun, jumladan, o‘zaro manfaatli loyihalar bilan boyitish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga asoslangan O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lida barcha imkoniyatlarni ishga solishga, qo‘shma biznes tashabbuslari va hududlararo aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga, madaniy-gumanitar almashinuvlarni har tomonlama faollashtirishga kelishib oldilar.

Davlatimiz rahbari Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan uzoq muddatli hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini muhokama qildi. Joriy yil mart oyida Farg‘ona shahrida ikki mamlakat Bosh vazirlari raisligida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaraoldi hududlari rahbarlari kengashi birinchi majlisining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar keng ko‘lamli hamkorlikni, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa sohalardagi sheriklikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqotda Turkiya rahbarining joriy yil aprel oyining oxiri – may oyining boshida O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari ishtirokida mamlakatimizda yuqori texnologik ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, energetika, transport-kommunikatsiya va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy davlatlar rahbarlariga samimiy tabrik uchun minnatdorlik bildirib, o‘z navbatida, do‘st mamlakatlar – Rossiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkiya xalqlariga tinchlik, barqarorlik va farovonlik tiladi.

O‘zbekiston Prezidenti nomiga ko‘plab davlat va hukumat rahbarlari, taniqli, siyosiy arboblardan qutlovlar kelmoqda:

– Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin;

– Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In;

– Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;

– Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko;

– Armaniston Respublikasi Prezidenti Armen Sarkisyan;

– Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko;

– Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Natx Kovind;

– Indoneziya Respublikasi Prezidenti Joko Vidodo;

– Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko;

– Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedev;

– Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan;

– Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon;

– Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vazir Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon;

– MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev;

– Xalqaro aviatsiya qo‘mitasi raisi Tatyana Anodina;

– Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha delegatsiyasi raisi Iveta Grigule-Peterse.

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?