O’zbekiston Prezidentining Qozog’istonga tashrifiga doir

20:54 13 Mart 2018 Siyosat
330 0

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qozog’iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning taklifiga binoan 2018 yil 15 mart kuni amaliy tashrif bilan Ostona shahriga boradi.

Foto: president.uz

Tashrif doirasida O’zbekiston delegatsiyasi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining keng ko’lamli kun tartibiga ega birinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etadi. Ushbu uchrashuvni o’tkazish taklifi Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2017 yil sentyabr oyida o’tgan 72-sessiyasida ilgari surilgan hamda Samarqand shahrida bo’lgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo’lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferentsiyada yaxlit dastur darajasigacha rivojlantirilgan edi.

O’zbekistonning ushbu tashabbusi mintaqaning barcha mamlakatlari tomonidan qo’llab-quvvatlanib, Qozog’iston oliy darajadagi birinchi uchrashuvni Ostonada o’tkazishni taklif etgandi.

Davlatimiz rahbari shu kuni Qozog’istonda O’zbekiston yilining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etadi.

Shuningdek, O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Qozog’iston Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan uchrashuvi ham rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?