“Oʻzbekiston Prezidentining Gujaratga tashrifi tarixiy voqea va bu biz uchun katta sharafdir”

12:19 18 Yanvar 2019 Siyosat
313 0

Har ikki yilda bir bor oʻtkaziladigan “Joʻshqin Gujarat” sammitidan iqtisodiy rivojlanish borasidagi faol hamkorlik koʻzda tutilgan. Toʻqqizinchi bor tashkil etilgan forumning asosiy mehmoni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boʻlib turibdi. Shuning uchun shahar aeroportidan boshlab, markaziy koʻchalarda ana shu ruhni beruvchi koʻrgazmali vositalar, targʻibot pannolari oʻrnatildi.

Sammit Gandinagar shahridagi Mahatma Mandir majmuasida oʻtkaziladi. Unda mahalliy ishtirokchilardan tashqari, Daniya, ­Chexiya, Malta kabi mamlakatlarning bosh vazirlari, umuman, yuzdan ziyod xorijiy delegatsiyalar qatnashadi.

Hindiston tomonidan anjumanga juda katta tayyorgarlik koʻrildi. Gujarat shtati maʼmuriyati mutasaddilari bu jarayonni qatʼiy nazorat qilib, hech bir jihatni nazardan qochirmaslikka intilishdi.

Vijay RUPANI, Gujarat shtati maʼmuriyati rahbari:

— Oʻzbekiston — ishonchli hamkorimiz. Prezident ­Shavkat Mirziyoyevning ­Gujaratga tashrifi tarixiy voqea va biz uchun bu katta sharafdir. Har ikki tomonning ham hamkorlikdagi salohiyati yuqori. Oʻzbekiston va ­Gujarat sanoatning koʻplab sohalarida, yoqilgʻi-gaz, farmatsevtika yoʻnalishlarida birgalikda ishlashi katta natija beradi, deb hisoblayman.

Rajkumar BЕNIVAL, Gujarat shtati maʼmuriyatining sanoatni rivojlantirish byurosi bosh menejeri:

— Gujarat xalqaro sammitida qatnashish uchun 30 mingdan ziyod mehmonlar akkreditatsiyadan oʻtdi. Bundan tashqari, sammitda 15 ta mamlakat hamkor sifatida ishtirok etadi. Turli davlatlardan 115 ta xorijiy delegatsiya tashrif buyurishi kutilyapti. Ular safida ilk ­marotaba Oʻzbekiston ham bor.

Hindiston va Oʻzbekiston munosabatlari izchil rivojlanib borayotir. Xususan, Gujarat shtati bilan ham hududiy hamkorlik boshlangan. “V2V” formatidagi uchrashuvlar koʻpayyapti. Investitsiyalar jalb etish boʻyicha saʼy-harakatlar davom etmoqda. Oʻzbekiston Prezidentining katta delegatsiya bilan Gujaratga tashrif buyurib, asosiy mehmon sifatida xalqaro voqelikda ishtirok etishi, hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilinishidan juda mamnunmiz.

O. LUTFULLAYEV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?