Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi doirasidagi tashabbuslari Turkiya OAVlari diqqat markazida

09:14 25 Sentyabr 2020 Dunyo
841 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi ishtiroki chogʻida qator tashabbuslarni ilgari surdi. Mazkur tashabbuslar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega ekani bilan xorijiy jamoatchilik diqqat markazida boʻlib turibdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Qayd etilishicha, xususan, Turkiyaning «Anadolu» axborot agentligi, “TRT-Avaz” davlat teleradiokompaniyasi rasmiy saytlarida Oʻzbekistondagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar, xalqaro tuzilmalar doirasida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Prezidenti intilishlari haqida turkum materiallar chop etilmoqda.

“Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida oʻzbek tilida nutq soʻzladi. Davlat rahbari chiqishida yangi turdagi koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashda harakatlarni birlashtirish, masʼuliyatni oshirish, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maqomi va salohiyatini yuksaltirish zarurligini qayd etdi. Bu boradagi ishlarning huquqiy asosi sifatida Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari kodeksini ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi”, deyiladi Turkiya nashrida.

Hamkor mamlakat OAV sahifalarida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlariga urgʻu beriladi.

“Oʻzbekiston rahbari BMTdagi ishtirokida Markaziy Osiyo davlatlari oldida global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻnalishlarida integratsiyalashuvni taʼminlash vazifasi turganini maʼlum qildi. Shu bois Oʻzbekiston Prezidenti BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etdi”, deyiladi yana bir turk OAVlari xabarida.

Afgʻoniston masalasi Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va tinchlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Ayni masalaga diqqat-eʼtiborini qaratgan Turkiya axborot agentliklari Prezidentimizning BMT sammitida ushbu masalaga alohida toʻxtalganini va dolzarb tashabbusni ilgari surganini aytadi.

Xususan, xabarlarda shunday deyiladi: «Oʻzbekiston Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida koʻrishi, Dohada boshlangan tinchlik muzokaralarini qoʻllab-quvvatlashini aytdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik taʼminlanishi mavzusi har doim BMTning diqqat-eʼtiborida boʻlishi zarurligini taʼkidlagan holda BMT qoshida Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qoʻshadigan doimiy qoʻmita tuzishni taklif etdi».

Orolboʻyi hududi bugungi kunda insoniyat duch kelgan ekologik fojiadir. Davlatimiz rahbari sammitdagi nutqi davomida ushbu masalaga ham alohida toʻxtalib oʻtdi.

BMT Bosh Assambleyasining Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini bildirdi.

Turkiya nashrlarida ayni mavzuga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?