Oʻzbekiston Prezidentining BAAga tashrifi sanasi aniq boʻldi. Ushbu safar nimasi bilan ahamiyatli?

21:58 22 Mart 2019 Siyosat
723 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 24 — 26 mart kunlari Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrif bilan boradi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Mazkur voqea Oʻzbekiston uchun xalqaro hamkorlik borasida muhim bosqichga aylanadi. Zero, u keng miqyosli tashqi siyosiy vazifalarini amalga oshirish uchun oʻzaro aloqalar ufqlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 25 oktabr kuni oʻrnatilgan. Shu yilning oʻzida Dubayda Oʻzbekistonning Bosh konsulligi faoliyat yurita boshladi, 2007 yilda esa Abu-Dabida mamlakatimiz elchixonasi ochildi. Qolaversa, 2004 yilda BAA hukumati Toshkentda oʻzining Bosh konsulxonasini ochish boʻyicha qaror qabul qildi, 2010 yilda mazkur muassasa elchixonaga aylantirildi.

Taʼkidlash joiz: ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar oʻzaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslanadi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 21 may kuni Ar-Riyod shahrida boʻlib oʻtgan Arab-musulmon mamlakatlari va AQSH sammiti doirasida Abu-Dabi amirligi voris shahzodasi, BAA Qurolli kuchlari Bosh qoʻmondoni oʻrinbosari Shayx Muhammad bin Zaid Ol Nahayon bilan uchrashuvi buning yorqin daliliga aylandi. Mazkur voqea tomonlar oʻrtasidagi ularni qiziqtirgan yoʻnalishlarni rivojlantirishga kuchli turtki berdi. Qayd etish muhimki, uchrashuv davomida Oʻzbekiston — BAA munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda oʻzaro manfaatdorlik tasdiqlab olindi.

Taraflarning qabul qilingan ushbu yoʻlga sodiqligi 2018 yil dekabr oyida Abu-Dabida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlari raisligida oʻtkazilgan siyosiy maslahatlashuvlarning birinchi raundida ham oʻz ifodasini topdi. Muzokaralar chogʻida ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati muhokama qilindi va hamkorlikni kuchaytirish uchun eng istiqbolli yoʻnalishlar belgilab olindi.

Bugungi kunda ikki tomonlama aloqalarning shartnomaviy-huquqiy asosi 20 dan ortiq bitimdan tashkil topgan. Ulardan 13 tasi hukumatlararo, 2 tasi idoralararo va yana qator hujjatlar ikki davlat muassasalari oʻrtasida imzolangan. Bundan tashqari, ayni paytda ikki tomonlama kelishuvlarning 10 ta loyihasi ishlab chiqish bosqichida turibdi.

Oʻzaro aloqalarni ravnaq toptirishda Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va texnik hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasi muhim mexanizm hisoblanadi.

2019 yil 12 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Elyor Gʻaniyev va BAA iqtisodiyot vaziri Sulton bin Said Al Mansuriy hamraisligida ushbu komissiyaning navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi munosabatlar kun tartibidagi asosiy va eng jadal rivojlanayotgan yoʻnalish bu iqtisodiy hamkorlikdir. U oʻzaro tovar ayirboshlash va moliyaviy-iqtisodiy aloqalarning yuqori koʻrsatkichlari bilan xarakterlanadi. Jumladan, 2018 yilda ikki tomonlama savdo hajmi 141,4 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu 2017 yildagiga nisbatan 23 foiz ziyoddir.

2018 yil 3 oktabr kuni Toshkentda Oʻzbekiston — BAA biznes forumida hamkorlikda qiymati 1 milliard dollarga teng toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasini tuzish toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonda ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, shuningdek, uning raqobatdoshligini yanada yuksaltirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorij sarmoyalari hamda innovatsion texnologiyalarni jalb etish; mahalliy xususiy va xorij investorlari oʻrtasidagi uzoq muddatli oʻzaro foydali sheriklik munosabatlarini shakllantirish yoʻli bilan investitsiyaviy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish; investitsiyaviy takliflarni baholash, investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish; investitsiyaviy muhitni yaxshilash, respublikaning investitsiyaviy salohiyati va imkoniyatlarini xorijda ilgari surishga koʻmaklashish jamgʻarmaning asosiy vazifalari qatoridan oʻrin olgan. Jamgʻarma faoliyati ikki tomonlama sarmoyaviy hamkorlikni yanada faol ravnaq toptirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda BAAlik investorlar ishtirokida 107 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotganini eʼtirof etish lozim. Ulardan 39 tasi toʻliq xorij kapitali hisobiga tashkil qilingan. Toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, tozalash vositalari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, poligrafiya, xalq isteʼmoli tovarlari ishlab chiqarish, turizm, ulgurji va chakana savdo xizmatlari ularning asosiy faoliyat sohalaridir.

Shunga qaramay, oʻtgan davrdagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik tomonlarning salohiyatiga mos kelmaydi. Binobarin, boʻlajak tashrif ishbilarmonlik hamkorligini kengaytirish uchun muhim tayanch nuqtasiga aylanadi.

Sayyohlik jabhasi oʻzaro sheriklikning juda istiqbolli yoʻnalishi sanaladi. Oʻzbekiston Respublikasi va BAA oʻrtasida mazkur sohadagi aloqalar 2008 yilda imzolangan tegishli ikki tomonlama bitim doirasida taraqqiy topib borayotir.

BAA turizm vakillari mamlakatimizda oʻtkazilayotgan tarmoq anjumanlari va forumlarida faol ishtirok etishyapti. Xususan, Amirliklarning yetakchi sayyohlik kompaniyalari 2018 yil Toshkentda tashkillashtirilgan Birinchi Xalqaro investitsiyaviy forumda, 2019 yil fevralda Buxoro mezbonlik qilgan ziyorat turizmi boʻyicha Birinchi Xalqaro forumda qatnashdi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgani ham oʻzaro turistlar oqimini kengaytirishga xizmat qilyapti. Chunonchi, 1992 yil fevraldan buyon “Oʻzbekiston havo yoʻllari” AJ Toshkent — Sharja — Toshkent, 2008 yil martidan Toshkent — Dubay — Toshkent yoʻnalishlari boʻyicha muntazam reyslarni amalga oshirib kelmoqda.

2019 yil martidan boshlab esa “Fly Dubai” aviakompaniyasi Dubay — Toshkent — Dubay yoʻnalishida muntazam reyslarni yoʻlga qoʻydi.

2019 yil 20 martdan boshlab Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy qilinishi ham, shubhasiz, ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro ishbilarmonlik aloqalari, sayyohlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga turtki beradi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik ham jadallashdi. Jumladan, Amirliklarning musiqiy-folklor guruhlari Samarqanddagi “Sharq taronalari” Xalqaro musiqa festivalining doimiy ishtirokchilaridir. Ikki davlat sport jamoalari esa bir-birlarining hududlarida oʻtkazib kelinayotgan turli musobaqalarda qatnashmoqda.

Abu-Dabida oliy darajada boʻlib oʻtadigan muzokaralar Oʻzbekiston Respublikasi va BAA tomonidan uzoq muddatga qaratilgan har tomonlama samarali hamda oʻzaro foydali munosabatlarni kengaytirish boʻyicha tashlanayotgan salmoqli qadamlarga yangi surʼat baxsh etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?