O‘zbekiston Prezidentining AQSHga rasmiy tashrifi dasturidan o‘rin olgan tadbirlar haqida ma’lumot berildi

10:05 15 May 2018 Siyosat
563 0

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning AQSHga ilk rasmiy tashrifini yoritish bo‘yicha Vashingtonda tashkil etilgan Matbuot markazida brifing o‘tkazildi. Unda Prezidentning Matbuot kotibi Komil Allamjonov bo‘lajak tashrif doirasidagi tadbirlar haqida quyidagi ma’lumotlarni taqdim qildi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining AQSHga rasmiy tashrifi 15 may kuni boshlanadi. Davlatimiz rahbarini Vashingtondagi “Endryus” aeroportida AQSH Davlat departamenti rahbariyati kutib oladi.

Bu tashrifga har ikki tomon ham katta e’tibor bilan qaramoqda. AQSH ma’muriyati O‘zbekiston Prezidenti tashrifini tarixiy, deya baholamoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 may kuni Oq uyda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Muzokaralar avval tor doirada, keyin keng doirada bo‘lib o‘tadi. Keng doiradagi muzokaralarda O‘zbekiston hamda AQSH rasmiy delegatsiyasi vakillari qatnashadi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etiladi.

Tashrif davomida 40 dan ortiq hujjatlar qabul qilinishi, jumladan, umumiy qiymati 8,5 milliard dollarlik savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu raqamlar, albatta, tashrif davomida o‘zgarishi mumkin. Bu haqda qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Shu kuni kechqurun O‘zbekiston tomonidan rasmiy qabul marosimi o‘tkaziladi. Bu yerda AQSH ma’muriyati rahbariyati, vazirlik va idoralar, yirik kompaniya hamda korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etadi.

Prezidentimiz 17 may kuni Pentagonga tashrif buyurib, AQSH mudofaa vaziri bilan muzokara o‘tkazadi. Kapitoliyda kongressmenlar va senatorlar bilan uchrashib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash masalalarini muhokama qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Jahon banki Prezidenti bilan ham uchrashib, yurtimiz iqtisodiyotiga investitsiya jalb etish bo‘yicha muzokara olib boradi.
Tashrif davomida bo‘lib o‘tadigan muloqotlar, ularning natijalari haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlar Matbuot markazi orqali yetkazib boriladi.
Shavkat ORTIQOV,
«Xalq so‘zi» maxsus muxbiri.
Vashington, Amerika Qo‘shma Shtatlari


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?