Oʻzbekiston Prezidenti Vengriya delegatsiyasini qabul qildi

09:31 19 Fevral 2020 Siyosat
155 0

18-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish uchun amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik va koʻp qirrali sheriklik munosabatlari oxirgi yillarda izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Turli darajada samarali muloqotlar yoʻlga qoʻyildi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yil yakunlariga koʻra 45 foizga ortdi. Qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Taʼlim, madaniyat va turizm sohasidagi almashinuvlar kengaymoqda.

Peter Siyyarto samimiy qabul uchun Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik va mintaqaviy, jumladan, Yevropa Ittifoqi bilan muloqot formatidagi sheriklikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Vengriyaning yetakchi kompaniyalari ilgʻor tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini joriy etgan holda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda ularni moliyalashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Hududlararo aloqalarni rivojlantirish, bank, transport sohalariga oid dastularni amalga oshirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash istiqbollari muhokama qilindi.

Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ham koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?