Oʻzbekiston Prezidenti “Turkiy dunyo tiklanishiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun” xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi 

12:56 04 Yanvar 2020 Siyosat
405 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy dunyo yozuvchilari, ziyolilari va sanʼatkorlari jamgʻarmasi (Türk Dünyası Yazarlar ve Sanatçılar Vakfı –TURKSAV) tomonidan taʼsis etilgan “Turkiy dunyo tiklanishiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun” xalqaro mukofotiga sazovor boʻldi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Qayd etilishicha, bu haqda TURKSAVning Ankarada oʻtkazilgan maxsus matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Mukofot sohibining ismi-sharifi TURKSAV hayʼati kollegial qoʻmitasi tomonidan Turkiya va xorijiy davlatlarning taniqli siyosatchilari, iqtisodchilari, fan va sanʼat namoyondalarining 2019-yildagi faoliyatini oʻrganish natijalari asosida eʼlon qilindi.

TURKSAV mukofotini topshirish marosimi 2020-yil may oyida Anqarada Turkiya parlamenti, hukumati, keng jamoatchiligi, ishbilarmon doiralari va sanʼat arboblari ishtirokida tantanali tarzda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Har yili bir marta beriladigan ushbu xalqaro mukofot hayʼatining qarori Oʻzbekiston rahbarining “mamlakatning tashqi dunyo, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarini izchil mustahkamlashdagi beqiyos xizmatlari va amaliy hissasi, shuningdek, Turkiy kengashdagi hamkorlikni sezilarli darajada jonlantirgani, ushbu tashkilot doirasidagi yangi tashabbuslar, shu jumladan 2020-yilda Xiva shahrini “turk dunyosining madaniy poytaxti” deb eʼlon qilish boʻyicha tashabbusi“ uchun bir ovozdan qabul qilingani maʼlum qilindi.

Matbuot anjumanida soʻzga chiqqanlar Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlarga yuqori baho berdi. Mamlakat rahbarining izchil islohotlarni oʻtkazishdagi keng koʻlamli faoliyati, samarali ishlari, Turkiy dunyoning muhim davlati boʻlgan Oʻzbekistonning jadal taraqqiyotini taʼminlayotgan strategik kurs, nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyoning yanada rivojlanishi uchun qulay ichki va tashqi sharoitlar yaratilayotgani taʼkidlandi.

TURKSAV rahbari Yahyo Engin yigʻilganlar nomidan Oʻzbekiston rahbariga “uning Oʻzbekiston, Markaziy Osiyo, Turkiya va umuman Turkiy dunyo oldidagi beqiyos va tarixiy xizmatlarining kamtarona, biroq samimiy eʼtirofi munosabati bilan chuqur hurmat va samimiy tabriklar” yoʻlladi.

“Turkiy dunyo rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun” va “Turkiy dunyo tiklanishiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun” xalqaro mukofotlari Turkiy dunyo yozuvchilari, ziyolilari va sanʼatkorlari jamgʻarmasi tashabbusi bilan taʼsis etilgan.

TURKSAV 1996-yil Turkiyaning bir guruh ziyolilari tashabbusi bilan tashkil etilgan jamoatchilik asosidagi nodavlat tashkilotdir. Zamonamizning taniqli yozuvchisi Chingiz Aytmatov TURKSAVʻning faxriy raisi etib saylangan edi. Bugungi kunda TURKSAV boshqaruv kengashiga turk shoiri Yahyo Engin raislik qilmoqda.

TURKSAV xalqaro mukofotining asosiy maqsadi turkiy dunyoning atoqli arboblari faoliyati natijalariga jamoatchilik eʼtiborini jalb qilish, ularning turkiy tilli hududni mustahkamlash va rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasiga hurmat bildirish va ehtirom keltirishga qaratilgan.

Mukofotga turli yillarda Turkiya Prezidenti S.Demirel, Ozarbayjon Prezidenti H.Aliyev, Qozogʻiston Prezidenti N.Nazarboyev, TURKSOY bosh kotibi D.Kaseinov va boshqalar sazovor boʻlgan. Ular orasida turkiy dunyo mamlakatlarining faol parlamentariylari, tadbirkorlari va sanʼatkorlari ham bor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?