Oʻzbekiston Prezidenti Shimoliy iqtisodiy hamkorlik xalqaro forumida ishtirok etdi

12:41 30 Oktyabr 2020 Siyosat
433 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 30-oktyabr kuni Seul shahrida videoanjuman shaklida oʻtgan Shimoliy iqtisodiy hamkorlik ikkinchi xalqaro forumida ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Taʼkidlash joizki, ushbu tadbir Prezident Mun Chje In tashabbusi bilan oʻtkazilgan boʻlib, bu gal uning ishida Qozogʻiston, Turkmaniston va Moʻgʻuliston yetakchilari ham ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, koronavirus infeksiyasi global miqyosda tarqalishining salbiy oqibatlariga qarshi birgalikda kurashish va saʼy-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish hamda koʻp tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida jahondagi mushkul vaziyat va global inqiroz sharoitida aynan shunday koʻp tomonlama muloqot yangi xatar va tahdidlarga samarali qarshi turish uchun imkoniyat yaratib, mamlakatlarimiz barqarorligi, farovonligi va izchil taraqqiyotini taʼminlashga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Prezidenti xalqaro siyosatning eng muhim jihatlari va mintaqaviy hamkorlik istiqbollariga toʻxtalib oʻtdi.

Xususan, COVID-19ga qarshi kurashish uchun yaqin muvofiqlashuv va keng xalqaro hamkorlik zarurligi qayd etildi.

Muhim yoʻnalishlarda, shu jumladan, Koreya kompaniyalari bilan birgalikda tashkil etilayotgan farmatsevtika klasteri negizida samarali vaksina va zardoblar, kasalliklarni tez va aniq tashxislash tizimlarini ishlab chiqish boʻyicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish taklifi bildirildi.

Bundan tashqari, zamonaviy laboratoriyalar yaratish va chegaralardagi sanitariya nazorati punktlarini modernizatsiya qilish, yuqori malakali vrachlarni tayyorlash, tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish korxonalarini tashkil etish, mintaqada epidemiologik vaziyatni monitoring qilish va barvaqt prognozlashtirishning integratsiyalashgan tizimini joriy etish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Koreya Respublikasini mamlakatimizga raqamli va “yashil” texnologiyalarni keltirishda asosiy hamkorlardan biri deb bilishini alohida taʼkidladi.

Oʻzbekiston kelgusi yilda Seul shahrida boʻlib oʻtadigan “Yashil” taraqqiyot va 2030-yilga qadar global maqsadlar uchun sheriklik xalqaro sammitida faol ishtirok etishi maʼlum qilindi.

Samarali mintaqaviy transport yoʻlaklarini rivojlantirish alohida dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Bu borada soʻz yuritilganda, avvalo, Transsibir magistrali va “Gʻarbiy Yevropa – Gʻarbiy Xitoy” yoʻlagi marshrutlarini mintaqamizda yangi temir yoʻllar qurish loyihalari bilan oʻzaro bogʻlash zarurligini qayd etish lozim.

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari ushbu noyob loyihalarni amalga oshirish masalasini ekspertlar darajasida koʻrib chiqishni boshlash taklifini ilgari surdi.

“Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” forumi doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu format doirasidagi sheriklikni yangi, yana-da yuqori bosqichga olib chiqish hamda forum yigʻilishini hukumat rahbarlari ishtirokida oʻtkazishga obyektiv zarurat sezilayotgani qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Mun Chje Inning Koreya yarimorolidagi mustahkam tinchlikka erishish borasidagi faol saʼy-harakatlarini mintaqaviy va global xavfsizlikni taʼminlashga muhim hissa sifatida qoʻllab-quvvatlashini alohida taʼkidladi.

Keng tajriba almashish maqsadida Yadroviy qurolsizlanish, yadroviy quroldan xoli hududlar yaratish masalalari boʻyicha xalqaro ekspertlik forumini oʻtkazish taklif etildi.

Nutqini yakunlar ekan, davlatimiz rahbari Oʻzbekiston va Janubiy Koreya alohida ahamiyatga ega, ishonchli strategik sheriklar ekanini, munosabatlarimiz bir necha ming yillik tarixga egaligini taʼkidladi. Ushbu forum mamlakatlarimizning uzoq muddatli va serqirra hamkorligini butun mintaqa tinchligi va ravnaqi yoʻlida rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochib berishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, tadbir dasturiga muvofiq forumda Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov nutq soʻzladilar, Moʻgʻuliston Prezidenti Xaltmaagiyn Battulgʻaning murojaati oʻqib eshittirildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?