Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “tinch inqilobi”

09:41 05 Dekabr 2018 Siyosat
402 0

Samimiyat samimiylikka chorlaydi, degan gap bor. Yaʼni bunday yondashuv bilan hammaning eʼtiborini tortib, qalblarni ezgulikka daʼvat etish mumkin. Bugun davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda samimiyat yaqqol namoyon boʻlayotganini koʻryapmiz.

Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan pragmatik tashqi siyosat zamirida barcha davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish, turli masalalar yuzasidan oqilona murosaga erishish, barqaror taraqqiyot uchun keng koʻlamli sharoitlar yaratish maqsadi mujassam. Eng asosiysi, yangilanishlar mamlakat taraqqiyoti, odamlar baxtu iqboli yoʻlida amalga oshirilmoqda. Ispaniyaning mashhur “Diario arbat” nashrida chop qilingan maqola ham yurtimizda keyingi ikki yil mobaynida olib borilgan islohotlarga bagʻishlandi. Maqola muallifi — Fernando Manuel Moragon Meseger. U geosiyosat, tarix va geografiya sohasidagi taniqli ekspertlardan biridir. Quyida ana shu maqola eʼtiboringizga havola etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bugungi Oʻzbekiston tub islohotlar yoʻlidan ketmoqda. “Tinch inqilob” siyosatiga amal qilib, aniq bir maqsad yoʻlida olgʻa intilyapti. Binobarin, mamlakatda belgilab olingan vazifalarga erishish uchun izchil va qatʼiyat bilan keng koʻlamli islohotlar roʻyobga chiqarilayotir. Bunda koʻhna qadriyatlar va yurt tarixi ham saqlab qolinib, asrab-avaylanmoqda.

2016 yil 4 dekabr kuni oʻtkazilgan saylov yakunlariga koʻra, Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boʻldi. Oradan oʻn kun oʻtib, yaʼni 14 dekabrda esa qasamyod qabul qildi. Shu vaqtdan boshlab, davlat rahbari barcha sohada misli koʻrilmagan qator oʻzgarishlarni boshladi. Bular Oʻzbekistonni tashqi dunyoga ochgani holda taraqqiyot uchun yangi turtki berdi.

Mintaqaviy va xalqaro aloqalarning iliqlashuvi, ayniqsa, qoʻshni Tojikiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikning qayta tiklanishi yangi rahbariyat tomonidan ilgari surilgan islohotlarga eng yaxshi misol boʻlsa ajab emas. Maʼlumki, Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarni, asosan, Rogʻun GES qurilishi loyihasi bilan bogʻliq mojaro sababli doʻstona, deb atash mushkul edi.

Shavkat Mirziyoyev esa Tojikiston bilan aloqalarni yaxshilash va mustahkamlash yoʻlidan bordi. 2018 yilning 17 avgust kuni Tojikiston Prezidenti 20 yil ichida birinchi marta Oʻzbekistonga davlat tashrifi bilan bordi. Safar doirasida qator bitimlar imzolandi va uzoq yillar davomida muammo boʻlib kelgan Rogʻun GESga doir ogʻriqli masala hal etildi.

Bundan tashqari, boshqa qoʻshni davlatlar bilan ham mustahkam hamkorlikka erishish uchun saʼy-harakatlar olib borildi. Ayniqsa, Oʻzbekiston Afgʻonistondagi notinchlikka barham berish maqsadida barchani bir ezgu gʻoya atrofida birlashtirdi. Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va osoyishtalik hukm surishi uchun Oʻzbekiston bor kuch-gʻayratini ishga solyapti.

Hamkorlik boʻyicha faollashuv nafaqat qoʻshni davlatlar, balki uzoq xorij mamlakatlari bilan ham kuzatilmoqda: AQSH bilan 4,8, Rossiya bilan 27,1, Fransiya bilan esa 5 milliard dollarlik ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi.

Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning jadal ravnaqi eʼtiborga loyiq. Oʻzbekistonda birinchi AES qurilishi, havo boʻshligʻidan oʻzaro foydalanish toʻgʻrisidagi bitim, harbiy-texnik aloqalarni rivojlantirishga oid shartnoma — oʻtmishda bular, hatto tasavvurga ham sigʻmasdi. Shavkat Mirziyoyev donolik bilan nafaqat oʻz qoʻshnilari, balki ayni paytda oʻzaro manfaatlar toʻqnashuvi davrini boshidan kechirayotgan AQSH, Rossiya va Xitoy kabi yetakchilar bilan hambarqaror tashqi siyosat yuritmoqda.

Oʻzbekiston yangi rahbariyat boshchiligida inson huquqlarini himoyalash va unga rioya etishga qaratilgan islohotlar sohasida sezilarli yuksalishga erishdi. Zero, mamlakatda bunga davlat siyosati va xalqaro sheriklar bilan oʻzaro aloqalarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaralyapti. Oʻzbekistonda paxta yigʻim-terimida bolalar va majburiy mehnat amaliyotiga butunlay barham berildi. Umuman olganda, jamiyatdagi ijtimoiy muhit ijobiy xususiyat kasb etayotir: fuqarolar oʻzlarini yanada erkin his qilishmoqda va oʻz fikrini aytish, ariza yoki shikoyat berishdan qoʻrqmayaptilar.

Rahbariyat iqtisodiy oʻsishning muhim ekanligini chuqur anglagan holda xorij investitsiyalarini jalb etish uchun oʻz bozorini tashqi biznesga ochib berishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bunda uchta asosiy yoʻnalish: avtomobil va temir yoʻllar, aeroportlar, elektrostansiyalar infratuzilmalari, zamonaviy texnologiyalarni xarid qilish, malakali kadrlar tayyorlashga ustuvorlik berilmoqda.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Ular davlat xizmatlari barcha darajada modernizatsiya qilinishini taʼminlashi kerak. Bular korrupsiyaga qarshi kurashish va turli masalalarni idora qilishda davlat xizmatlari samaradorligiga koʻp jihatdan erishishni anglatadi.

Sobiq ittifoq davridan meros boʻlib qolgan mavjud muammolarni yoʻq qilish uchun qator yangi qonunlar qabul qilindi. Mahalliy organlar faoliyatini modernizatsiyalashda fuqarolar ishtiroki va fikrlariga masʼuliyat bilan yondashilmoqda, mazkur sohadagi u yoki bu muammoni hal qilishda murojaat va shikoyatlar soni inobatga olinayotir. Boshqacha aytganda, xalqning oʻzi davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida rahbariyatga baho qoʻymoqda.

Ispaniya Oʻzbekistonning turli tarmoqlari, ayniqsa, iqtisodiyot sektorini modernizatsiya qilishga katta hissa qoʻshishi mumkin. Masalan, mamlakatimizning qishloq xoʻjaligi, energetika, kimyo sanoati, moliya, turizm, toʻqimachilik sanoati, sogʻliqni saqlash, raqamli texnologiyalar va infratuzilmalar boʻyicha boy tajribasi Oʻzbekiston uchun juda asqatishi, shubhasiz.

Oʻzbekistonning Ispaniyaga boʻlgan qiziqishi ham tobora ortib borayotir. Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi katta delegatsiyaning 2017 yil noyabr oyidagi tashrifi ana shundan dalolat. Uning doirasida qator muhim kelishuvlarga imzo chekildi. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasining Madriddagi Favqulodda va muxtor elchisi tayinlandi.

Oʻzbekistonda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar oʻzbek xalqiga yorqin kelajak, mamlakatning jadal taraqqiyoti va farovonligi oshishi yoʻlida ulkan umidlar baxsh etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?