Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi

09:53 03 May 2019 Siyosat
156 0

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda giyohvand moddalarni nazorat qilish sohasidagi mintaqaviy hamkorlik boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi ishtirokchi davlatlarining 11-majlisida qatnashish doirasida mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yuqori surʼat bilan rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oʻz navbatida, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Tomonlarning siyosiy irodasi va oliy darajadagi faol muloqot oʻzaro hamkorlikni kengaytirish, uni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Bugungi kunda savdo, investitsiya, energetika, sanoat va qishloq xoʻjaligi, transport va logistika sohalarida qoʻshma loyihalar, shuningdek, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va boshqa yoʻnalishlarda qoʻshma dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Hududlararo aloqalar salohiyati roʻyobga chiqmoqda.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda samarali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, jumladan, BMT, SHHT, MDH va boshqa tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning dolzarb jihatlari va Afgʻonistonda tinchlik jarayonini ilgari surish masalalari ham muhokama qilindi.

Sergey Lavrov Rossiya Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirishga koʻmaklashish, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikka jalb etish borasidagi faol saʼy-harakatlariga yuksak baho berishi va ularni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Uchrashuv yakunida mamlakatlarimiz xalqlarining farovonligi, mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot yoʻlida doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga qatʼiy intilishlari alohida taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?