O‘zbekiston Prezidenti Rossiya, Hindiston va Xitoy rahbarlari bilan uchrashadi

13:50 30 May 2018 Siyosat
970 0
Foto: АР

Xitoyning Sindao shahrida 9-10 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan SHHT sammiti maydonida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Rossiya, Xitoy va Hindiston rahbarlari bilan uchrashadi. Bu haqida kecha O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abdujabbor Abduvohitov ma’lum qildi.

“SHHT doirasida davlat rahbarlari bilan belgilangan barcha uchrashuvlar sammit maydonida bo‘lib o‘tadi. Masalan, Rossiya prezidenti, Hindiston rahbari, shuningdek, janob Si Szinpin bilan uchrashuv belgilangan”, dedi u.

Sindaoda qandaydir ikki tomonlama hujjatlar imzolanadimi yoki yo‘qmi qabilida berilgan savolga vazir o‘rinbosari qat’iylik bilan shunday javob berdi:

“O‘zbekiston SHHT doirasida davlatlararo hujjat imzolashni nazarda tutmayapti, zero, mazkur tashkilotdagi o‘zaro aloqalar ko‘p tomonlama hamkorlikdir”.

U SHHT sammiti doirasida qabul qilinishi kutilayotgan qariyb 20 ta hujjatning barchasi ko‘p tomonlama hamkorlikka yo‘naltirilganini bildirib o‘tdi. Bu borada asosiy hujjat Sindao deklaratsiyasi bo‘lishini ta’kidladi. Unda SHHTga a’zo davlatlarning mintaqaviy vaziyatga oid oxirgi qarori mustahkamlanib qo‘yiladi.

Muloqotlar chog‘ida mintaqaviy xavfsizlik, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, mehmonlar sharafsiga tantanali kutib olish va o‘ziga xos shou tashkil etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?