Oʻzbekiston Prezidenti Qozogʻiston Bosh vazirini qabul qildi

19:48 25 Fevral 2020 Siyosat
198 0

Bugun, 25-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikkinchi Oʻzbekiston-Qozogʻiston hududlararo hamkorlik forumi doirasida mamlakatimizga kelgan Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Maminni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari keyingi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarning rivojlanish surʼati tobora ortib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklikni mustahkamlashga, ikki tomonlama hamkorlikni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Asqar Mamin Oʻzbekiston Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda, avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-kommunikatsiya, energetika, agrar tarmoqlarda, taʼlim, madaniyat sohalari va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Tovar ayirboshlashdagi yuqori oʻsish surʼatlarini saqlab qolish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, mamlakatlarimiz yetakchi kompaniyalari ishtirokida kooperatsiya va infratuzilmani rivojlantirish loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Qoʻshma dasturlar asosida gumanitar va turizm sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv soʻngida keng koʻlamli Oʻzbekiston-Qozogʻiston sherikligi doirasida yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tayyorlashga kelishib olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?