“O‘zbekiston Prezidenti mamlakat siyosati va iqtisodiyotini o‘zgartirishga qat’iy qaror qilgan islohotchidir”

11:20 07 Iyun 2018 Siyosat
426 0

Xorijiy ommaviy axborot vositalarida chop qilinayotgan maqolalarda ana shunday fikr bildirilmoqda.

1995 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan dunyoga mashhur “Project Syndicate” elektron portalida joylashtirilgan maqolada qayd etilishicha, mamlakat Prezidenti lavozimiga saylangach, Shavkat Mirziyoyev so‘z erkinligini ta’minlashni o‘z islohotlar dasturining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’lon qildi. Natijada bugun respublika ommaviy axborot vositalari erkinligi sezilarli darajada kuchaydi. Inson huquqlarini muhofaza etish jabhasida ham ma’lum chora-tadbirlar amalga oshirildi.

“Mamlakatda kechayotgan ijobiy jarayon Shavkat Mirziyoyev respublika taraqqiyotini mutlaqo yangi yo‘nalishga bura olishiga umid uyg‘otmoqda”, deyiladi materialda.

Yaponiyaning “The Diplomat” tahliliy jurnali O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarga yuqori baho beradi. Xususan, o‘zbek iqtisodiyotiga sarmoyalar kirishiga to‘sqinlik qilib kelgan omillarning bartaraf etilgani alohida ta’kidlanadi.

“Bu borada 2017 yil sentyabr oyida valyuta ustidan nazoratning bekor qilinishi muhim qadam bo‘ldi. Yangi Soliq kodeksi ustida keng muhokamalar olib borilmoqda. Jahon banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlik yangi tus oldi”, deyiladi maqolada. Paxta ekiladigan maydonlarni kamaytirish, majburiy mehnat amaliyotiga chek qo‘yish, yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha islohotlar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan hayotga tatbiq qilingan chora-tadbirlar mamlakatning mintaqa hamda dunyo darajasidagi imidji yuksalishini ta’minladi. Jumladan, ko‘plab davlatlar bilan viza tartibining bekor etilishi yoki soddalashtirilishi, qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning iliqlashuvi katta shov-shuvga sabab bo‘lgani ta’kidlanadi.

“Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston siyosati va iqtisodiyotini o‘zgartirishga qat’iy qaror qilgan islohotchidir. O‘zbekistondagi transformatsiya jarayoni xorijiy sarmoyadorlar uchun foydali bo‘ladi”.

“Reuters” axborot agentligi O‘zbekiston avtomobil sanoatida kechayotgan jarayonni tahlil etar ekan, hukumat Amerikaning “General Motors” kompaniyasi mamlakatdagi avtomobil zavodiga kiritgan tegishli aksiyalarni sotib olishni rejalashtirayotganini xabar qiladi.

“Andijon viloyatidagi korxona 1996 yili Janubiy Koreyaning “Daewoo Motors” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan edi”, deya eslatib o‘tadi agentlik. 2008 yil “GM” korporatsiyasi “Daewoo”ni sotib olganidan so‘ng zavod “GM Uzbekistan” nomini olgan. 2017 yili respublikada avtomobil ishlab chiqarish 50 foiz ortdi. Ushbu mashinalar ichki bozorda “Chevrolet”, tashqi bozorlarda esa “Ravon” brendi ostida sotiladi.

O‘zbekistonning sanoat salohiyati haqidagi maqola Pokistonning “The Nation” gazetasida chop qilindi. Unda, xususan, respublikada ishlab chiqarilgan maishiy texnika, qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtomobillar, yuk mashinalari kabi tovarlar jahon bozorida katta talabga egaligi qayd etiladi. Hukumat biznes uchun soliq yukini hamda elektr energiyasi uchun tariflarni pasaytirgani, ishbilarmonlar uchun viza tartibi soddalashtirilgani alohida e’tirof qilinadi.

Hindistonning “The Times of Central Asia” jurnali yurtimizning Toshkent viloyatida “Chorvoq” erkin sayyohlik hududi tashkil etilishi haqidagi xabarni o‘z o‘quvchilari bilan bo‘lishdi.

“Ekspertlarning aytishicha, poytaxt viloyati turizm jabhasida salmoqli salohiyatga ega bo‘lib, yangi zonani tashkil qilish orqali mazkur imkoniyatdan samarali foydalanish maqsad etilgan. Bu yerda qator zamonaviy investitsiya loyihalarini amalga oshirish, aholi va chet elliklarning hordiq chiqarishi uchun sharoitlarni yaxshilash, turizm xizmatlari sohasida yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilmoqda”, deb yoziladi jurnalda.

“The Times of Central Asia” hindistonlik tadbirkorlarni ushbu hududga sarmoya kiritishga chorlaydi. “Erkin turistik zona subyektlari uchun qator soliq hamda bojxona imtiyozlari berilishi ko‘zda tutilgan. Shubha yo‘qki, kiritilgan investsiyalar qisqa muddatda o‘zini oqlab, siz, biznes sohasi vakillariga foyda keltiradi”, deyiladi maqolada.

Anvar MIRZAYEV
(“Xalq so‘zi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?