Oʻzbekiston Prezidenti Xitoy Raisi bilan uchrashdi

10:17 25 Aprel 2019 Siyosat
267 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi 25 aprel kuni ertalab Pekin shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashuvdan boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xitoy rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Bir makon, bir yoʻl” ikkinchi xalqaro forumida ishtirok etish uchun XXRga tashrifi bilan qutladi. Xitoy Oʻzbekiston bilan hamkorlikning bugungi holatini yuksak qadrlashi hamda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qatʼiy intilishini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari xalqaro forumda ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildirib, ushbu tadbir ham ikki tomonlama, ham mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Shavkat Mirziyoyev XXR Raisi va butun Xitoy xalqini yaqinlashib kelayotgan muhim sana – Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilganining 70 yilligi bilan muborakbod etdi.

- Hurmatli Prezident, Siz birinchi forumda ham ishtirok etganingizni mamnuniyat bilan eslayman. Shu maʼnoda, Sizni “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro forumi asoschilaridan biri sifatida qabul qilamiz, - dedi Si Szinpin. - Oʻzbekistonning forumga eʼtibori va ishtiroki mamlakatlarimiz hamkorligi rivojidan dalolat beradi. Ikki tomonlama koʻplab kelishuvlarga erishilgan va ular izchil amalga oshirilmoqda. Ishonchim komilki, Oʻzbekiston - Xitoy munosabatlarining istiqboli porloq.

Oʻzbekiston va Xitoy – har tomonlama strategik sheriklar. Oʻzbekiston XXRning tashqi siyosiy kursi va yagona Xitoy masalalari boʻyicha qatʼiy pozitsiyasini, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi olib borayotgan kurashini qoʻllab-quvvatlaydi. Xitoy mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va Oʻzbekistonning mintaqaviy siyosatini olqishlaydi. Davlatlar xalqaro tashkilotlar doirasida faol hamkorlik qilmoqda.

Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari va siyosiy irodasi Oʻzbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtardi. Bugun siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, moliya, qishloq xoʻjaligi, qurilish, fan, taʼlim va madaniyat sohalarida hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Xitoy – Oʻzbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan biri. Oʻzaro tovar ayirboshlash izchil oʻsmoqda. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra uning hajmi 6,4 milliard dollardan, joriy yilning birinchi choragida esa 50 foizga oshgan.

Mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan Xitoy investitsiyalari va kreditlari hajmi 8 milliard dollardan oshdi. 2017 yil may oyida XXRga amalga oshirilgan oliy darajadagi davlat tashrifi natijasida umumiy qiymati 4,5 milliard dollardan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda tovar ayirboshlashni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish masalalari muhokama qilindi, oʻzaro savdo hajmini yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazishdan manfaatdorlik bildirildi. Oʻzbekiston iqtisodiyotiga investitsiya, innovatsiya va texnologiyalar jalb etish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollariga, turli sohalarda hamkorlik boʻyicha yangi qoʻshma loyihalar ishlab chiqish, mintaqaning tranzit va transport-kommunikatsiya salohiyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini toʻliq qoʻllab-quvvatlashi va uning keng koʻlamda amalga oshirilishiga amaliy hissa qoʻshishga tayyor ekanini taʼkidladi.

Xitoy Raisi Oʻzbekistonning bu boradagi ishtiroki va tashabbuslari Xitoy bilan Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etdi.



Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?