O‘zbekiston Prezidenti Xitoy rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi

14:35 09 Iyun 2018 Siyosat
310 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sindao shahrida o‘tayotgan SHHT sammiti doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi.

Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevni Xitoyga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli strategik sherikchilik va ko‘p formatli hamkorlikka katta ahamiyat qaratishini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida muvaffaqqiyatli raislik va Sindao sammiti yuqori darajada tashkillashtirilgani bilan Xitoy rahbarini tabrikladi.

O‘zbekiston bilan Xitoy munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. O‘zaro manfaatli hamkorlik barcha muhim sohalarni qamrab olgan va izchil rivojlanib bormoqda. 2017 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarni tashkil etgan.

Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida 700 dan ziyod korxona, qator kompaniyalar vakolatxonalari ochilgan. O‘zaro hamkorlikda sanoat, yuqori texnologiyalar, neft-gaz, kimyo, transport va logistika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Xitoy hamkorligining bugungi holati atroflicha tahlil qilindi. Iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport kommunikatsiyalari, yuqori texnologiyalar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Ushbu hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga ikki mamlakatlar o‘rtasida hududlararo aloqalarni rivojlantirish muhimligi alohida qayd etildi.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar tashkiloti, SHHT va boshqa tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanligi qayd etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?