Oʻzbekiston Prezidenti Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyuradi

19:39 22 Mart 2019 Siyosat
293 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayon taklifiga binoan joriy yilning 
24 — 26 mart kunlari rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklarida boʻladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif dasturidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Abu Dabi Amirligi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari Oliy bosh qoʻmondoni oʻrinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon hamda BAA vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan uchrashuvlari oʻrin olgan.

Muzokaralar kun tartibiga koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, bank-moliya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy aloqalarni mustahkamlash masalalari kiritilgan.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

Tashrif yakunida Oʻzbekiston Respublikasi va BAA oʻrtasida Qoʻshma bayonotni qabul qilish, investitsiyalar, moliya, qayta tiklanadigan energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi, bojxona maʼmuriyatchiligi, mehnat resurslari, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari “Masdar-siti” texnoparki faoliyati bilan tanishishi, qator sanoat, ijtimoiy va boshqa obyektlarga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?