Oʻzbekiston Prezidenti AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasida alohida topshiriqlar boʻyicha elchisini qabul qildi

23:05 18 Sentyabr 2018 Siyosat
233 0

Oʻzbekiston Prezidenti AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasida alohida topshiriqlar boʻyicha elchisini qabul qildi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 sentyabr kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasida alohida topshiriqlar boʻyicha elchisi Samuel Braunbekni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Joriy yil may oyida Vashington shahrida boʻlib oʻtgan va Oʻzbekiston – AQSH strategik sherikligida yangi davrni boshlab bergan oliy darajadagi muzokaralar natijalari yuksak baholandi.

Oʻzbekiston inson huquqlari, jumladan, diniy erkinlik va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash sohasidagi konstruktiv muloqotni rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratayotgani taʼkidlandi. Prezidentimiz qayd etganidek, Oʻzbekistonning din sohasidagi siyosati barcha konfessiya vakillari uchun teng sharoitlar yaratishga asoslangan.

Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida diniy-maʼrifiy sohadagi faoliyatni tubdan takomillashtirishga oid aniq choralar koʻrildi.

Bagʻrikenglik, mehr-oqibat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, bilimga chanqoqlik kabi xalqimiz maʼnaviy-axloqiy hayotining ajralmas jihatlarini yanada yuksaltirish va targʻib etish, diniy-madaniy merosni asrab-avaylash boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. 

Mamlakatimizda islom dinining haqiqiy insonparvar mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

Oʻzbekiston BMT Bosh Assambleyasining barcha uchun taʼlim olish imkoniyatini taʼminlash, bagʻrikenglik va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, vijdon, din erkinligi va eʼtiqod qiluvchilarning boshqa huquqlarini himoya qilishga qaratilgan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik“ nomli maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Samuel Braunbek samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, AQSH Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli oʻzgarishlarni qadrlashini va qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

Mamlakatimiz diniy erkinlik va inson huquqlarini taʼminlashda katta muvaffaqiyatlarga erishgani alohida qayd etildi.

Tomonlar Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi koʻp qirrali, jumladan, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash, bagʻrikenglik va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekani taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?